So‘nggi haftalarda tarmoqlarda ota-onalar va o‘qituvchilar maktablarda darsliklar yetishmayotgani, shu bois ularni o‘zlari chop etib olayotganini yozmoqda. Darslikni qo‘lga kiritganlar bolalar uchun juda qiyin va javobsiz vazifalarni tanqid qilishyapti. Maktab ta’limi vazirligi esa sukut saqlamoqda.
Fevral oyida Turkiyada ro‘y bergan zilzilalarda jabr ko‘rgan bir guruh nuroniylarning 30 nafari O‘zbekistonga keldi. Ular bir hafta davomida mamlakat bo‘ylab sayohat qiladi. Bu tashabbus Shavkat Mirziyoyevning Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdan tashqari sammitida ilgari surilgandi.
Uzbekistan’s Club jamoasi O’zbekistonlik.Students loyihasini boshladi. Unda nufuzli xorijiy oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar haqida hikoya qilinadi. 1-son qahramonlari Oksford universitetidan Mushtariy Madrahimova va Sharqiy London universitetidan Azizbek Ahmadjonov bo‘ldi.
Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi O‘zbekistonda bukmekerlik xizmatlarini targ‘ib qiluvchi 27 ta sayt bloklanganini ma’lum qildi. IIOga estrada yulduzlari, sportchilar va blogerlar tomonidan totalizatorlar xizmatlarini reklama qilish holatlari bo‘yicha 11 ta xat ham kiritilgan.
Izboskan tumanida 2 fuqaro “xonadoniga xavf tug‘dirayotgani va qurilish ishlariga xalal bergani uchun” 3 tup g‘arb chinori daraxtini kesgandi. Sud ularga 131,4 mln so‘mlik zararni qoplash bilan birga 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.
Yozyovon tumanida to‘y korteji uyushtirib, jamoat joyida yurish-turish qoidalarini buzgan 16 nafar yigit 15 sutkaga qamaldi.
AQShga borgan Shavkat Mirziyoyev u yerdagi bir guruh vatandoshlar hamda “El-yurt umidi” stipendiatlari bilan uchrashdi. Unda xorijda o‘zbek tili kurslarini ochishga ko‘maklashish, vatandoshlar O‘zbekistonning tarixiy shaharlarini ziyorat qilishi uchun maxsus turizm xizmatlarini ishlab chiqish rejalashtirilgani aytildi.
Farg‘ona shahrida farzandi bilan tilanchilik qilayotgan ayolni tepib, mashinaga o‘tirishga majburlagan PPX xodimi ishdan bo‘shatildi. Viloyat IIB ayol “faol qarshilik ko‘rsatib, qo‘lidagi bolasini yerga tashlab yubormoqchi bo‘lgan”ini bildirdi.
O‘zbekistonda Amerika texnologiya universiteti ochilishi rejalashtirilmoqda. Uni tashkil etish masalalari Nyu-Yorkda prezident Shavkat Mirziyoyev va Cintana ta’lim kompaniyasi asoschisi Duglas Bekker tomonidan muhokama qilindi.
RF bosh vaziri Mixail Mishustin Rossiya o‘zbek tomoni manfaatdor bo‘lsa, O‘zbekistonda Rossiya dasturlari bo‘yicha rus tilida ta’lim beriladigan bir nechta maktablar qurishga tayyorligini ma’lum qildi.
Gulnora Karimovaning qaytarilgan aktivlari chaqaloqlar o‘limini kamaytirishga sarflanishi, metan “zapravka"da narxlar cheklanishi haqida gapirgan energetika vaziri, Farg‘onada bolali ayolni tepgan PPX xodimi, valyuta chiqib ketishidan xavotirlanayotgan Markaziy bank va boshqalar — “Gazeta.uz"ning kun dayjestida.
Qator davlatlarda koronavirusning pirola nomli yangi shtami keng tarqalmoqda, u omikrondan ham yuqumliroq bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi hozirgacha mamlakatda bu shtamm qayd etilmagani va vaziyat barqaror ekanini bildirdi.
Yashnobod tumanida qurilish kompaniyasi rahbari xonadon sotib olmoqchi bo‘lgan 23 kishi bilan soxta oldi-sotdi shartnomasini tuzib, ularning 4 mlrd so‘mdan ortiq pulini qo‘lga kiritgani aniqlandi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining firibgarlik va boshqa moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Farg‘ona shahrida patrul-post xizmati xodimi ayolni tepib, uni mashinaga o‘tirg‘izgani aks etgan video tarqaldi. IIV ayol bolasi bilan yo‘lda tilanchilik qilayotgani uchun olib ketilgan bo‘lishi mumkinligi, holat o‘rganilayotganini bildirdi. Bu qo‘pol munosabatni oqlab bo‘lmaydi, — deya ta’kidlaydi vazirlik.
Toshkentda 22-sentabr kuni “Avtomobilsiz kun” bo‘lib o‘tadi. Aholiga piyoda yurish, velosiped va jamoat transportidan foydalanish tavsiya etiladi.
20−22-sentabr kunlari yog‘ishi kutilayotgan kuchli yomg‘irlar sababli O‘zbekistonning 7 ta viloyatida sel-suv toshqini xavfi yuzaga kelishi mumkin.
Kogon tumanida tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanib, 26,1 mlrd so‘m zarar yetkazgan tadbirkorlar aniqlandi. Ular 11 va 9 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Farg‘ona viloyatidagi restoranda tilla solingan taomlar tayyorlanayotgani ma’lum bo‘ldi. Fatvo markazi oltin va kumushni taomga qo‘shib tanovul qilish durust va halol emasligini bildirdi. Shuningdek, bu molni isrof qilish va ne’matlarning qadrini yerga urishdir, deydi markaz.
Toshkent shahridagi 2984 ta reklama va axborot obyektlari noqonuniy joylashtirilgani, 6004 tasi esa talablarga mos emasligi aniqlandi, deya ma’lum qildi Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi. Qolaversa, 159 ta reklama davlat tilida emas, balki boshqa tillarda berilgan.
Seshanba kuni O‘zbekistonga Volgabo‘yi hududlaridan nam va salqin havo massalari kirib kelib, harorat pasayadi. Hafta davomida harorat kunduzi +23…+28 daraja atrofida bo‘ladi. Ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, tog‘li hududlarda kuchli bo‘ladi. Ayrim joylarda chang-to‘zon kuzatilishi mumkin.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting