Prezident loyihalash va qurilish sohasida yangi tizimni e’lon qildi. Hududlarning bosh va master rejalarini ishlab chiqish bo‘yicha Respublika kengashi tuzilmoqda. Ular 3 bosqichda tashkil qilinadi. Bosh arxitektor lavozimi joriy etildi, shaharsozlik qoidalaridan 147 ta norma va boshqalar chiqarib tashlanmoqda.
JSST so‘nggi ikki hafta ichida dunyoda COVID-19 bilan kasallanish sezilarli darajada oshganini e’lon qildi. Asosan omikron shtammining mavjud kichik turlari tarqaldi, ammo yangilari ham aniqlangan. Tashkilot buster vaksinatsiyaning ahamiyatini eslatdi.
Qoraqalpog‘istonda 30 gektar maydonda «Nukus texnoparki» maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi. Energiya tejamkor ekologik xavfsiz ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish texnopark faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘ladi. Unga mahalliy va xorijiy investorlar jalb etiladi.
O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi yangi bitimni dastlabki imzolash marosimi o‘tkazildi. Ushbu hujjat 1996 yilda qabul qilingan bitimning o‘rnini egallashi va tomonlarning hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.
Metroning «Yerusti halqa yo‘li» yo‘nalishidagi 7-bekati yo‘l o‘tkazgich o‘rnatilishi sababli 11 iyuldan 18 iyulga qadar yopiladi. Qolaversa, 11 iyuldan avgustga qadar yo‘nalishdagi poyezdlar soat 05:00 dan 23:00 gacha ishlaydi.
Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanidagi umumiy ovqatlanish shoxobchalaridan birida 37 kishi «nonburger» dan zaharlandi. Ularning 17 nafari shifoxonaga yotqizildi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Qoraqalpog‘istonda uyali aloqa va Internet «soxta yangiliklarni tarqatib, dushman kayfiyatdagi kuchlar fuqarolarni aksilkonstitutsiyaviy faoliyatga ommaviy ravishda jalb qilishga uringanlari» sababli cheklanganini ma’lum qildi.
Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istondagi namoyishlarda o‘z yaqinlarini yo‘qotgan oilalarga hamdardlik bildirdi. Davlat rahbari voqealarda ishtirok etgan barcha tomonlar harakatiga adolatli baho berishni topshirdi. Kuch tuzilmalari tomonidan noto‘g‘ri kuch ishlatilgan bo‘lsa, jinoiy javobgarlik ta’minlanishi aytildi.
Bahraynda bo‘lib o‘tayotgan sport kurashlari bo‘yicha U20 Osiyo chempionatining birinchi kunida o‘zbekistonlik polvonlar to‘rtta — bitta oltin, ikkita kumush va bitta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
AQSh dollarining so‘mga nisbatan rasmiy kursi 27,73 so‘mga qimmatlab, 10 887,87 so‘m etib belgilandi. Yevro va rubl kurslari esa yana pasaydi.
Musulmonlar idorasi Qurbon hayiti namozi vaqtlarini e’lon qildi. Hayit namozi Toshkent shahrida soat 05:20da, boshqa hududlarda namoz vaqtidagi tafovutni inobatga olib o‘qiladi.
SSV vaziri Behzod Musayev diplom va malakasi yo‘q shaxs yosh bolani qiynab, massaj qilgan holatga munosabat bildirdi. Vazir ota-onalardan «ruxsatnoma va malakaga ega bo‘lmagan kimsalarga farzandlarining taqdiri va salomatligini ishonib topshirmasliklarini» so‘radi.
Joriy yilda oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun test sinovlari ochiq havoda o‘tkaziladi, deb xabar berdi Davlat test markazi.
9 va 10 iyul kunlari poytaxt avtobuslari yakshanbalik, 11 va 12 iyul kunlari esa shanbalik jadval asosida harakatlanadi.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Mishel Bachelet Qoraqalpog‘istondagi voqealarni shaffof va mustaqil tergov qilish kerakligini ta’kidladi va internetga ulanishni cheklamaslikka chorladi.
6 iyul kuni Toshkent shahar IIBBga Yashnobod tumanidagi Zo‘r TV telekanali binosi minalashtirilgani to‘g‘risidagi xabar kelib tushdi. Hudud o‘rganilganda, xabar tasdiqlanmadi. Boshqarma tergov olib bormoqda.
Xorijda ishga joylashtirishni va’da qilayotgan xususiy bandlik agentliklarining aksariyati fuqarolarni aldaydi, deya xabar berdi Mehnat vazirligi. O‘zbekistonda atigi 6 ta xususiy agentlik xorijda ishga joylashtirish uchun litsenziyaga ega, yana 3 tasining faoliyati to‘xtatilgan.
Jizzax viloyatida «Huaxin» o‘zbek-xitoy qo‘shma korxonasida mexanizator bo‘lib ishlovchi xitoylik fuqarosi Man Ming zavodda kuchukka shavqatsiz munosabatda bo‘lgani aniqlandi. Zafarobod tuman IIB uni ma’muriy jarimaga tortdi.
Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori Adxam Bekmurodov xorij tajribasidan kelib chiqib, 4 kunlik ish haftasiga o‘tish taklifini bildirdi. Shuningdek, u Mehnat vazirligidan so‘rovnomalar orqali davlat tashkilotlarida mehnat unumdorligini baholab chiqishni so‘radi. Mazkur xabar Daryo nashridan o‘chirildi.
1 sentabrdan barcha avtomaktablarning reytingi tuziladi. Bunda bitiruvchilarning «prava» uchun imtihondagi natijalari, jarima ballari, YTH sodir etganligi, qolaversa, ilmiy darajaga ega o‘qituvchilar soni inobatga olinadi. Yakunda maktablar «yashil», «sariq» va «qizil» toifalarga ajratiladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting