Milliy gvardiyaga qo‘shimcha vakolatlar berilmoqda. Senatorlar ma’qullagan qonunga ko‘ra, endi ular mayda bezorilik yoki sovuq qurol olib yurishga oid ma’muriy huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqa oladi hamda bayonnomalar tuzadi. Shuningdek, ular ayrim ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha jarima qo‘llashga haqli.
Chorshanba kuni tushdan keyin Toshkentda kuchsiz zilzila sezildi. Uning epitsentri Afg‘onistonda bo‘lib, u yerda zilzila kuchi 5 ballni tashkil etgan.
Zo‘ravonlikka qarshi kurashuvchi Nemolchi.uz loyihasi asoschisi Irina Matviyenko unga noma’lum shaxslar o‘lim bilan tahdid qilgani sababli O‘zbekistonni vaqtincha tark etganini ma’lum qildi. U bu haqda huquq-tartibot idoralariga ham ariza bilan murojaat yo‘llagan.
Senat tadbirkorlik subyektlarining bank hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini ularning roziligisiz qonunga xilof ravishda o‘tkazganlik yoki olib qo‘yganlik yoxud ortiqcha undirilgan mablag‘larni o‘z vaqtida qaytarmaganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari belgilashni ko‘zda tutuvchi qonunni ma’qulladi.
O‘zbekistonda daraxtlarni raqamli inventarizatsiyadan o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Loyiha 3 bosqichdan iborat. Birinchi bosqichda Tabiat resurslari vazirligi sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlarni tahlil qilib, mamlakatning “Yashil indeks”ini aniqlamoqchi. Hozir Sirdaryo viloyatida sinov ishlari ketmoqda.
TOK BOR tarmoqni rivojlantirish va O‘zbekistonning yirik shaharlari va chekka burchaklarini tez quvvatlantirish stansiyalari bilan jihozlashning birinchi bosqichi yakunlanganini e’lon qildi.
O‘zbek-qirg‘iz chegarasida maxfiy yo‘l ochgan farg‘onalik shaxs va yana 5 kishiga sud hukmi o‘qildi. Yo‘l orqali Qirg‘izistonda noqonuniy tovarlar, O‘zbekistondan esa xorijiy valyutalar o‘tkazib turilgan. Sud hukmi bilan 3 nafar ayblanuvchi 6−7 yilga qamaldi, yana 3 nafariga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Yunusobod tumanidagi Bo‘zsuv kanaliga 1,5 yoshli bolasi bilan o‘zini tashlagan ayolni PPX xodimlari qutqarib qoldi. Ushbu harakatga “og‘ir hayotiy vaziyat” sabab bo‘lgan. 20 yoshli ayol ishidan afsusdaligi va ularni qutqarganlardan minnatdor ekanini aytdi. Bola vaqtincha mehribonlik uyiga topshirildi.
Senat endilikda daraxtlar va butalarni shikastlantirganlar va bu borada loyihalar tayyorlaganlarni ham javobgarlikka tortish ko‘zda tutilgan qonunni ma’qulladi.
Rassom Inkuzart Orol dengizining qurigan qismida diametri 100 m bo‘lgan tinchlik ramzini chizib, o‘sha yerga ming tupdan ortiq saksovul ko‘chatlarini o‘tqazdi. “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida u buning uchun hech kimdan moddiy yordam so‘ramagani va loyiha uchun avvaldan pul yig‘ib yurganini aytdi.
Jizzax viloyatida 3 nafar shaxs soxta Green Card hujjatlarini tayyorlab, 103 kishining 2 mlrd 597 mln so‘mini firibgarlik bilan qo‘lga kiritgani aniqlandi. Ularning biri 9 yilga qamaldi, 2 nafariga qidiruv e’lon qilindi.
Qarshi tumanida “Jiguli” yonib ketdi. Haydovchi o‘rindig‘ida 22 yoshli yigitning jasadi borligi aytilmoqda. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, marhumning o‘limi sabablarini aniqlash bo‘yicha ekspertizalar tayinlandi.
3-may kuni Toshkent shahrida quyoshning ultrabinafsha nurlanish indeksi 12 balli shkalada 10 ball bo‘lishi kutilmoqda. Nurlanish qoq tush payti maksimal darajaga yaqinlashadi. SSV soat 11:00 dan 16:00 gacha quyosh nurlari ostida uzoq vaqt yurmaslik va boshqa tavsiyalarni berdi.
AQSh elchisi Jonatan Henik “Mushtum” jurnalini 100 yillik yubileyi bilan tabriklash maqsadida jurnal tahririyatida bo‘ldi. U “Mushtum”ning muxlisi ekanini va elchixona jurnalga obuna bo‘lganini aytgan. “Elchining tashrifidan boshimiz osmonga yetdi”, — dedi jurnal bosh muharriri Nosirjon Toshmatov.
Toshloq tumanida qiziga ota-onasi bilan maktabga kelishini talab qilgani uchun sinfxonada pedagogni haqoratlab, kaltaklagan ayolga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Ayol qilmishi uchun uzr so‘ramagan va endilikda 6 mln so‘m miqdorida jarima to‘laydigan bo‘ldi.
“Surxon” davlat qo‘riqxonasidan Buxoro tog‘ qo‘yining bolasini noqonuniy olib ketishga uringan ikki erkak ushlandi. Tezkor reyd tadbiri davomida qo‘lga olingan huquqbuzarlar Qashqadaryoning Dehqonobod tumanida istiqomat qilishi aniqlandi. Ularga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Ombudsman idorasi tadbirkorlar Dilshod To‘raxo‘jayev va Xasanboy Abdunabiyevning qiynoqqa solingani haqidagi xabarlarni alohida nazoratga oldi. “O‘zbekiston inson qadr-qimmatini yerga uradigan, insoniylikka zid bo‘lgan qiynoqlarning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurash yo‘lini tanlagan”, — deyiladi bayonotda.
Buxoroda 4 kishi tomonidan zo‘rlangani aytilgan 13 yoshli qiz, O‘zbekistonda referendum yuqori darajada o‘tganini qayd etgan MDH missiyasi, 42 nafar nepallikni $124,5 mingga aldab ketgan buxoroliklar, Toshkentga kelgan yangi avtobuslar atrofidagi muammolar va boshqalar — “Gazeta.uz”ning kun dayjestida.
Toshkent shahar transport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayevning aytishicha, ikkita “garmoshka” avtobus daraxt shoxlariga urilgan ko‘chada yo‘l tasmalari chaproqqa surib qaytadan chiziladi. Shuningdek, u poytaxt ko‘chalarining parametrlari ushbu avtobuslarning o‘lchamlariga to‘liq mos kelishiga ishontirdi.
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 18 mln so‘m miqdorida bir martalik pul mukofot beriladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting