9 may kuni kechqurun Toshkentdagi «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida «Xotira va qadrlash kuni»ga bag‘ishlangan bayram salyuti tashkil etiladi.
Bir qator oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, go‘sht, o‘simlik yog‘i va kartoshkani olib kirish va sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘ining nol stavkasi muddati 2022 yil oxirigacha uzaytirildi. Shuningdek, Mo‘ynoq tumanidagi mahalliy sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohalaridagi tadbirkorlar 2031 yilgacha ayrim soliqlarni 1 foizda to‘laydi.
Dam olish kunlari O‘zbekistonning katta qismida quruq va juda iliq ob-havo bo‘lishi, havo harorati +30…+35 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda. 9-may kuni Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro va Navoiyda yomg‘ir yog‘adi. 10-mayda esa respublika bo‘ylab kuchli jala quyishi mumkin, harorat esa +23…+28 darajagacha pasayadi.
Markaziy bank prezident Shavkat Mirziyoyev shaxsiga bag‘ishlangan qimmatbaho metallardan tayyorlangan tangalar yoki banknotlarni muomalaga chiqarmaganligini ma’lum qildi.
O‘zbekiston chegarachilari Qirg‘izistonning uch fuqarosiga qarshi qurol ishlatgani aytilmoqda. Qirg‘iziston chegara xizmati fuqarolarning barchasi olgan jarohatidan vafot etganini ma’lum qildi. Ikki davlat vakillari vaziyatga oydinlik kiritish uchun uchrashgan. Voqea yuzasidan tergov davom etmoqda.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” Qamchiq dovonida sodir bo‘lgan sel oqibatida ketma-ket ikkinchi kun Farg‘ona vodiysiga harakatlanuvchi poyezdlar qatnovi to‘xtatilganini ma’lum qildi. 6 mayga mo‘ljallangan chiptalar puli yo‘lovchilarga 100 foiz qaytarib beriladi.
Soliq kodeksiga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlarga binoan nogironligi bo‘lgan shaxslarning soliqqa tortilmaydigan daromadlari miqdori oshirildi. Shuningdek, soliq imtiyozi berilgan ayrim soliq to‘lovchilari mazkur soliqlarni 1 foizi miqdorida to‘laydi. Yangi barpo etilayotgan bog‘lar, tokzorlar va tutzorlar egallagan yerlarni yer solig‘idan ozod qilish muddati uzaytirildi.
O‘zbekistonda madaniy meros yodgorliklariga nisbatan sodir etilayotgan noqonuniy xatti-harakatlar yoki ularga yetishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlar haqida xabar berish uchun ishonch telefoni ishga tushirildi.
Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida davolanayotgan bolalar uchun «Mehrli maktab» davlat ta’lim muassasasi tashkil etildi. Muassasada 2 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun maktabgacha ta’lim hamda 1−11-sinflar uchun umumiy o‘rta ta’lim beriladi.
XTV maktablar, maktab-internatlari va Mehribonlik uylarida ovqatlanishni autsorsingga topshirish bo‘yicha hukumat qarori loyihasini ishlab chiqdi. Autsorsing kompaniyalari foydalanadigan maktab o‘quvchilarining kunlik ratsional ovqatlanish normalari SSV tomonidan tasdiqlanadi.
Kuchli yomg‘ir tufayli suv ostida qolgan Toshkent ko‘chalari, poytaxt aeroportida bagaj bo‘linmasi ishini efirga uzatish boshlangani, Sportchi Elbek Rahimovning o‘limi bo‘yicha o‘qilgan sud hukmi, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari g‘oliblariga beriladigan mukofot, madaniy meros obyektiga aylantiriladigan Chorsudagi 7 gumbaz va boshqalar — 5 maydagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Qarshida sportchi Elbek Rahimovning o‘limi bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha sud hukmi o‘qildi. 26 nafar ayblanuvchi orasida uch nafar voyaga yetmagan bola va uch nafar ichki ishlar organlari xodimi ham bor. Ulardan 19 nafari 3 yildan 20 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Ayblanuvchilar moddiy va ma’naviy zararni ham qoplashlari shart.
«Toshkent» xalqaro aeroportiga yetib kelgan yo‘lovchilar o‘z yuklarini endi kameralar orqali kuzatishlari mumkin. Bu yukchilarni intizomga chaqirishi va kutish vaqtini qisqartirishga xizmat qilishi kerak. Ilgari yo‘lovchilar chamadonlarning shikastlangani haqida ko‘p shikoyat qilishardi.
Madaniy meros agentligi Chorsu bozoridagi markaziy gumbazga hamohang tarzda qurilgan 7 ta kichik gumbaz davlat muhofazasiga olinganini ma’lum qildi. Agentlik rahbarining birinchi o‘rinbosari Tursunali Kuziyevning so‘zlariga ko‘ra, gumbazlar Toshkentning yuzi hisoblanadi. Ilmiy ekspert kengashi a’zosi Zafar Hakimovning fikricha, Eski-Juva makonini arxeologik yodgorlik sifatida saqlab qolish kerak. Agentlik Chorsu bozorini Eski shaharning tarixiy hududi sifatida ro‘yxatga olishni rejalashtirayapti.
Tashkent City`dagi Nest One osmono‘par binosi qurilish maydonchasida sodir bo‘lgan yong‘in o‘chirildi, jabrlanganlar yo‘q.
Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida g‘olib bo‘lgan sportchilar, ularni tayyorlagan murabbiylar va boshqa mutaxassislar qo‘shimcha ravishda pul mukofotlari bilan rag‘batlantiriladi.
Andijonga Xitoydan konditsioner va kuzatuv kamerali 14 ta yangi avtobus keltirildi. Ular 70 yo‘lovchini tashish imkoniga ega.
Hukumat qarori bilan Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablarga o‘quvchilarni qabul qilish tartibi belgilandi. Unga ko‘ra, imtihonlar aniq va tabiiy fanlar, ingliz tili hamda mantiqiy fikrlash bo‘yicha o‘tkaziladi.
“Yuksalish” harakati O‘zbekistonda 9 may sanasini siyosiy tus bermasdan, vazmin hamda jamiyat qadriyatlaridan kelib chiqqan holda nishonlashni so‘radi. Harakat ushbu sana jamiyat uchun tinchlikning qadriga yetish kuni sifatida qadriyatga aylanib qolganini eslatib o‘tdi.
O‘zbekistonning 2022 yildagi ShHT sammitiga raisligi doirasida 19−20 may kunlari Toshkentda tashkilotga a’zo davlatlarning turizm sohasi mutasaddilari ishtirokida turistik forum bo‘lib o‘tadi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting