Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘onistonga tashrif buyurdi. Tomonlar tovar ayirboshlash hajmini yiliga 3 mlrd dollarga yetkazmoqchi. “Tolibon”, shuningdek, Afg‘oniston yuklarining O‘zbekiston orqali tranziti uchun to‘lovlarni kamaytirishni so‘ragan.
Shanxaydan Frankfurtga uchayotgan Lufthansa aviakompaniyasi samolyoti ikki yo‘lovchining janjali tufayli Toshkent aeroportiga qo‘ndi.
Humo to‘lov tizimi faoliyatidagi muammolar dasturiy ta’minot to‘liq yangilangani bilan bog‘liq, deya ma’lum qildi O‘zbekiston Markaziy banki rahbari Mamarizo Nurmuratov.
Prezident Qarshi tumanidagi ta’mirdan chiqqan 12-maktabga tashrifidan so‘ng amalga oshirilgan ishlardan norozi bo‘lib, bosh vazir o‘rinbosalari Achilbay Ramatov va Jamshid Qo‘chqorovga maktablarni qurish va ta’mirlash jarayonlari hamda mablag‘larning maqsadli sarflanishi ustidan nazorat o‘rnatish bo‘yicha topshirib berdi.
Uchinchi chorakda O‘zbekiston Markaziy banki 19,5 trln so‘mga oltin sotib oldi, biroq 22,8 trln so‘mlik (1,9 mlrd dollar) valyuta intervensiyalarini amalga oshirdi.
Toshkentda Vaksina va zardoblar instituti hududida ko‘p qavatli uy va tadbirkorlik majmuasini qurishga tayyorlanayotgan kompaniya va aholi o‘rtasidagi qarama-qarshilik davom etmoqda. Faollardan biri mitingga chaqiriq aybi bilan javobgarlik haqida ogohlantirilgan bo‘lsa, 3 nafar fuqaro jarimaga tortilgan.
Prezident administratsiyasining Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbariga Asilbek Xudayarov birinchi o‘rinbosar bo‘ldi. Shuningdek, Gayane Umerova departament rahbari o‘rinbosari lavozimiga kirishdi. Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i bo‘lgan Jobir Azimov esa prezident maslahatchisi o‘rinbosari etib tayinlandi.
2021-yil mart oyida firibgarlikda ayblanib 8 yilga qamalgan Avto 60 oy asoschisi Jamshid Bahodirov ozodlikka chiqdi, deb yozdi Kun.uz. Oliy sudning “Gazeta.uz”ga tushuntirishicha, belgilangan muddatning uchdan bir qismini o‘tab bo‘lganidan keyin uning jazosi yengillashtirilgan.
YHXBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan Jamshid Karimov Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasiga rahbar etib tayinlandi.
Hukumat O‘zbekistonga telefon olib kirish bo‘yicha cheklovlarni yumshatdi. Shu paytgacha jismoniy shaxslar har 6 oyda faqat bitta telefon olib kirgan bo‘lsa, 2024-yilning 28-yanvaridan har safar chegaradan o‘tishda 2 ta olib kirishlari mumkin, lekin ularni majburiy deklaratsiyalash lozim.
Prezident Qashqadaryo faollari bilan suhbatda har kim lavozimi va bugungi sharoitga munosib mehnat qilmasa, ancha narsadan orqada qolib ketishi haqida gapirdi. “Biz qancha ko‘p mustaqil, iqtisodimiz mustahkam bo‘lsa, biz bilan hisoblashishlariga majbur qilamiz. Nimamiz bilan? Faqat mehnatimiz bilan”, dedi u.
Internetda 30-oktabrdan boshlab Chevrolet avtomobillarini xarid qilish bo‘yicha shartnomalar qayta tiklanishi haqida mish-mishlar tarqaldi. UzAuto Motors kompaniyasi bu ma’lumotni rad etib, dilerlik markazlarida katta navbatlar hosil bo‘lganini ma’lum qildi.
Qo‘qon shahrida mayning qurilmalari, sovitish va yoritkich moslamalarini elektr tarmog‘iga noqonuniy ulab olgan fuqaro davlatga 2,5 mlrd so‘m zarar yetkazgani aniqlandi. Unga nisbatan 9,9 mlrd so‘m jarima va mayning ferma uchun 12,3 mlrd so‘m mablag‘ undirish belgilandi.
Huquq-tartibot idoralari Falastinni qo‘llab-quvvatlash uchun yakshanba kuni ruxsat etilmagan miting o‘tkazishni rejalashtirgan fuqarolarni javobgarlikka tortdi. Manbalarga ko‘ra, Amir Temur xiyoboniga 100 dan ortiq odam yig‘ilgan.
Riga shahrida O‘zbekistonning Boltiqbo‘yidagi birinchi faxriy konsulligi ochildi. Unga shahardagi O‘zbekiston cavdo uyi rahbari Vladimir Galperin konsul etib tayinlandi.
Dog‘iston poytaxti Maxachqal’a aeroportida olomon “yahudiylarni respublikadan chiqarib yuborishni talab qilib” to‘plandi. Aeroportga kirgan odamlar tartibsizlik uyushtirib, Isroildan kelgan yo‘lovchilarni so‘roq qildi. Tartibsizliklar oqibatida 20 dan ortiq kishi jabrlandi. Holat yuzasidan jinoiy ish ochildi.
Toshkent xalqaro aeroportiga yetib kelganlarni endilikda balandligi 62 m bo‘lgan O‘zbekiston bayrog‘i kutib oladi, uning atrofida 38 ta kichikroq bayroq o‘rnatilgan. Ular shaharda o‘tkazilayotgan tadbirlar va xorijiy delegatsiyalarning tashriflariga qarab o‘zgaradi.
Dushanba kuni O‘zbekistonning katta hududida havo harorati iliq bo‘ladi. Seshanba kuni yomg‘ir yog‘ib, baland tog‘larda qor ham yog‘ishi mumkin. Noyabr oyi boshidan yog‘ingarchilik to‘xtaydi. Hafta yakunigacha kunlar iliq bo‘ladi. Harorat +17…+22 daraja atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Prezident Qarshi tumanidagi 12-maktabga borib, muassasa sharoitini tanqid qildi. Tashrifni yoritgan “O‘zbekiston 24” kanalida o‘qituvchilar “maoshi oshib, mavqei yuksalsa-da, maktab hovlisini gullatib, yashnatib qo‘ymagani” ta’kidlandi. Jamoatchilik pedagoglarni mehnatga majburlash taqiqlanganini eslatdi.
O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiylari Koreyada NATO standartlari asosida o‘tkazilgan xalqaro musobaqada g‘olib bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin esa AQSh va Koreya jamoalariga nasib etdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting