O‘zbekiston bo‘ylab salkam 6 ming nafar davlat xizmatchisi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ular orasida ovqat hazm qilish organlari (surunkali gastrit), yurak-qon tomir (arterial gipertoniya), asab tizimi (osteoxondroz), ko‘z va endokrin (qandli diabet va semizlik) kabi kasalliklar aniqlandi.
Toshkentdan Moskvaga uchgan Uzbekistan Airways samolyoti 210 nafar yo‘lovchi bilan aeroportda 4 soat davomida qolib ketdi. Voqeaga sabab deya ob-havo sharoitining talabga javob bermagani, shuningdek, bortdagi ayol o‘zini yomon his qila boshlagani keltirildi.
Prezident Administratsiyasi sho‘’ba mudiri Saida Mirziyoyeva Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan ayollarni tabrikladi. U xotin-qizlar zo‘ravonlik, zararli stereotiplar va kamsituvchi muomala obyekti bo‘lmasligini ta’kidladi. «Ular tabiiy ravishda jamiyatning teng huquqli a’zosi bo‘lsin, deyman» — dedi u.
«Yuksalish» umummilliy harakati O‘zbekistondagi faol rahbar ayollar ro‘yxatini tuzdi. Unga «davlat siyosatini shakllantirishda va qarorlar qabul qilishda faol ishtirok etayotgan» ayollar kiritildi.
O‘zbekiston Adliya vazirligi qonunchilikda ayollarga qanday imtiyoz va yengilliklar ko‘rsatib o‘tilgani bo‘yicha ma’lumot berdi.
Surxon davlat qo‘riqxonasida «Qizil kitob»ga kiritilgan morxo‘r otib o‘ldirildi. Oqibatda yovvoyi hayvonot dunyosiga 180 mln so‘m zarar yetdi. Uni ovlaganlar jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Toshkentda O‘zbekiston, Eron, Xitoy, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va Rossiyaning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillari ilk bor uchrashdi. Ular de-fakto afg‘on hukumatini ayollarning mehnat va ta’lim olish huquqini ta’minlash, terrorchilik guruhlarini yo‘q qilish bo‘yicha samaraliroq choralar ko‘rishga chaqirdilar.
Xotin-qizlarni 8 mart bayrami bilan tabriklagan Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Iqtisodiy erkinlik indeksida o‘z o‘rnini yaxshilagani, vizasiz borish mumkin bo‘lgan davlatlar, Samarqandda hamkasbini to‘shakka taklif qilgan «elektroset» yuristi qamoqqa olingani va boshqalar — «Gazeta.uz»ning kun dayjestida.
O‘zbekiston Iqtisodiy erkinlik indeksida o‘z o‘rnini 8 pog‘onaga yaxshilagan holda 109-o‘rinni egalladi. Mamlakat soliq yuki, investitsiyalar va savdo erkinligi bo‘yicha ilgariladi, lekin davlat xarajatlari va fiskal siyosat borasidagi holati yomonlashdi.
Qirg‘iziston hukumati piyoz va sarimsoq eksportiga qo‘yilgan taqiqni muddatidan oldin bekor qildi. Cheklovlar kutilgan uch oy o‘rniga bir oydan sal ko‘proq vaqt davomida amal qildi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida ayollarni ushbu bayram bilan tabrikladi. «Oilada bir nafar qiz o‘qib, oliy ma’lumotga, zamonaviy kasb-hunarga ega bo‘lsa, xonadondagi muhit butunlay o‘zgaradi», — dedi u o‘z nutqida.
Parijdagi Luvr muzeyida O‘zbekiston madaniy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazma yakunlandi. Noyabr oyida uning ochilishida Shavkat Mirziyoyev va Emmanuel Makron ishtirok etgandi. Shu vaqt oralig‘ida ekspozitsiyaga 260 mingdan ortiq kishi tashrif buyurdi.
Tabiat resurslari vazirligi Zomin va Qizilqum qo‘riqxonalaridagi fotoqopqonga tushib qolgan Turkiston silovsini va Buxoro bug‘ulari hamda pushti saqoqushlar suratlarini namoyish etdi. Ularning barchasi O‘zbekiston «Qizil kitob»iga kiritilgan.
Konstitutsiyaning 29-moddasini «axborotni izlash, olish va tarqatishga bo‘lgan huquqni xalqning sog‘lig‘i va ma’naviyatini himoya qilish maqsadida cheklash» bilan to‘ldirish taklif etilmoqda. Shunga qaramasdan, fikr yuritishni cheklash bilan bog‘liq norma uni nazorat qilish imkonsizligi sababli chiqarib tashlanmoqda.
Senatorlar bolani xorijda nazoratsiz qoldirganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni belgilovchi o‘zgartirishlarni ma’qulladi.
Marg‘ilonda 20 yoshli yigit janjal sabab onasini pichoqlab o‘ldirdi. Unga nisbatan 12 yil qamoq jazosi tayinlandi.
Uzbekistan Airports kompaniyasi O‘zbekiston fuqarolari uchun xorijga chiqishda viza talab etilmaydigan va vizasiz belgilangan muddatlarda yurish mumkin bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatini taqdim etdi.
Qozog‘istonda korrupsiyaga qo‘l urgan amaldorlardan musodara qilingan pullarga 70 ta maktab qurish rejalashtirilmoqda. Loyiha mamlakatning barcha hududlarini qamrab oladi. Hozirgacha bunday pullardan 120 mlrd tenge Moliya vazirligi hisobiga o‘tkazib berilgan.
Samarqand xalqaro aeroportida 29 yoshli ayolni BAAga fohishalik bilan shug‘ullanish uchun jo‘natmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi.
2022 yilda chet elda ota-ona qaramog‘isiz qolib ketgan 43 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi. Xususan, ular Rossiya, Qozog‘iston va Turkiyadan olib kelingan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting