Shavkat Mirziyoyevning aytishicha, pandemiya va iqlim o‘zgarishi sharoitida dunyo bo‘ylab oziq-ovqat mahsulotlari narxi ko‘tarilib borayotgan bir vaqtda, ayrim tuman hokimlarida aholining oziq-ovqatga bo‘lgan talabini qondirish uchun qanday tizimli ishlarni amalga oshirish kerakligi haqida aniq tasavvur yo‘q. Shu sababli, viloyat hokimlariga bir oyda o‘zgarish qilmagan tuman hokimlarini ishdan olish bo‘yicha taklif kiritish topshirig‘i berildi.
Toshkent hokimi oldin ishlagan kompaniyalari Artel va Akfa tomonidan shaharga ko‘rsatilayotgan homiylik yordami haqidagi savollardan charchaganligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyalar ba’zi aktivlarini sotib, mablag‘larni shahardagi loyihalarga homiylik qilishga yo‘naltirmoqda. Jahongir Ortiqxo‘jayev qilgan savob ishlari haqida hech kimga aytmaganligini, bu haqida afsuslanishini bildirdi. «3,5 yil ishlagan bo‘lsam, davlatning bir so‘m puliga ham xiyonat qilganim yo‘q», — dedi u.
Buxoro viloyati prokurorining birinchi o‘rinbosari Bektosh Sayipov Namangan viloyati prokurori etib tayinlandi.
Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Kosmonavtlar maydonini «chiroyli qilish uchun» unga 10 kun vaqt berishlarini so‘radi. «O‘n kun sabr qiling. Agar noto‘g‘ri bo‘lsa, meni har qancha ayblashlaringga roziman», — degan shahar hokimi. Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ishlar olib borilishi jarayonida qonunchilik buzilganini tasdiqladi.
Prezident dushanba kungi yig‘ilishda UzAuto Motors avtomobillari uchun oldindan to‘lov 85 foizdan 50 foizgacha kamaytirilishini ma’lum qildi. «O‘zavtosanoat»ga 1 mayga qadar avtomobil xarididagi navbatlarni to‘liq bartaraf etish topshirig‘i berildi. Avvalroq, «Gazeta.uz» deputat Rasul Kusherbayev bilan ayni shu mavzudagi intervyuni e’lon qilgandi.
Turkiya prezidenti Rejep Tayyib Erdo‘g‘on Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi a’zolari bilan uchrashuvda mart oxirlarida O‘zbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.
Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tugatilib, vazirlik tarkibida alohida boshqarma sifatida qayta tashkil etilishi mumkin. Ruslanbek Davletov vazirlik tegishli takliflarni ishlab chiqayotganini aytdi. «Bu prezidentimizning g‘oyasi… Bu sohani o‘zgartirishni prezident hal qiladi», — dedi vazir. DXMlar orqali hozirgi kunda 170 turdagi davlat xizmati ko‘rsatilmoqda, shundan 120 tasi pullik. 4 yildan ko‘proq vaqt ichida agentlik xizmatlari bo‘yicha jami 40 mlnga yaqin murojaat kelib tushgan.
O‘zbekistonning Kiyevdagi vakolatxonasi Ukrainadagi vatandoshlarga murojaat qilib, ulardan elchixona bilan aloqada bo‘lib turishni so‘ragan. Diplomatik missiya bir o‘zbekistonliklardan vahimaga berilmaslik va tekshirilmagan, feyk xabarlarni tarqatmaslikni so‘ragan.
Faoliyatidagi kamchiliklar va aholi murojaatlariga e’tiborsiz qaragani uchun Muborak tumani hokimi Akrom Aripovga «hayfsan» berildi.
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev «Ichki ishlar vazirligi xodimlariga yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi barcha muammolarning sabablarini tushuntirib bergani va ularning oldini olish choralarini o‘zi belgilab bergani» uchun prezidentga minnatdorlik bildirdi.
«Menimcha» ko‘rsatuvining navbatdagi sonida Shavkat Mirziyoyev odamlar pul to‘lab qo‘yib, mashinalarni ololmayotganini gapirgan lavhalar efirga uzatildi. «Odamlar norozi, biz to‘lab qo‘yganmiz, mashinani ber ey davlat rahbarlari, deyapti», — dedi prezident.
Prezident qarori bilan jamoatchilik uchun ochiq bo‘lgan qadimiy yozma manbalarning davlat reyestri shakllantiriladi. Xorijga ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirilib, allomalar va mutafakkirlarning ijodiga mansub qadimiy yozma manbalar O‘zbekistonga olib kelinadi. Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslardagi qo‘lyozmalar xarid qilinib, davlat tasarrufiga o‘tkaziladi. Qolaversa, qadimiy qo‘lyozmalar tarjima qilinib, xalqchil tilda nashr etiladi.
Juma kuni Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston bosh vaziri Alixan Smailovni qabul qildi. Uchrashuvda tovar ayirboshlash hajmini orttirish va uning ko‘rsatkichlari muvozanatli bo‘lishiga erishish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, yangi sanoat kooperatsiyasi va logistika markazlarini tashkil etish kabi masalalar muhokama qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha Respublika komissiyasi tashkil etilishini ma’lum qildi. Unga bosh vazir Abdulla Aripov rahbarlik qiladi, uning o‘rinbosari ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov bo‘ladi. Hududiy komissiyalarga esa hokimlar rahbar etib tayinlanadi. Komissiyalar yo‘llar holati va mavjud infratuzilma hamda avariya o‘choqlarini o‘rganadi.
Toshkent shahridagi maktab va bog‘chalar oldida avtomobil harakatining maksimal tezligi 30 km/soatdan oshmaydi. Bu haqda prezident videoselektorda ma’lum qildi. Qolaversa, ayrim gavjum ko‘chalarda esa hozirgi 70 km soatdan 60 kmgacha tushirish zarurati borligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston Amerikaning AeroVironment kompaniyasidan razvedka ishlarini amalga oshiruvchi yengil RQ-20B Puma 3 AE dronlarini sotib oladi. Umumiy qiymati 8,54 mln dollarlik shartnoma bo‘yicha ishlar 2022 yil 30 noyabriga qadar tugatiladi. Shephard Defence Insight sayti hisob-kitoblariga ko‘ra, shartnoma doirasida O‘zbekistonga 40 ga yaqin dron yetkazib berilishi mumkin.
Xitoy poytaxtida bo‘lib o‘tayotgan 2022 yilgi qishki Olimpiya o‘yinlari diplomatik boykotga uchradi. AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada, Daniya, Belgiya va boshqa davlatlar ushbu tadbirlarga hukumat amaldorlari va rasmiylarini yuborishdan bosh tortdi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron esa o‘yinlarni siyosiylashtirmaslik kerakligini ta’kidladi. Diplomatik boykotning sabablari, Olimpiya o‘yinlari tarixidagi boykotlar haqida — «Gazeta.uz» maqolasida.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash masalasida yig‘ilish o‘tkazadi. Bu davlat rahbari raisligida aynan shu masalaga bag‘ishlangan birinchi yig‘ilish bo‘ladi. Kuni kecha Avtotest va Autodriver asoschisi Komil Allamjonov «yo‘llarda YTH soni va o‘lim sonini qisqartirish uchun» kurash boshlaganini ma’lum qilgan edi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand tumani hokimi va IIB boshlig‘i, Nurobod tumani hokimi, Oqdaryo tumani prokurori va IIB boshlig‘i, Markaziy bank Samarqand viloyati Bosh boshqarmasi rahbari va viloyat elektr tarmoqlari korxonasi rahbari va boshqa amaldorlarni ishdan bo‘shatdi. Ularning ba’zilariga nisbatan korrupsiya holatlari bo‘yicha jinoiy ish ochilishi mumkin.
YeXHT bosh kotibi Helga Shmid mart oyida O‘zbekistonga tashrif buyurishi kutilmoqda. 3−4 mart kunlari Toshkent shahrida BMTning Markaziy Osiyoda terrorizmga qarshi global strategiyasi birgalikda amalga oshirilishining 10 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting