“Gazeta.uz” AQSh elchisi Jonatan Henikdan O‘zbekistonda yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi vaziyatni qanday yaxshilash mumkinligi haqida so‘radi. “Birinchi va eng muhimi — xavfsizlik kamarlarini taqish. Biz bekorga avtomobillarni xavfsizlik kamari bilan jihozlamaymiz”, — dedi u.
Nurobod tumanida 5 kishini Angliyaga noqonuniy ishga yubormoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi. U fuqarolardan buning uchun 10 400 dollar olgan.
Toshkent shahri aholisi geonom.tashkent.uz sayti orqali Uchtepa tumanidagi ayrim nomsiz ko‘chalarni nomlash yoki qayta nomlash (jami 187 ta) yuzasidan o‘z fikrini bildirishi mumkin. Jarayon 3-sentabrgacha davom etadi.
Sud faxriysi Mashkura Safayeva kasallik oqibatida 74 yoshida vafot etdi. U 14 yil Oliy sud sudyasi, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi, Qonunchilik palatasi deputati, spiker o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.
O‘zbekistonda Vodafone va Nokia kompaniyalari ishtirokida yangi uyali aloqa operatori tashkil etiladi, dedi tadbirkor Farhod Mamajonov prezidentga. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya 5G Standalone tarmog‘ini o‘rnatadi. Investitsiyalar hajmi 250 mln yevroga baholanmoqda va u 2025-yil boshida ishga tushishi kutilmoqda.
Rossiyaning tashqi savdosi, G‘arb sanksiyalariga qaramay, Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi vositachilar tufayli “gullab-yashnashda” davom etmoqda. Sanksiyalardan qochishga yechim topish uchun Yevropa Ittifoqi ushbu mamlakatlar hukumatlaridan yordam so‘rashi kerak, biroq bu oson ish emas, deb yozdi The Economist.
Ozarbayjon BRIKSga a’zo bo‘lish uchun rasman ariza topshirdi. Ittifoq so‘nggi bor 2024-yil yanvarida kengaygandi, o‘shanda unga beshta davlat, jumladan, BAA va Eron ham qo‘shilgan.
AQSh prezidenti Jo Bayden Demokratik partiya qurultoyida prezidentlik faoliyatini sarhisob qilib, xayrlashuv nutqini irod etdi. U yana “demokratiyani saqlab qolish” uchun Donald Trampni mag‘lub etishga chaqirdi va Kamala Harrisni qo‘llab-quvvatlab, tajribali va nihoyatda halol deb atadi.
O‘zbekiston xalqaro aeroportlarida maymunchechak kirib kelishining oldini olish choralari kuchaytirildi: xodimlarga kasallik alomatlari tushuntirildi, harorati yuqori yo‘lovchilarni aniqlash uskunalari o‘rnatildi. Kasallik tarqalayotgan Afrika davlatlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar yo‘q, dedi Uzbekistan Airports.
Hindiston portlaridagi konteynerlarni O‘zbekistonga tashishda yangi multimodal yo‘nalish ochildi. Sinov tashuvlari muvaffaqiyatli bo‘ldi: tovarlar Hindistondan avval Eronning Bandar-Abbos portiga, u yerdan esa Turkmaniston orqali Sergeli stansiyasiga yetkazildi. Buning uchun 20 kun kerak bo‘ldi.
Prezident yer sotishdan tushgan mablag‘larni buzilishlar bo‘yicha tadbirkorlardan qarzni so‘ndirishga yo‘naltirish, kredit operatsiyalarida bank va biznes huquqlarini tenglashtirish, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun jazoni yumshatish, bozorga kirishdagi bir qator eksklyuziv huquqlarni bekor qilishni taklif qildi.
O‘rta Chirchiq va G‘allaorol tumanlaridagi mahallalarda hokim yordamchisi bo‘lib ishlovchi ikki nafar shaxs pora bilan ushlandi. Biri ijaraga yer olib berish uchun fuqarodan 15 ming dollar so‘ragan, boshqasi — shifoxonaga ishga kiritib qo‘yish uchun 1200 dollar. Ularga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
Toshkentdagi sud “Ozodlik” radiosini gaz savdosi bilan shug‘ullanuvchi Ultimo Group Limited kompaniyasi va uning asoschisi haqidagi tekshiruv yuzasidan rad etish bayonoti e’lon qilishga hamda ma’naviy zarar uchun 100 million so‘m miqdorida tovon to‘lashga majbur etdi. “Gazeta.uz” sud majlislarida ishtirok etdi.
1-yanvardan boshlab umumiy ovqatlanish korxonalariga QQSning bir qismi keshbek sifatida qaytariladi. Oylik aylanmasini naqd pulsiz amalga oshirganlarga esa QQSning 40 foizi to‘langan zahoti qaytariladi. QQS to‘lashga o‘tgan restoran va kafelarning foyda solig‘i 2 karraga kamayadi.
O‘zbekistonga AQShdan birinchi marta soya shroti tijoriy maqsadda import qilindi: 150 tonna soya shrotining ilk partiyasi mamlakatga yetib keldi. Mahsulot go‘sht va sut mahsulotlari yetishtiruvchilar uchun muhim ozuqa hisoblanadi. Mamlakatga soya shroti shu vaqtgacha Argentinadan kirib kelardi.
Shavkat Mirziyoyevga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonda biznes qilishning boshqa hududlarga nisbatan 3 ta ustunligi bor: imtiyozlar paketi ko‘pligi, yer ajratishning sodda tizimi, katta bozorlarga chiqish uchun qulaylik. U shuning uchun 2024-yilgi tadbirkorlar bilan ochiq muloqot mazkur hududda o‘tkazilayotganini aytdi.
Deputatlar poytaxt va Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi qonunni bekor qilishni muhokama qila boshladi. Yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishning yagona tartibini va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishning xabardor qilish tizimini joriy etish taklif etilmoqda.
Namangan viloyati Uychi tumanida 3 magnitudali yer silkinishi qayd etildi. Zilzila epitsentri Toshkentdan 219 km uzoqda joylashgan.
O‘zbekistonning JSTga kirishi — chuqur o‘ylangan va uzoqni ko‘zlagan tanlov, qolaversa, islohotlarning ajralmas bir qismi, dedi prezident. “Iqtisodiyotimizga oldinlari proteksiya qaysidir ma’noda kerak edi. Yana shu yo‘lda davom etsak, imkoniyatlarimiz cheklanib qoladi”, — dedi u ishbilarmonlar bilan uchrashuvda.
O‘zbekistonda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining tartibga solish ta’sirini baholashning soddalashtirilgan va kengaytirilgan tartiblari joriy etiladi. Xususan, iqtisodiy, ijtimoiy va atrof-muhitga ta’siri yuqori bo‘lgan loyihalar kengaytirilgan tartibda baholanadi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting