Shavkat Mirziyoyevning haftalik ish grafiki, Olimpiada rekordini o‘rnatgan o‘zbekistonlik og‘ir atletikachi, Moliya vazirining fuqarolarni “Tashabbusli byudjet"dan faol foydalanishga chaqirishi — “Gazeta.uz"ning 26 iyuldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
«Tashabbusli byudjet» bo‘limini o‘z ichiga olgan «Ochiq byudjet» portali ishga tushirilganidan buyon fuqarolar 8000 dan ziyod murojaat yo‘lladi, ularni hal qilishga qariyb 160 mlrd so‘m ajratildi, deya ma’lum qildi moliya vaziri Timur Ishmetov. U o‘zbekistonliklarni mazkur platformadan faolroq foydalanishga chaqirdi.
Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov Ehtiyojlarni baholash missiyasi O‘zbekiston prezidenti sayloviga tayyorgarlik jarayoni bo‘yicha «juda ijobiy» xulosa berganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, missiya o‘tgan saylovlar bo‘yicha YeXHTning tavsiyalarini saylov amaliyotiga joriy etilishini ham ijobiy baholagan.
DXX Chegara qo‘shinlari «Gazeta.uz» so‘roviga bergan javobida Afg‘oniston bilan chegara hududda qochoqlar uchun palatkalar shaharchasi qurilayotgani haqidagi xabarni rad etdi. Shuningdek, Chegara qo‘shinlari afg‘on harbiy xizmatchilari va mahalliy qurolli guruhlar ko‘ngillilari iyun oyida O‘zbekiston chegarasini qay tarzda kesib o‘tishganini ham ma’lum qilishdi.
Prezidentning tadbirkorlar bilan uchrashuvi avgust oyining boshida o‘tkazilishi kutilayotgani ma’lum qilindi. Bundan tashqari, davlat rahbarining haftalik ish rejasi haqida ham ma’lumot berildi.
1 yanvardan boshlab davlat organlari tomonidan moliyaviy hisobotlar nusxalari, jismoniy shaxslarning so‘nggi 12 oydagi ish haqi to‘g‘risidagi, tadbirkorlik subyekti davlat ro‘yxatidan o‘tganligi, davlat boji, yig‘imlar va aliment to‘langanligi, kam ta’minlanganlik va fuqaroning «Yoshlar daftari» yoki «Ayollar daftari»ga kiritilganligi haqidagi jami 15 turdagi ma’lumotlarni so‘rash tartibi bekor qilinadi. Ushbu ma’lumotlar «Elektron hukumat» platformasi orqali onlayn olinadi.
1999 yilning 16 fevral kuni poytaxtdagi portlashlar sabab jinoiy javobgarlikka tortilgan 5 fuqaro oqlandi. Oqlanganlar «16 fevral voqealari»ning asosiy ijrochilari deb topilganlar emas. Ular sobiq bojxona xodimlari hisoblanadi.
Xorijiy davlatlar rahbarlari Shavkat Mirziyoyevni tug‘ilgan kuni bilan tabriklashi, yangi chiqarilgan qarorlar, Toshkentning Sergeli, Bektemir, Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlari chegarasi o‘zgarishi, Tokio olimpiadasining birinchi kunida o‘zbekistonlik sportchilarlar birorta ham g‘alabaga erishmagani — “Gazeta.uz"ning 24 iyuldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Toshkentning Sergeli, Bektemir, Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlari hududiga Toshkent viloyatining Zangiota, Qibray, Yuqori Chirchiq va O‘rtachirchiq tumanlaridan 7,8ming gektardan ko‘proq yer maydonlari qo‘shib berildi. Shu bilan birga, Sergeli va Bektemir tumanlaridan 171,3 gektar yer maydoni Toshkent viloyatiga o‘tkazildi.
24 iyul kuni, prezident Shavkat Mirziyoyev 64 yoshni qarshi oldi. Shu munosabat bilan prezident bir qator xorijiy davlatlar rahbarlari va jamoat arboblaridan tabrik va qutlovlar qabul qildi.
Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov saylovchilar tashabbuskor guruhlari mustaqil ravishda o‘z nomzodini ko‘rsatish masalasini hal etish qonun chiqaruvchilarga bog‘liq ekanligini qayd etdi. Ushbu masala YeXHTning DIIHB missiyasining O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida ko‘tarilgan edi.
Prezident aholi murojaatlari bilan ishlash tizimi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Barcha hokimlar fuqarolarni qabul qilish uchun haftasiga ikki kun ajratishlari va hokimliklarda kunlik qabul tashkil etilishi belgilandi. «Har bir hokimning kabineti «xalq qabulxonasi» bo‘ladi. Murojaatlarni ko‘rib, nimalarga e’tibor qilish bo‘yicha har bir rahbarning strategiyasi bo‘lishi kerak, — dedi prezident.
O‘zbekiston prezidenti saylovi kampaniyasiga start berilishi, Strategik rivojlanish agentligining tashkil etilishi, Sodiq Safoyevga rektorlik vazifasi yuklatilishi — “Gazeta.uz"ning 23 iyuldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Prezident qarori bilan, davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlarining faoliyatini baholash tizimi joriy etiladi. Shuningdek, vazirliklar va idoralar rahbariyati faoliyati ko‘rsatkichlarini baholashda inson omilini kamaytirish maqsadida asosiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha ma’lumotlarni avtomatik tarzda tahlil qilish orqali mavjud holatni aniqlash imkonini beruvchi maxsus elektron platforma ishga tushiriladi.
Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyevga Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori vazifasini bajarish yuklatildi.
Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston prezidenti saylovi kunini 24 oktyabrga belgiladi. Saylov kampaniyasiga 23 iyulda start berildi.
299 ta eskirgan nasos stansiyalarini modernizatsiya qilishga 700 mln yevro talab etiladi, deya xabar qildi prezident. Mazkur loyiha amalga oshirilgach, 78 ming gektar yer qo‘shimcha foydalanishga kiritish, 78 mln kVt*s elektr energiyasini va 56 mlrd so‘mlik byudjet mablag‘larini tejashga imkon yaratadi. Birinchi bosqichda 98 ta stansiyani modernizatsiya qilish rejalashtirilgan bo‘lib, buning uchun 146 mln yevro kredit talab qilinadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Qurbon hayiti bilan tabriklab, pandemiya sharoitida diniy ibodatlarni uy sharoitida ado etish xalq hayoti va salomatligini asrashga qaratilgan eng to‘g‘ri qaror ekanini ta’kidladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer va kansleri Angela Merkelga ushbu mamlakatda ro‘y bergan halokatli toshqinlar oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani munosabati bilan ta’ziya yo‘lladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida shu hafta oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish hamda aholining doimiy daromad manbalarini ko‘paytirish yuzasidan videoselektor yig‘ilish bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida gidrotexnik inshootlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting