Prezident Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Ozarbayjonda bo‘ladi. Davlat rahbari Bokuda bo‘lib o‘tadigan Qo‘shilmaslik harakati sammitida ishtirok etadi. Mazkur harakat harbiy-siyosiy bloklar va tashkilotlarda ishtirok etmaslikni o‘z tashqi siyosatining asosi etib e’lon qilgan 120 ta davlatni birlashtirgan.
AQSh davlat kotibi Entoni Blinken boshchiligidagi Amerika delegatsiyasi Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘ndi. Toshkentda uning «mintaqaviy va ikki tomonlama masalalar bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish» bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishi rejalashtirilgan. U 1 mart kuni Hindistonga jo‘nab ketadi.
Toshkent hokimligi «Rosatom»ning energiya samaradorligi va infratuzilma yechimlari loyiha byurosini O‘zbekiston poytaxtining elektr va issiqlik ta’minotini yaxshilash hamda kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilishga jalb etmoqchi.
Yaponiya O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga Urganchdagi maktabda sanitariya holatini yaxshilash hamda Termizdagi ikkita bog‘chani o‘quv jihozlari bilan ta’minlash uchun grantlar ajratdi.
O‘zDJTSU Farg‘ona filialida o‘tkazilgan kasbiy imtihonlarda 356 nafar abituriyent to‘plagan ballarga soxta yozuvlar kiritilib, ularning 322 nafariga ball qo‘shib berilgani, 34 nafarining ballari esa kamaytirilgani aniqlandi. Natijada yuqori ball to‘plagan 145 nafar abituriyent o‘qishga kira olmagan.
O‘zbekiston va Pokiston savdo hajmini 1 mlrd dollarga yetkazish uchun savdogarlarni qo‘llab-quvvatlash vositalarini joriy etish, avtomobil va tranzit tashish tartib-qoidalarini uyg‘unlashtirish hamda ikki davlat o‘rtasida elektron tijoratni rivojlantirishni o‘z ichiga olgan harakatlar rejasini kelishib oldi.
Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan O‘zmilliybank, Mikrokreditbank, Aloqabank, Turonbank, Qishloqqurilishbank, Asakabank, Kapitalbank, Anorbank va Ravnaq-bank yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun ogohlantirildi.
Qoraqalpog‘istondagi iyul voqealari bo‘yicha jinoiy ishda sudlangan Dauletmurat Tajimuratovning ukasi va advokati Rinat Tajimuratov O‘zbekiston Oliy sudiga apellyatsiya shikoyatini kiritdi. U jazoni yengilrog‘iga almashtirish va moddiy zararni to‘lashdan ozod qilishni so‘radi.
1−8 mart kunlari Food City savdo majmuasida bahorgi yarmarka va chegirmalar aksiyasi bo‘lib o‘tadi.
Samarqand-Toshkent yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan Isuzu Sirdaryo yo‘l-patrul xizmati maskanida to‘xtatilganda unda iste’molga yaroqsiz salkam 2,6 tonna go‘sht borligi aniqlandi. Holat yuzasidan surishtiruv olib borilmoqda.
Urgut tumanidagi maktabda direktor o‘quvchini urgani oqibatida bolaning quloq pardasi yirtilgandi. Sud hukmiga ko‘ra, sobiq direktorga nisbatan 2 yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Shuningdek, uning 3 yilga ta’lim sohasida mansabdor sifatida ishlashi taqiqlandi.
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi etib belgilandi. Davlat nazorati organlari o‘rtasida yuqori xavf tug‘diradigan mahsulot haqida tezkor xabar berish tizimi yaratiladi.
Prezident qarori bilan AI-80 benzini uchun aksiz solig‘ini «nol» stavkada qo‘llash muddati 2023 yil 31 dekabrga qadar uzaytirildi. Shunga ko‘ra, benzin narxi mart oyidan oshmaydi.
28 fevral yovvoyi hayvon va qushlarni ovlashga ruxsat etilgan so‘nggi kun bo‘lib, 1 martdan ov mavsumi yakuniga yetadi. Ovchilardan ularga berilgan yo‘llanmalarni 10 kun muddatda tegishli tartibda topshirish so‘raldi.
UzAuto Motors yangilangan Chevrolet Malibu XL sotuvi boshlangani haqida xabar berdi. Redline liniyasi uslubida ishlab chiqilgan avtomobillar 3 ta komplektatsiyada taqdim etilib, 334,8 mln so‘mdan 374,1 mln so‘mgacha (QQSsiz) sotiladi.
Xo‘jaylidagi 21-maktab direktori xodimlardan komissiya uchun 20 ming so‘mdan yiqqani sababli ishdan bo‘shatildi. Mablag‘ bannerlarni yangilash maqsadida yig‘ilgani aytilmoqda, ammo xodimlar pul komissiyani ovqatlantirish uchun sarflanishini bildirdi.
DXX xodimlari prokuratura, sud, Milliy gvardiya va advokatura xodimlarini qo‘lga oldi. Ularga firibgarlik, pora olish kabi ayblovlar qo‘yilgan.
FIFA 2022-yilning eng yaxshilarini taqdirladi: Lionel Messi eng yaxshi futbolchi, Emiliano Martines eng yaxshi darvozabon, Lionel Skaloni esa eng yaxshi murabbiy bo‘ldi. Ularning barchasi 2022-yilda jahon chempioni bo‘lgan Argentina terma jamoasi a’zolaridir.
Nodavlat ta’lim tashkilotlarida axborot texnologiyalari sohasida o‘qiyotgan yoshlarga ta’lim kreditlari ajratiladi. Ular BHMning 65 baravarigacha bo‘lgan miqdorda 1 yillik imtiyozli davr bilan 4 yil muddatgacha 14 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan shaxslarga beriladi.
Namangan tumanida Damas haydovchisi qoidalarga zid ravishda 25 nafar bog‘cha bolasini olib ketayotgani aniqlandi. Unga ogohlantirish berilib, o‘rnatilgan tartibda chora ko‘rildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting