Adliya vaziri Ruslanbek Davletov diniy tashkilotlarning ayrim vakillari kimlargadir hukm o‘qishi huquqiy nuqtai nazardan noto‘g‘riligini qayd etib, bu jamiyatda bo‘linishga olib kelayotganligini, diniy tashkilotlar bunday ixtilof qilishga haqqi yo‘qligini ta’kidladi. U Adliya vazirligi ushbu sohadagi faoliyatni nazorat qilishini eslatdi. «O‘zining diniy o‘lchovlari, uyidagi qarashlari bilan jamiyatga o‘lchov qo‘yishga yo‘l qo‘ymaymiz, chunki qonun bor», — dedi Davletov.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi rahbari Abdurahmon Abduvaliyev prezidentning necha foiz yo‘l yoqalariga daraxt ekilgani haqidagi savoliga noto‘g‘ri javob berdi. Javobni eshitgan Shavkat Mirziyoyev undan: «Matematikani qayerda o‘qigansiz», — deb so‘radi.
Shavkat Mirziyoyev Rejep Tayyib Erdo‘g‘onga yo‘llagan maktubida Turkiya prezidenti va uning rafiqasi koronavirusga chalingani haqidagi xabardan xavotirga tushganini bildirdi. Ularga sihat-salomatlik, kuch-quvvat va yangi muvaffaqiyatlar tiladi.
Shavkat Mirziyoyev «Yashil makon» dasturi doirasida ekilgan daraxtlar bo‘yicha raqamlarga ishonmasligini ma’lum qildi. U, shuningdek, Yunusobod tumani hokimi Jahongir Ibrohimov daraxt ekish bo‘yicha reja bajarilmagani uchun lavozimidan chetlashtirilganini aytdi.
O‘zbekiston prezidenti va XXR raisining Pekindagi uchrashuvida kambag‘allikka va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida Xitoy tajribasini o‘rganish va joriy qilish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirishga kelishib olindi. Tomonlar besh yillik Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik dasturini ham imzoladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Pekinda qishki Olimpiya o‘yinlarining ochilishi doirasida Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Misr prezidentlari, shuningdek, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan muloqot qildi.
Strategik rivojlanish, Xalqaro hamkorlik va rivojlanish hamda Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentliklarida rahbar lavozimlariga tayinlovlar amalga oshirildi.
Senatorlar «propiska» so‘zi ma’nan eskirganligi va fuqarolar ongida «to‘sqinlik qiluvchi», «erkinlikni cheklovchi» degan tushunchalarni keltirib chiqarayotgani uchun uni qonun hujjatlaridan butunlay chiqarishni ma’qullashdi. Endi uning o‘rniga «yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish» tushunchasi qo‘llaniladi.
Senatning navbatdagi yalpi majlisida «Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida» gi qonun ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, endi tadbirkorlar o‘z tovarlarida ishlab chiqarilgan joy nomini ko‘rsatishi kerak. Qayd etilishicha, hozirgacha O‘zbekistonda faqat 4 ta tovar, xususan, 2 ta mahalliy mahsulotning geografik ko‘rsatkichi ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Senatorlar ishontirishicha, mazkur qonun mintaqaviy brendlar rivojlanishi va hududlarning turistik jozibadorligi oshishiga xizmat qiladi.
Senat raisi Tanzila Narbayeva yalpi majlis vaqtida senatorlar faoliyatidagi tadbirbozlikni tanqid qildi. «Senatorlar faqatgina qo‘mita majlisi yoki qaysidir tadbirda ishtirok etish bilan cheklanib qolmoqda» — dedi u. Qolaversa, qo‘mitalar yetarlicha ishlamayotgani, ular faqat rahbarlarning axborotini tinglash bilan shug‘ullanayotgani ta’kidlandi.
Samarqand viloyati hokimi tanqidiy material yozuvchi jurnalist va blogerlarni moddiy rag‘batlantirishini ma’lum qildi. «Negativ» material uchun rag‘batlantirish ishlari 15 fevraldan boshlanib, har hafta amalga oshirilishi aytildi. Mablag‘lar ishida kamchilikka yo‘l qo‘ygan davlat xizmatchilari oyligidan tushgan jarimalar hisobiga to‘lanadi.
1 fevral kuni Qonunchilik palatasi deputatlari hokimlarning manfaatlar to‘qnashuviga sharoit yaratib beruvchi yana bir qonunni ma’qulladi. Gap yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartibi haqida ketmoqda. Deputat Doniyor G‘aniyev hokim kompensatsiya ajratishni ko‘rib chiqish masalasini o‘ziga-o‘zi kiritishi va uni yana o‘zi hal qilishini tanqid qildi. Quyi palata spikeri esa hokimlarning xalq deputatlar kengashi raisi maqomi bekor qilinsagina, bu muammo bartaraf etilishini aytdi. «Ungacha shu, boshqa iloj yo‘q», — dedi Nurdinjon Ismoilov.
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Davronbek Maxsudov Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. U mazkur lavozimda prezidentga maslahatchi bo‘lib ketgan Muzaffar Komilovning o‘rnini egalladi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Komilov prezidentning jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi. U O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori lavozimida ishlashda davom etadi.
Deputatlar ko‘rib chiqqan qonun loyihasiga ko‘ra, hujjati bo‘lmagan uylar «snos» ga tushganda, ularga ham kompensatsiya to‘lab berish taklif etilmoqda. Bunda da’vogar mulkka 15 yil davomida oshkora va uzluksiz egalik qilgan hamda soliqlarni to‘lagan bo‘lishi lozim. Loyiha qabul qilinib, Senatga yuborildi.
2022-yilda Toshkent shahrida umumiy qiymati 3,8 mlrd dollarlik 738 ta loyihani amalga oshirish reja qilingan. Shundan 500 ta loyiha joriy yilning o‘zidayoq ishga tushishi, buning natijasida 27 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda. Prezident Toshkentning moliyaviy va iqtisodiy imkoniyatlar kengligini, har bir tumanga qo‘shimcha 100 mln dollar jalb qilish mumkinligini ta’kidladi.
2017−2021 yillar davomida prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga 5 mln 780 mingdan ziyod murojaatlar kelib tushgan. Shundan 3 mln 288 mingdan ortig‘i qanoatlantirilgan.
Prezident farmoni bilan ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga o‘tgan 63 nafar shaxs afv etildi. Ularning ikki nafari 60 yoshdan oshgan shaxslar hisoblanadi.
Senatning yigirma uchinchi yalpi majlisida “Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida"gi qonun, ikkita xalqaro hujjatni ratifikatsiya qilish masalasi va qator qonunlarga o‘zgartirish kiritish muhokama qilinadi. Shuningdek, 2021-yilgi davlat dasturi ijrosi bo‘yicha hukumat hisoboti eshitiladi.
Surxondaryo viloyatining Denov va Qiziriq tumanlari hamda Toshkent viloyatining Angren shahriga yangi hokimlar tayinlandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting