Toshkent tumanlararo ma’muriy sudi “Dok-1 Maks” ishida aybdor deb topilgan Sardor Kariyevning uch nafar farzandi va ayoli yashab turgan uyni xatlash masalasini qo‘llab-quvvatladi.
AQSh prezidentligiga respublikachilardan nomzod Donald Tramp Floridada yig‘ilganlarga minnatdorlik bildirib, o‘zini AQShning 47-prezidenti deb atadi. “Bu Amerika xalqining hayratlanarli g‘alabasi bo‘lib, bizga uni yana buyuk qilish imkonini beradi”, — dedi u. Ovozlarni sanash hali tugagani yo‘q.
Toshkentdagi avtobusda “ayollar — oldinda, erkaklar — orqada” yozuvli poster paydo bo‘ldi. “Toshshahartransxizmat” uni 2 yigit yopishtirib, holatni videoga ham olgani aks etgan kamera yozuvlarini e’lon qildi. Bu kabi poster avvalroq Samarqandda avtobusda ham uchragandi.
G‘arbiy Virjiniya va Ogayo shtatlaridagi g‘alabalar tufayli respublikachilar Senatda ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bu ikki g‘alaba respublikachilarga 100 o‘rinli Senatda kamida 51 o‘rinni egallash imkonini beradi.
Raqobat qo‘mitasi Andijon viloyatining Oltinko‘l tuman hokimligi, Toshkent viloyatining ayrim sanoat zonasini boshqarish direksiyasi va Kinematografiyani rivojlantirish markazini davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etishda monopoliyadan oldindan rozilik olmaganini aniqladi. Ularga tegishli ko‘rsatma berildi.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu mudofaa vaziri Yoav Galantni ishdan bo‘shatdi. Netanyahu buni urush davrida vazir va uning orasida ishonch yo‘qolgani bilan izohladi. Mamlakatda jarayonga qarshi namoyishlar boshlandi, unda, jumladan, Netanyahuning iste’foga chiqishi so‘ralmoqda.
Chirchiq shahrida 100 mingta layk uchun otasini urishga tayyorligini aytib video olgan yigit 15 sutkaga qamaldi.
O‘zbekistonda endi faqat psixologiya yo‘nalishi bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslargina psixologik yordam ko‘rsatishi mumkin. Psixologik yordamni bunday huquqqa ega bo‘lmagan shaxs tomonidan ko‘rsatish ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Dubaydagi The Sevens Stadium stadionida 29-noyabrdan 1-dekabrgacha Emirates Dubai 7s festivali bo‘lib o‘tadi. Festival regbi, netbol va kriket bo‘yicha sport musobaqalarini yorqin musiqiy shoular bilan birlashtiradi.
Toshkent shahri Yunusobod tumanida Matiz tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan kesib o‘tayotgan 83 yoshli fuqaroni urib yubordi. YTH oqibatida piyoda shifoxonaga yotqizildi.
Yashnobod tumanida yo‘l qurilish ishlari sababli KHAYning Maxtumquli ko‘chasi bilan kesishmasidagi yondosh qismi 5-dekabrgacha yopiladi.
Uzbekistan Airways’ning HY101 “Toshkent — Nyu-York” reysi ikkinchi marta manzilga yeta olmadi. Ertalab samolyot yo‘lovchilardan birining sog‘lig‘i yomonlashgani sababli Toshkentga qaytgandi. Keyinroq u yo‘lovchidagi erta to‘lg‘oq tufayli Kanadaga qo‘ndi.
Sport musobaqasi qatnashchi va tashkilotchilarining pora olishi, ularni moddiyat evaziga og‘dirib olish uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. Bu katta miqdordagi jarima, 3 yilgacha ayrim huquqlardan mahrum qilish, 3 yilgacha (og‘irlashtiruvchi holatlarda — 8 yil) ozodlikdan cheklash yo mahrum qilish bilan jazolanadi.
Yaponiyada yaratilgan dunyodagi birinchi yog‘och sun’iy yo‘ldosh — LignoSat koinotga uchirildi. U Yerdan taxminan 400 km balandlikda orbitaga chiqariladi. “O‘zimiz ishlab chiqara oladigan yog‘ochlar yordamida uylar qurish, kosmosda abadiy yashash va ishlash qobiliyatiga ega bo‘lamiz”, — deydi uning yaratuvchilari.
Chernogoriyada boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati yakunlandi, unda O‘zbekiston terma jamoasi 13 medalni qo‘lga kiritdi. Erkaklar jamoasi umumjamoa hisobida 9 ta sovrin bilan birinchi o‘rinni egalladi, qizlar 4 ta medal oldi.
Prezident yig‘ilishida O‘zbekiston energetika tarmog‘i korxonalarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi muhokama qilindi. Davlat rahbari aholini gaz va elektr energiyasi bilan o‘tgan yillarga nisbatan barqarorroq ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Prezidentga ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etildi. Bolani tarbiyaga berishda oila muhitini saqlab qolishga ustuvorlik beriladi, muassasa so‘nggi chora bo‘ladi. Davlat rahbari bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.
Chirchiq shahri hokimi o‘rinbosari hokimlik zaxirasidagi 20 ga yerni auksionga chiqarib, egalik huquqini rasmiylashtirishda yordam berishini aytgani va bu uchun 1 million dollar pora olgani aniqlandi. U qamoqqa olindi, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
O‘zbekiston prezidenti amaliy tashrif bilan Qirg‘iziston poytaxti Bishkekka yetib bordi. U ertaga Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida ishtirok etadi.
AQShning “Turli millatga mansub immigrantlar vizasi — DV” (Green Card) dasturida qatnashish uchun anketa to‘ldirish 7-noyabrgacha davom etadi. Avvalroq to‘ldirish muddati 5-noyabrda yakunlanishi xabar qilingandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting