FAO rahbari Suy Dunyu O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan SHHT sammitida ilgari surilgan 2023 yilda oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro anjuman o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi xorijdagi vatandoshlarni chet el davlatlar qurolli kuchlari safiga qo‘shilmaslik va jangovar harakatlarda qatnashmaslikka chaqirib, buning uchun jinoiy javobgarlikdan ogohlantirdi. Avvalroq Rossiyada Qurolli Kuchlarda xizmat qilgan xorijliklarga fuqarolik berish osonlashtirilgandi.
Qozog‘istonda muddatidan oldin prezidentlik saylovlari 20 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. «Bu saylovlar butun siyosiy tizimni tubdan «qayta yuklash»ga olib keladigan saylov siklini boshlab beradi», — dedi prezident Qasim-Jomart Tokayev.
Germaniyada rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonovga aloqadorligi aytilayotgan 24 ta obyektda tintuvlar o‘tkazildi, deb yozadi OAV. Milliarder Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini buzganlikda gumonlanmoqda.
Namanganda aholi xonadonlariga taqab metan «zapravka» qurilmoqda. Qurilish zarur hujjatlar rasmiylashtirilmasdan boshlangan. Kun.uz nashrining ma’lum qilishicha, qurilish tepasida Namangandagi ko‘plab AGTKSlar egasi, viloyat hokimining qudasi turgan bo‘lishi mumkin. Maqola muallifi trollar hujumiga uchradi.
Forbes Russia tomonidan e’lon qilingan O‘zbekistondagi eng ishonchli 10 ta bank reytingida NBU, Ipoteka bank, Sanoat qurilish bank peshqadam bo‘lishdi.
«O‘zbekiston temir yo‘llari» 34 ta elektropoyezd, 6 ta dizel poyezdi va 100 dan ortiq yangi yo‘lovchi vagonlarni xarid qilishni rejalashtirmoqda. Tashkilot bu borada Alstom, Siemens, Ssoda va Hyundai kabi kompaniyalar bilan muzokaralar olib bordi.
Shavkat Mirziyoyev 21 sentabr kuni kimyo sanoatida erishilgan asosiy ko‘rsatkichlar va rejalashtirilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Unda Kimyo zavodlarida ilg‘or tajriba va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ulardagi davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiyadagi O‘zbekiston fuqarolaridan ruxsat berilmagan ommaviy namoyishlarda ishtirok etmaslikni so‘radi. Avvalroq «Vesna» harakati 21 sentabr kuni e’lon qilingan qisman safarbarlikka qarshi norozilik namoyishi qilishga chaqirgandi.
Toshkentning Yangihayot hamda Bektemir tumanlarining jami 1400 gektar maydonida yangi shaharcha bunyod etiladi, dedi Yangihayot hokimi Hayot Inog‘omov. Hozirda uning master rejasi ishlab chiqilmoqda. «Toshkent markaziga chiqmay, shu yerda ishlab, shu yerda yashasa bo‘ladi», — dedi hokim.
Qozog‘iston, Armaniston, Turkiya va Vetnamdagi ayrim banklar AQSh Moliya vazirligining ikkilamchi sanksiyalar xavfi haqidagi ogohlantirishi ortidan Rossiyaning “Мир” to‘lov tizimi kartalariga xizmat ko‘rsatishni cheklamoqda. O‘zbekiston Markaziy banki hozircha vaziyatga izoh bermadi.
Fuqarodan ko‘rilayotgan jinoyat ishni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali ijobiy hal qilib berish evaziga 8 ming AQSh dollari talab qilgan advokatlar qo‘lga olindi. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi.
Hukumat qarori bilan qishloq hududlarida xorijiy tillarni o‘qitish faoliyatini tashkil etish uchun tadbirkorlarga 50 mln so‘mgacha bir martalik subsidiya ajratiladi. Talabgor subsidiya olish uchun elektron tartibda murojaat yo‘llaydi. Mazkur yangilik 1 oktabrdan amalga kiritiladi.
Toshkent shahrining Olmazor tumanida fuqarolar yetti qavatli uyning tomiga qo‘shimcha qavat qurilayotgani yuzasidan norozilik bildirdi. Kompaniya mansarda qavat va tom qismiga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish kiritgan, shu bois tegishli da’vo arizasi sudga yuboriladi, deya ma’lum qildi Qurilish vazirligi.
Markaziy bank 21-sentabr kungi o‘zbek so‘mining AQSh dollariga nisbatan rasmiy kursini 10 950,46 so‘m etib belgiladi. Ushbu qiymatdan kelib chiqib tijorat banklari ham o‘z takliflarini yangiladi.
Rossiyada qisman safarbarlik e’lon qilindi, u 21 sentabrdan boshlanadi. Zaxirada turgan 50 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar safarbarlikka jalb etiladi.
Sirdaryo viloyatida daryo qirg‘og‘idagi 4,5 gektar yerni 240 ming dollarga sotishga uringan shaxslar kelishilgan pulning 13 ming dollarini olayotgan vaqtda ushlandi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hukumat qarori bilan xususiy tashkilot xodimlariga homiladorlik nafaqasini davlat tomonidan to‘lash tartibi belgilandi. Nafaqa farzand tug‘ilgunigacha 1 992 000 so‘mga yaqin miqdorda beriladi. Plastik karta orqali oyning 10-sanasigacha, naqd ko‘rinishda esa 27-sanasigacha taqdim etiladi.
21 sentabr kuni Samarqand xalqaro aeroportida FlyDubai aviakompaniyasining Dubay — Samarqand yo‘nalishidagi ilk havo kemasi kutib olinadi. Aviakompaniya tomonidan yangi yo‘nalishdagi parvozlar haftaning chorshanba va shanba kunlari amalga oshiriladi.
Qurilish vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan O‘ktam To‘rayev Termiz shahriga hokim etib tayinlandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting