Samarqand shahri va Pastdarg‘om tumanida o‘zaro kelishmovchiliklarni «razborka» yo‘li bilan hal qilmoqchi bo‘lgan shahslar qo‘lga olindi. Ushbu guruhlarga rahbarlik qilgan va faol ishtirok etgan shaxslarga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
«Rosaviatsiya» ikki yil avval O‘zbekiston va yana yettita davlatga parvozlar uchun koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida kiritilgan cheklovlarni bekor qildi.
O‘zbekiston va Rossiya bosh vazirlari o‘rinbosarlari sayyohlar oqimini ko‘paytirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini imzoladilar. U 20 ta tadbir, jumladan, Rossiya va O‘zbekiston turizm yilini o‘tkazish hamda “Buyuk ipak yo‘li” transchegaraviy sayyohlik yo‘nalishini ishga tushirishni o‘z ichiga oladi.
O‘zbekistonda kelasi haftaning birinchi yarmida vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik bo‘ladigan beqaror ob-havo davom etadi. Bunday ob-havo atmosferada juda faol janubiy frontal zonalar mavjudligi hisobiga, respublika hududiga doimiy ravishda nam bulutli massivlar kirib kelishi bilan bog‘liq, deya tushintiradi O‘zgidromet.
Turkiyaning Odaş Enerji CA kompaniyasi tomonidan Xorazm viloyatida qurilgan yangi IES O‘zbekiston yagona elektr tarmog‘iga quvvat berishni boshladi. 105 mln dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya hisobiga bunyod etilgan IES yiliga 1,4 mlrd kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Xorazm viloyatida 2002−2004 yillarda tug‘ilgan to‘rt nafar shaxs Suriyadagi terroristik tashkilotlar a’zolari bilan aloqaga kirishib, ular safiga borib qo‘shilishni rejalashtirganlikda gumonlanmoqda.
Bo‘z-suv suv olish inshootining D-1000 tarmog‘i nosozlik tufayli o‘chirildi. Buning oqibatida Yunusobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarining ayrim hududlari vaqtincha suvsiz qoladi.
O‘zbekistonda to‘liq quvvat bilan ishlamayotgan davlat MTMlariga bolalarni 2 yoshdan qabul qilishga ruxsat berildi. Bunda tarbiyalanuvchilar pullik xizmat ko‘rsatish shaklida qabul qilinadi.
Payshanba kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni ortdi (70 kishi). Bir kun avval bor-yo‘g‘i 14 kishi virus yuqtirgani ma’lum bo‘lgan edi.
Ukraina Rossiyaning harbiy operatsiyasi sabab ikki hafta ichida 100 mlrd dollarlik zarar ko‘rganligi aytildi, bu mamlakat YAIMning yarmiga teng. Urush sabab Ukrainadagi korxonalarning 50% faoliyatini to‘liq to‘xtatgan.
Toshkentda O‘zbekiston va Eron xavfsizlik bo‘yicha qo‘shma komissiyasining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Komissiya tuzish to‘g‘risidagi hujjatni O‘zbekiston Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov va Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Shamxoniy imzoladi.
2021 yilda korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 1,2 trln so‘m zarar yetkazilgan. Hokimliklarning budjetdan orttirilgan mablag‘larni ochiqlash majburiyati joriy qilingach, avtomobil sotib olish yoki hokimiyatni ta’mirlash keskin kamaygan, dedi Antikorrupsiya agentligi rahbari. Akmal Burxonov bu amaliyot hokimlik budjetining ko‘proq ijtimoiy-infratuzilmaga yo‘naltirilayotganiga sababchi bo‘lganligini ta’kidladi.
Qozog‘istonning Air Astana aviakompaniyasi Rossiyaga amalga oshiriladigan parvozlar to‘liq to‘xtatilganini ma’lum qildi.
Ukrainani tark etgan 98 nafar O‘zbekiston fuqarosi Buxarest (Ruminiya) aeroporti orqali Moldovadan evakuatsiya qilindi. Yana bir reys 11 mart kuni Polshadan amalga oshirilishi rejalashtirilgan. U yerda 200 dan ortiq o‘zbekistonliklar qolmoqda.
Rossiya Markaziy banki yangi valyuta cheklovlarini joriy qildi. 10 sentabrga qadar biznes vakillariga 5 ming dollar yoki shu miqdor ekvivalentidagi yevro, yapon iyeni va funt sterlingda pul yechish taqiqlanadi. Xorijiy kompaniyalar yoki tadbirkorlar esa ushbu valyutalarni umuman yechib ololmaydi.
Sud Qo‘qon shahar hokimining birinchi o‘rinbosariga 5 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. U 2021 yilning avgustida auksionda tadbirkorning foydasiga qaror chiqartirib berish evaziga 180 ming dollar talab qilib, shundan 10 ming dollarni olganida qo‘lga tushgandi.
O‘zbek paxtasiga boykotni bekor qilgan Cotton Campaign, Ukraina va Afg‘onistonga yordam bergani uchun O‘zbekistonga minnatdorchilik bildirgan AQSh, 1 maydan yo‘lga qo‘yiladigan «Avtomobil tarixi» xizmati, alimentdan qarzi borlarga avtomobil haydash va uylanish taqiqlanishi mumkinligi, Moldovadagi o‘zbekistonliklar Buxarest orqali evakuatsiya qilinishi va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 10 martdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xabariga ko‘ra, Saudiya Arabistoniga safar qilayotgan ziyoratchilar uchun manfiy PZR-test ma’lumotini taqdim etish tartibi bekor qilindi. Endi safarga boruvchilar faqat koronavirusga qarshi emlangan bo‘lishi lozim.
Qurilish vazirligi shaharsozlik me’yorlariga o‘zgartishlar kiritib, yangi ko‘p qavatli uylarning yarimerto‘lalariga yashash xonadonlarini joylashtirishga ruxsat berdi. Biroq buning uchun uchastkadagi yer osti suvlari darajasi, issiqlik himoyasi, yoritilish darajasi, evakuatsiya va boshqalar bilan bog‘liq qator talablar mavjud.
Moratoriy e’lon qilinganiga qaramay Qo‘qon shahrida fuqaro ruxsatsiz 3 tup chinor daraxtini kesib tashlagani aniqlandi. Davlat ekologiya qo‘mitasi buning oqibatida tabiatga 103 mln so‘mdan ko‘proq zarar yetkazilganini ma’lum qildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting