Farg‘ona viloyati Xalq deputatlari kengashi yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev bosh vazir Abdulla Aripov faoliyati haqida fikr bildirdi. «Samarqandda hokim bo‘lganimda bitta shu vazir oldimga kelib, muammolarni so‘ragan. Boshqa birorta vazir kelmagan», — dedi davlat rahbari.
Prezident Farg‘ona viloyatidagi safari davomida bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyevning faoliyatiga to‘xtalib, «u halol odam, toza odam, halovati yo‘q odam. Farg‘ona xalqini og‘ir sinov kunlarida nisbatan juda katta ish qildi, men undan roziman» dedi. Prezident Buxoroga tashrifi chog‘ida qishloq xo‘jaligi sohasini uni qoniqtirmayotganligini, tizim to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmas, G‘aniyevni ishdan bo‘shatishini aytgan edi.
4 fevral kuni Olma Ota shahrida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Oripov Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin bilan uchrashdi. Hukumat rahbarlari prezident Shavkat Mirziyoyevning mart-aprel oylarida Moskva shahrida bo‘lib o‘tadigan rasmiy tashrifiga tayyorgarlikni muhokama qilishdi.
Markaziy saylov komissiyaning raisi Mirza-Ulug‘bek Abdusalomovning boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan uning o‘rniga Senat raisi o‘rinbosari Zayniddin Nizamxodjayev saylanishi kutilmoqda. Unga esa adliya vaziri o‘rinbosari Baxrom Kuchkarov o‘rinbosar bo‘ladi.
Prezident farmoni bilan 2021 yilgi davlat dasturi qabul qilindi. U 274 banddan iborat. Yil davomida tadbirlarni amalga oshirishga jami 29,5 trln so‘m, 2,6 mlrd dollar va 57,5 mln yevro yo‘naltiriladi.
Ipoteka-banki boshqaruvi raisi Shuxrat Atabayev prezident maslahatchisiga o‘rinbosar bo‘ldi. U Yaponiyaning Siyosiy fanlar milliy institutida tahsil olgan va mehnat faoliyatini 1995 yil Navoiy viloyatidagi 14-o‘rta maktabda ingliz tili o‘qituvchiligidan boshlagan.
Deputatlar Markaziy saylov komissiyasining 16 yillik raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov bilan birga yana 6 nafar a’zoning vakolatini tugatishni ma’qulladi. Bundan tashqari, 8 nafar yangi a’zo tarkibi ham ko‘rib chiqildi.
The Economist Intelligence Unit tashkilotining Demokratiya indeksida O‘zbekistonning pozitsiyalari o‘tgan yilga nisbatan yaxshilanib, mamlakat 167 davlat orasida 155-o‘rinni egalladi. Lekin O‘zbekiston «avtoritar rejimlar» ro‘yxatida qolgan. Mintaqadagi «avtoritar rejimlar»da holat o‘tgan yilga nisbatan yaxshilangan bo‘lsada, tadqiqotchilar ushbu davlatlarda sezilarli o‘zgarish bo‘lishi kutilmayotganligini ta’kidlagan.
O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi polshalik jurnalist Agneshka Pikulitskadan uzr so‘radi. Vazirlik shilqimlikda ayblangan xodim ishdan bo‘shatilganini ma’lum qildi. Jurnalistning akkreditatsiyasini rasmiylashtirish 3 fevral kuni yakunlanadi, deyiladi TIV bayonotida.
«Biz mamlakatning iqtisodiy-ijtimoiy hayoti bilan bog‘liq deyarli barcha masalalarni prezident hujjatlari bilan tartibga solishga majbur bo‘lyapmiz», — deya ta’kidladi prezident siyosiy partiya rahbarlari bilan uchrashuvda. Uning so‘zlariga ko‘ra, deputatlar tashabbusi bilan taklif etilgan qonunlar soni «barmoq bilan sanarli».
Navoiy viloyati IIB boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritib kelgan polkovnik Tursunov Rustam Raxmonovich IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
2018 yildan beri Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan Dilshod Kenjayev prezident maslahatchisining o‘rinbosari bo‘ldi.
O‘zbekiston TIV xodimi tomonidan unga shilqimlik qilinganini aytgan polshalik jurnalist Agneshka Pikulitska vazirlik bilan uchrashganligini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, TIV holat bo‘yicha tekshiruv o‘tkazolmaydi, chunki Rustam kimligini hech kim bilmaydi. Jurnalist uni TIVda bir necha marotaba ko‘rganligini aytmoqda. Senat raisi Tanzila Narbayeva holatga munosabat bildirib, hodisa puxta o‘rganilib, aybdorlar jazolanishini ta’kidladi. «Ammo bu respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarga soya solmasligi lozim», — dedi Narbayeva.
Oliy Majlis Senati 5 fevral kuni bo‘lib o‘tadigan 12-yalpi majlisda bir qator qonunlar, shuningdek, Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish masalasini ko‘rib chiqadi.
Guardian, Al Jazeera, The Diplomat xalqaro nashrlari uchun yozadigan mustaqil jurnalist Agneshka Pikulitska-Vilchevska O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi unga akkreditatsiya bermaganligini ma’lum qildi. Akkreditatsiya bo‘yicha javob qonun bo‘yicha 2 oyda emas, 6 oyda berilgan. Jurnalist TIV xodimi unga tegajog‘lik qilganini, ijobiy maqolalar yozishini so‘raganligini aytmoqda.
Jismoniy tarbiya va sport vaziri lavozimida ishlagan Dilmurod Nabiyev Qarshi davlat universiteti rektori etib tayinlandi.
Investitsion loyihalar taqdimotida Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahar hokimi Jaxongir Ortiqxo‘jayevga murojaat qilib, shahar ichidagi qurilish loyihalari haqida tanqidiy fikrlar bildirdi. «Men Toshkentda 4−5 yil ishlaganman og‘ayni. Bu yerga 120 mm li kichkinagina kanalizatsiya qo‘yganmiz… Sen esa u yerda 9 qavatli uy quribsan», — dedi prezident.
Bosh vazir o‘rinbosari — Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov endi O‘zbekiston shaxmat federatsiyasiga ham rahbarlik qiladi. Shuningdek, u bir vaqtning o‘zida «Chorvoq» erkin turistik zonasi direksiyasi direktori va «Ipak yo‘li» xalqaro turizm universiteti rektori ham hisoblanadi. Abduhakimovning mehnat faoliyati haqida batafsil.
Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov prezident farmoni bilan ishdan olindi. Uning o‘rniga Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan Davron Hidoyatov viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Oldinroq prezident bitta hokim va vazir ishdan olinishini e’lon qilgandi. «Sadoqatli odam, lekin ishni bajara olmayapti. Aravani tortmayapti», — degandi prezident ishdan ketadigan hokim haqida gapirib.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi birinchi prezident Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qo‘ydi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting