Nukus voqealari bo‘yicha sud tafsilotlari, Rossiyadan qaytgan migrantlar, Surxondaryoda mast odamni bosib ketgan Lada, 10 oyda dunyoga kelgan 18,2 ming egizak, O‘zbekistonda xorijiy telekanallar ko‘payishi, AQSh va O‘zbekistonning strategik sheriklik muloqoti va boshqalar — «Gazeta.uz»ning kun dayjestida.
Bu ASUS`ning maxsus loyihasi bo‘lib, uning doirasida berib boriladigan qator materiallarda g‘oya tashabbuskorlari kundalik hayotining bir kuni haqida gapirib beradi. Loyiha maqsadi — ularning kuni nimalar bilan bandligi va aslida qancha vazifani bajarishga to‘g‘ri kelishini ko‘rsatib berishdir.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga ko‘ra, Qoraqalpog‘istondagi voqealar vaqtida halok bo‘lganlarning ismlari va ularning o‘limlari sabablari sud jarayonida birma-bir e’lon qilinib, muhokama etiladi. Halok bo‘lganlar ro‘yxati shu vaqtgacha e’lon qilinmagan.
Nukus voqealari bo‘yicha ayblanayotgan 22 kishining sud jarayoni uchun sudya biror shaxs tomonidan emas, balki axborot tizimi tomonidan tanlangan. Bosh prokuraturaning tushuntirishicha, sudning Nukusda emas, Buxoroda o‘tayotgani Qoraqalpog‘istondagi tergov hibsxonasidagi ta’mirlash ishlari bilan bog‘liq.
Nukus voqealarida namoyishchilarga qarshi qurol qo‘llanilishining qonuniyligi alohida jinoyat ishi doirasida tergov qilinmoqda. Bosh prokuratura «jamoatchilikni xavotirga solayotgan ushbu holatlar»ga huquqiy baho berilishi, agar holatlar tasdiqlanib, ish sudga oshirilsa, sud ochiq tartibda o‘tishini ma’lum qildi.
Yanvar-noyabr oylari davomida O‘zbekistonda 18230 nafar egizak chaqaloq tug‘ildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1408 nafarga ko‘pdir.
10 oy davomida Maktabgacha ta’lim vazirligi tizimida 380 ta korrupsion holat aniqlandi, natijada 383 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi. 200 taga yaqin holat ish haqi, rag‘batlantirish, qimmat narxlarda davlat xaridlarini amalga oshirish, qurilishga ajratilgan pullarni talon-toroj qilish bilan bog‘liq.
Poytaxtning Uchtepa tumanidagi prezident borib ko‘rgan «Shirin» mahallasida ko‘chalarni muzdan tozalash ishlari boshlandi. Bir kun avval Shavkat Mirziyoyev «Sizlar ishlamaganlaring uchun davlat yomonga chiqyapti», — deya tuman hokimi Farhod Abdullayevni tanqid qilgan edi.
Mirzo Ulug‘bek tumanida ikki yo‘lovchi tashuvchi avtobus ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Oqibatda ikki nafar yo‘lovchi tan jarohat oldi.
Qarshi davlat universiteti talabasi viloyat hokimi bilan uchrashuvda tanqidlarga javob qaytaruvchi blogerlar jamoasini tuzish taklifini berdi. Qashqadaryo rahbari Murotjon Azimov esa uning shu taklifi uchun hokimlikka ishga olinishini ma’lum qildi.
Tarmoqlarda Andijon viloyatida pul evaziga mijozlar gaz quyish shoxobchasiga navbatsiz kiritilayotgani aytilgan video tarqaldi. Viloyat IIB holat Oltinko‘l tumanida sodir bo‘lgani va 2 nafar shaxs 15 sutkaga qamalganini ma’lum qildi.
Iordaniyaning Jordan Aviation aviakompaniyasi Amman-Toshkent-Amman yo‘nalishida yangi parvoz yo‘nalishini ochdi. Reyslar charter asosida ikki haftada bir marta Boeing-767 samolyotlarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Olmazor tumanida harakatlanib ketayotgan Matiz yonib ketdi. Mashinadagi qisqa tutashuv o‘t chiqishiga sabab bo‘ldi.
Yanvar-noyabr oylarida xorijiy davlatlardan 508 ming nafar, birgina Rossiyaning o‘zidan esa 317 mingdan ortiq migrant Vatanga qaytib kelgan. Mehnat vazirligi vakiliga ko‘ra, migrantlar qishni O‘zbekistonda o‘tkazib, bahorda yana qaytib ketadi, bu doimiy kuzatiladigan holat.
Angor tumanida Lada Samara haydovchisi mast holda yo‘lda yotgan piyodani bosib ketdi. 46 yoshli fuqaro voqea joyida vafot etdi.
Hozirda 2 mln nafardan ortiq o‘zbekistonlik mehnat migrantlari xorij davlatlarida ishlamoqda, deya ma’lum qildi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshqarma boshlig‘i Azim Ahmatov. Ularning 1,5 mln nafari Rossiyada, deyarli 200 ming ortiq migrant esa norasmiy faoliyat yuritmoqda.
Seshanba kuni respublikada yana 101 kishi kovidga chalindi (oldingi kun 58 kishi kasallik yuqtirgandi). Pandemiya boshlangan 2020 yilning mart oyidan beri rasman koronavirusga chalinganlar soni 248 mingdan ortdi.
Samarqand shahri, Oqdaryo, Toyloq, Jomboy va Samarqand tumanlaridagi ayrim maktab o‘quvchilari qishki ta’tildan ertaroq qaytadi. Ular sentabrda o‘tkazilgan SHHT sammiti sababli qoldirgan darslar o‘rnini qishki ta’til kunlarining oxirgi 5 kuni hisobidan to‘ldiradi.
O‘zbekistonda efirga uzatiladigan xorijiy telekanallar ro‘yxati 50 tadan 192 taga kengaytirildi. AOKA bunday qaror fuqarolarning turli manbalardan to‘liq va xolis axborot olish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida qabul qilinganini ma’lum qildi.
Nukus voqealari bo‘yicha sudda fuqaroviy da’vogarlar va jabrlanuvchilar so‘zlashda davom etmoqda. Bu haftada Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiya harbiylari, IIV xodimlari va boshqalar so‘zlamoqda. Bir necha sudlanuvchi kechirim so‘ragach, ayrim harbiy xizmatchilar suddan ularni kechirishni so‘rashdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting