Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 14,51 so‘mga pasayib, 11 370,56 so‘mni tashkil qildi. Shunindek, yevro va rubl kurslari ham pasaydi.
Toshkent viloyati Zangiota tumani hokimi yordamchisi va kadastr bo‘limining sobiq xodimi 1000 dollar pora olayotgan vaqtda qo‘lga olindi. Ular tadbirkorga turar-joy binosi qurish uchun ruxsatnoma va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berishni va’da qilishgan.
«Global Money Week-2022» doirasida Markaziy bank tomonidan 12−15 aprel kunlari yoshlar uchun moliyaviy savodxonlik bo‘yicha mahorat darslari tashkil qilinadi. Mahorat darslari har bir viloyatning «Yoshlar markaz"larida o‘tkaziladi. Darslarda qatnashuvchilarga pul bilan to‘g‘ri munosabatlar haqida bilim va ko‘nikmalar berilishi aytildi.
UzAuto Motors sanksiyalar rejimiga amal qilish doirasida Rossiyaga avtomobil sotishni to‘xtatdi, deb xabar berdi Eurasianet.
Butunjahon oltin kengashining oylik hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston fevral oyida 22 tonna oltin sotgan holda dunyo mamlakatlari orasida birinchi o‘rinni egalladi. 1 mart holatida O‘zbekistonning oltin zaxiralari 339 tonna yoki 20,72 mlrd dollarni tashkil qilmoqda.
Haftaning payshanba kunidan boshlab respublikaning turli hududlarida shamol tezligi oshib, 17−22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda. Ayrim joylarda chang to‘zoni ham bo‘lishi mumkin. Kuchli shamol 11 aprelgaa davom etishi taxmin qilinyapti.
Rossiyalik taniqli siyosatchi, Rossiya Liberal-demokratik partiyasining doimiy rahbari Vladimir Jirinovskiy vafot etdi.
Senat raisi Tanzila Narbayeva korrupsiyaviy jinoyatlarning har uchtadan bittasi sog‘liqni saqlash, ta’lim va bank tizimi xodimlari tomonidan sodir etilganini ma’lum qildi. Shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri poraxo‘rlik emas, balki firibgarlik yo‘li bilan o‘zgalar mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish holatlari ko‘paygani aytildi.
Google trends ma’lumotlariga ko‘ra, o‘zbekistonliklar oxirgi bir yil ichida asosan Hyundai va Kia avtobrendlari haqida ma’lumot izlashgan. BMW`ga asosan Sirdaryo viloyatida istiqomat qiluvchilar qiziqsa-da, Andijon, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida ham ushbu brendga qiziqish katta.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga 2023-yilga qadar O‘zbekiston tashqi savdo operatsiyalarini tartibga solishning vaqtinchalik mexanizmlarini joriy qilish vakolati berildi. Qolaversa, “O‘ztreyd” va “O‘zsanoateksport"dagi davlat ulushi Eksportni rag‘batlantirish agentligiga berildi. Bundan tashqari, yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun 500 ming dollargacha kreditlar ajratiladi.
Prezident farmoni bilan 1 apreldan mahalliy korxonalarga Yevropa Ittifoqiga yuqori qo‘shilgan qiymat mahsulotlarni eksport qilishda tashish xarajatlarining 70 foizi, qo‘shni davlatlarga tashishda esa xarajatlarning 50 foizi kompensatsiya qilinadi. Qolaversa, bojxona omborida 6 oy turgan tovarlarga imtiyoz qo‘llashni taqiqlovchi tartib ham bekor bo‘ldi.
Moskvadagi turar joy majmuasi qurilish maydonida O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari ommaviy mushtlashdi. Janjalga «ahmoq» degan so‘z sabab bo‘lgani aytilmoqda. O‘zbekiston elchixonasining konsullik bo‘limi vaziyat nazorat ostida ekanini ma’lum qildi. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi 41 nafar tojikistonlik va 85 nafar o‘zbekistonlik mehnat migranti hibsga olinganini ma’lum qildi. Ularning 20 nafariga nisbatan deportatsiya qilish chorasi qo‘llanishi kutilmoqda.
Vazirlar Mahkamasi majlisida davlat organlari matbuot xizmatlari faoliyati tanqid qilindi. Jizzax viloyatidan boshqa barcha hududlar saytida ochiq ma’lumotlar uch oygacha yangilanmagani ta’kidlandi. OAV va jamoatchilik bilan tizimli aloqalarni yo‘lga qo‘ymagani uchun Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyev va Andijon shahar hokimi Baxromjon Haydarov ogohlantirildi.
Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining qarori bilan deputat Murod Nazarovning deputatlik vakolatlari muddatidan ilgari tugatildi. U o‘z arizasiga ko‘ra deputatlikdan ketgan.
Dori vositalari va tibbiy buyumlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimi 2022−2025-yillar davomida bosqichma-bosqich joriy qilinadi. Birinchi bosqich 1-sentabrdan boshlanadi.
Poytaxtning Chilonzor tumanidagi yoqilg‘i quyish shoxobchasida uch nafar xodim benzin paridan zaharlanib, hushini yo‘qotdi. Ular Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazining toksikologiya bo‘limiga yotqizilgan.
Meteorologlar mart oyida Antarktidada rekord darajadagi yuqori haroratni (o‘rtacha oylik darajadan 40 daraja yuqori) va qit’aga xos bo‘lmagan yomg‘irlarni qayd etishdi. Antarktidadan kattaligi Rim yoki Nyu-Yorkka teng muz bo‘lagi ajralib chiqdi.
Toshkentning Olmazor tumanidagi «G‘alaba bog‘i» yodgorlik majmuasi va «Shon-sharaf» davlat muzeyi ta’mirlanayotgani tufayli bog‘ga kirish 30 aprelgacha to‘xtatiladi.
Yanvar-mart oylarida ulgurji iste’molchilar tomonidan 28 mln kubdan ortiq tabiiy gaz noqonuniy ishlatilgani ma’lum qilindi. Bu bilan gaz ta’minoti korxonalari manfaatlariga 25 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.
Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani Oqoltin MFYda fuqarolar va ichki ishlar xodimlari o‘rtasida ziddiyat yuzaga keldi. Viloyat IIB fermer o‘z dala maydonini shudgor qilayotganda aholi vakillari qarshilik ko‘rsatganini ma’lum qildi. Fuqarolar esa fermer yeridan aholiga tarqatilyapti, deb eshitib kelganlarini ta’kidladi. «Xalqqayam yer bersin, bolalarimiz Rossiyada ishsiz yuribdi», — dedi mojaro ishtirokchilaridan biri.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting