Prezident 2023 yildan boshlab texnikumdan oliygohga imtihonsiz kirish mexanizmi bekor qilinishini ta’kidladi. OTMlardagi kamida 60 ta yo‘nalish texnikumlarga o‘tkaziladi. Shuningdek, 1 yanvardan ilmiy darajasi bor texnikum o‘qituvchilarining ish haqi oliygoh pedagoglarinikiga tenglashtiriladi.
Toshkent xalqaro aeroportida yangiyo‘llik 40 yoshli ayol 20 va 23 yoshli ikki nafar qizni aldov yo‘li bilan Turkiyaga chiqarib yuborishga uringanida qo‘lga tushdi. Unga nisbatan odam savdosi moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
O‘zbekistondagi barcha madaniyat va istirohat bog‘laridagi 1879 ta attraksionning 574 tasi texnik nosoz ekanligi aniqlandi. Shundan eng ko‘pi Qoraqalpog‘iston, Andijon, Farg‘ona, Qashqadaryo va Namangan hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Poytaxtda esa 52 dona attraksionning 39 tasi (75%) yaroqsizligi ma’lum bo‘ldi.
Qozog‘istonda salonida 31 nafar o‘zbekistonlik bo‘lgan avtobus yonib ketishiga sababchi bo‘lgan yuk mashinasini O‘zbekiston fuqarosi boshqargani aytilmoqda. U yuk avtomobillari harakati taqiqlangan dovondan o‘tayotganda boshqaruvni yo‘qotgan va to‘xtab turgan 4 ta transport vositasiga urilgan.
Prokuratura Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida yigit va qiz kaltaklangan holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Juftlik ularga tuman IIB xodimlari jarohat yetkazganini ta’kidlagandi.
Prezident Oliy ta’lim vazirligida yangi vazir o‘rinbosari lavozimi joriy qilingani va unga Buxoro shahar monomarkaz rahbari Sadoqat Siddiqova tayinlanganini ma’lum qildi. U kasb-hunar maktablari va texnikumlarni boshqarish hamda metodik ta’minlashga mas’ul bo‘ladi.
Yil boshidan beri 3449 ta yong‘in sodir bo‘lib, unda 82 kishi jabrlangan, 48 kishi esa halok bo‘lgan. FVV yoz oyi boshlanishi bilan yong‘in bilan bog‘liq vaziyat ham faollashganini qayd etdi. Ta’kidlanishicha, aksariyat yong‘inlarga konditsioner, muzlatgich va quruq o‘tlar yoqilishi sabab bo‘lmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi o‘z tasarrufidagi diniy ta’lim muassasalari uchun qabul sanasi va abituriyentlardan talab etiladigan hujjatlar ro‘yxatini e’lon qildi.
O‘zbekistonlik og‘ir atletikachi Diyorbek Ermatov o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida ikkita kumush va bitta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Samarqand viloyatining Qo‘shrabot hamda Ishtixon tumanlariga yangi hokimlar tayinlandi.
AQSh Markaziy qo‘mondonligi rahbari Maykl Kurilla O‘zbekistonga tashrifini har bir mamlakat to‘qnashayotgan xavf-xatarlar va hamkorlikni mustahkamlash imkoniyatlari haqida suhbatlashishni ko‘zda tutgan «tinglash safari»ning bir qismiga qiyosladi. U maxsus kuchlar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirishni taklif qildi.
Toshkentning Bunyodkor ko‘chasida 56-yo‘nalishdagi «Isuzu» avtobusi piyodalar o‘tish joyida to‘xtagan avtomobil bilan to‘qnashib ketishdan qochishga urinib, chiroq ustuniga urildi. Avtobusda yo‘lovchilar bo‘lmagan va hech kim jarohat olmagan. Mazkur piyodalar o‘tish joyida YTH muntazam sodir bo‘ladi.
Prezident farmoni bilan Ochiqlik indeksi joriy etiladi. Unga ko‘ra, 8 ta indekator bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan tashkilotlar rag‘batlantiriladi, salbiy ko‘rsatkich qayd etganlar esa javobgarlikka tortiladi. Qolaversa, ochiqlikni ta’minlash borasida Antikorrupsiya agentligiga qo‘shimcha vakolatlar berilmoqda.
Qilichbozlik bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo chempionatida olimpiada g‘oliblarini mag‘lub etib, finalga chiqdi. Oltin medallar uchun bahslarda o‘zbekistonlik qilichbozlar Janubiy Koreya atletlariga 38:35 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘yishdi.
Samarqandda qizaloq 10-qavatidan tushib ketgan uyning loyihachi va quruvchilari javobgarlikka tortiladi. Balkondagi panjaraning pastki ochiq qismi loyihaga qaraganda kattaroq ekanligi aniqlandi. «Gazeta.uz» ko‘p qavatli uylarning kamchiliklari haqida yozgandi.
O‘zgidromet Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining tog‘oldi va tog‘li hududlarida yomg‘irlar yog‘ishi oqibatida sel kelish xavfidan ogohlantirdi. Aholi va haydovchilardan ehtiyot choralarini ko‘rishlari so‘ralmoqda.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo kubogi-2023 saralash turnirida Tailandni 2:0 hisobida mag‘lub etib, guruhni peshqadam sifatida yakunladi. Uchrashuvda Eldor Shomurodov ikkita golli uzatmani amalga oshirdi.
Chorshanba kuni tongda Qozog‘istonning Jambil viloyatida yuk mashinasi ikkita yo‘lovchi avtobusi va bitta yengil avtomobil bilan to‘qnashdi, oqibatda ularda yong‘in chiqdi. Natijada avtobusning birida bo‘lgan 31 nafar o‘zbekistonlikdan 3 nafari o‘rta darajada tan jarohati oldi. Ularga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
«Xalq nazorati» xizmati orqali kelib tushgan murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha Toshkent tumanlari reytingi e’lon qilindi. «Gazeta.uz» ushbu xizmat ishlab chiquvchilaridan reyting qanday tuzilishi va u nima uchun kerakligi haqida so‘radi.
Osiyo futbol konfederatsiyasi Iroqqa qarshi uchrashuvda muxlislar tomonidan tosh otilgani sababli O‘zbekiston yoshlar terma jamoasini jazoladi. Yaponiyaga qarshi yarim final o‘yiniga o‘zbekistonlik muxlislar qo‘yilmaydi, O‘FA esa katta jarima to‘laydi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting