Islom sivilizatsiyasi markaziga borgan Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston nega qo‘shni davlatlarga maktab qurib berayotganini tushuntirgan XTV rahbari o‘rinbosari, Surxondaryoda ochiladigan Afg‘oniston fuqarolari uchun qisqa muddatli o‘quv kurslari, plastik kartaga pensiya oladiganlarga 1 foiz qo‘shimcha to‘lov to‘lanishi va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 8 apreldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Islom sivilizatsiyasi markaziga borgan Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston nega qo‘shni davlatlarga maktab qurib berayotganini aytgan XTV rahbari o‘rinbosari, Surxondaryoda ochiladigan Afg‘oniston fuqarolari uchun qisqa muddatli o‘quv kurslari, plastik kartaga pensiya oladiganlarga 1 foiz qo‘shimcha to‘lov to‘lanishi va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 8 apreldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Toshkentdagi mehmonxona va hostellar bandligi mart oyining so‘nggi kunlarida 83,6 foizni, respublikada esa 70,8 foizni tashkil etdi. Turizm va madaniy meros vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu raqamlar turizm sohasining tiklanishidan dalolat beradi. Yil oxirigacha O‘zbekistonda 4,5 milliongacha sayyoh kelishi kutilmoqda.
Qirg‘iziston prezidenti protokol xizmatini boshqargan Musa Jamanbayev mamlakatning O‘zbekistondagi elchisi etib tayinlandi.
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanning Bryusseldagi uchrashuvida ikki davlat o‘rtasida tinchlik shartnomasini tayyorlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Rossiya Markaziy banki asosiy stavkani 20 foizdan 17 foizga tushirishga qaror qildi. Regulyator buni inflyatsiyaning sekinlashishi, jumladan, rublning mustahkamlanishi bilan izohladi. Mamlakat Markaziy banki yaqin kelajakda stavkalarni yanada pasaytirishga ruxsat berishi mumkin.
Juma kuni Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Uning qurilishi qariyb to‘rt yildan beri davom etmoqda, bugungi kunda pardozlash ishlari olib borilmoqda. Majmuaning birinchi qavatida muzey ombori, qadimiy qo‘lyozma va osori-atiqalarni saqlash xonalari joylashgan. Binoning 65 metr balandlikdagi gumbazi ostiga esa Islom olamining durdonasi bo‘lmish Usmon mushafi qo‘yilishi reja qilingan.
Kompaniya UZDIGITAL muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan «Qulay imkoniyat» aksiyasini yo‘lga qo‘ydi. Endi xizmatlarga ulanish va Telecard atigi 40 ming so‘m bo‘ladi.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi ketma-ket to‘rtinchi kun pasayib, 11 344,69 so‘mga teng bo‘ldi. Shuningdek, yevro kursi ham pasaydi. Rubl kursi esa ko‘tarilib, 147,94 so‘mni tashkil qildi.
2021 yilda 735,4 mingdan ziyod xorijlik Rossiya fuqaroligini qo‘lga kiritdi. Ushbu ko‘rsatkich kamida 2000 yildan buyon rekord natija hisoblanadi. O‘tgan yili Rossiya pasportini olgan o‘zbekistonliklar soni esa 2020 yilga nisbatan 8,8 ming kishiga ko‘payib, 31,9 ming nafarni tashkil etdi.
XTV rahbarining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev O‘zbekiston o‘zi maktablarga muhtoj bir vaqtda, nega qo‘shni davlatlarga ta’lim muassasalari qurib berayotganini izohladi. «Qirg‘iziston Rishtonda maktabgacha ta’lim muassasasi, Tojikiston Urgutda maktab qurib bergan… Bu faqat qo‘shnilarning o‘rtasidagi hamkorlik», — dedi u. Qolaversa, O‘zbekistonda 1,2 mln o‘quvchi o‘rnini yaratish uchun alohida dastur ishlab chiqilayotgani ma’lum qilindi.
O‘zbekiston Rossiyaning BMT Inson huquqlari kengashidagi a’zoligini to‘xtatib turish bo‘yicha rezolyutsiyaga qarshi ovoz berdi. Mamlakatning BMTdagi doimiy vakili Baxtiyor Ibragimov bunday qarorlar «gumonlanayotgan inson huquqlari buzilishining puxta tergovi natijasiga» asoslangan bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Qozog‘iston va Qirg‘iziston delegatsiyalari vakillari ham shunga o‘xshash bayonotlar bilan chiqishdi. CNN Rossiya tashkilot a’zo-davlatlariga rezolyutsiyaga ovoz berish «oqibatlari» haqida ogohlantirib, nota jo‘natganligini ta’kidladi.
Ukrainaning Kramatorsk temir yo‘l vokzaliga tinch aholi vakillari evakuatsiya qilinishini kutayotgan vaqtda raketa hujumi uyushtirildi. 30 kishi halok bo‘ldi, 100 ga yaqin odam yaralandi. DXR zarbani Ukraina xavfsizlik kuchlari amalga oshirganini aytmoqda.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlari telefon orqali muloqot qildi. Sadir Japarov Shavkat Mirziyoyevning javob tashrifi bilan Qirg‘izistonga borishi strategik sheriklikni yanada mustahkamlashini ta’kidladi. Bundan tashqari, O‘zbekistonga ikkita maktab qurilishi va Bobur nomidagi O‘sh akademik teatri rekonstruksiyasi uchun minnatdorchilik bildirildi.
Dam olish kunlari havo harorati +35 darajagacha ko‘tariladi. Turkmanistondan zich bulut qatlamlari kirib kelishi evaziga ayrim hududlarda momaqaldiroq bo‘lishi va yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda.
Termizdagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazida gumanitar, pedagogika va muhandislik sohalari bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Unda 345 nafar afg‘onistonlik bepul tahsil olishi mumkin bo‘ladi. Yevropa Ittifoqi mazkur tashabbus uchun 1 mln yevro ajratdi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi o‘qishini chet eldan ko‘chirish istagida bo‘lgan talabalarning imtihonlarga tayyorlanishga yetarlicha vaqti bo‘lishi uchun davlat OTMlarga o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha o‘tish ballarini 4 oy oldin e’lon qildi. Joriy yilda 100 ming talabaning o‘qishini chet eldan ko‘chirishi kutilmoqda.
1 maydan boshlab pensiya va nafaqa pullarini bank kartalariga oladiganlar uchun 1% qo‘shimcha to‘lov to‘lab beriladi. Naqd pulda pensiya, nafaqa va moddiy yordam pullarini yetkazib berish xizmatlari uchun esa «Xalq banki»ga 1 foiz xizmat haqqi to‘lab beriladi. Bu mablag‘lar pensiya va nafaqa oluvchilar hisobidan emas, Pensiya jamg‘armasi va budjet pullaridan qoplanadi.
Shavkat Mirziyoyev «Yashil makon» dasturi ijrosi ahvoli qoniqtirmasligini aytib, «ayrim hududlarda ishlar nomigagina tashkil etilayotgani, ko‘zbo‘yamachilik davom etayotganidan» xabari borligini ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, ekilmagan 5 mln tup ko‘chatni hisobotda qo‘shib yozish holatlari ham uchrayapti. Qolaversa, terakning allergiya chaqirmaydigan navlarini ekishga ham ko‘rsatma berildi.
Tadbirkordan savdo nuqtasi uchun noqonuniy pul talab qilgan “Farhod dehqon bozori” direktori va uning xavfsizlik bo‘yicha o‘rinbosariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ular ushbu bozorga xizmat ko‘rsatuvchi bank kassiri orqali 3,4 mln so‘m olmoqchi bo‘lgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting