Maktablarda o‘quvchilar ishtirokida Yangi yil tadbirlarini o‘tkazish, ota-onalardan bayramni nishonlash uchun pul yig‘ish va archalarni bezatishga taqiq joriy etildi.
Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan fuqarolarga yangi 2021-yil bayrami tadbirlarini oila davrasida o‘tkazish tavsiya etilmoqda. Shuningdek, vazirlik, davlat idora va tashkilotlariga korporativ bayram tadbirlarini tashkil etish taqiqlandi. “Prezident archasi” bayrami faqat mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari uchun o‘tkaziladi.
Toshkent shahrida joylashgan 11 ta Davlat xizmatlari markazlari xodimlari 10 oy davomida yarim stavka oylik maoshga to‘liq ish rejimida faoliyat yuritgani ma’lum bo‘ldi. Mazkur holat bo‘yicha DXA Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Sanjar Abdullayev: “To‘g‘ri, to‘liq stavkada emas. Lekin, yarim stavka degani u majburiy emas, ishlaganiga albatta haq to‘langan. Qonunga zid ravishda mehnat olib bormagan”, — deya tushuntirish berdi.
Voyaga yetmagan maktab-internati tarbiyalanuvchisiga tan jarohatlari yetkazgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bola huquqlari bo‘yicha Ombudsman holatni nazorat ostiga olinganligini va zo‘ravonlar jazolanishini ta’kidladi.
Prezident Urganch shahridagi yig‘ilishda har bir hokim, iqtisodiy kompleks rahbarlari hududdagi muammolar bo‘yicha tizimli ishlashi kerakligini ta’kidladi. «Prezident bir yilda bir kelib, ko‘rib ketgani bilan natija bo‘lib qolmaydi», dedi u. Shavkat Mirziyoyev «mahalla raisi — islohotchi» tamoyili asosida ijtimoiy muammolarni hal qilish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishini ta’kidladi.
Toshkentda 38 va 58-avtobus haydovchilari Shota Rustaveli ko‘chasida poyga uyushtirishdi. Haydovchilarning shaxsi aniqlanib, ularga 1 115 000 ming miqdorida jarima belgilandi.
Xalq ta’limi vazirligi qishqi ta’til boshlang‘ich sinflar uchun 25-dekabr, yuqori sinflar uchun 26-dekabrdan boshlanishini ma’lum qildi. Qolaversa, ta’tillarni o‘zgartirish bo‘yicha takliflar yuzasidan ham munosabat bildirildi. Aytilishicha, maktablarni isitishdan ko‘ra, sovutishga ko‘proq elektr energiya resurslari talab etiladi.
Toshkentning Yunusobod tumanida ayol kishining murdasi qotillik alomatlari bilan topildi. Hozirda tezkor tergov harakatlari olib borilmoqda.
Toshkentdagi avtobus bekatlarini yagona konsepsiya asosida yangilash rejalashtirilmoqda. Bekatlarda elektron tablo, WI-FI, kuzatuv kamerasi, zamonaviy dizayndagi o‘rindiqlar, mobil qurilmalar quvvatlash manbalari, panduslar o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. Bekatlarda do‘konlar bo‘lmasligi ham ma’lum qilindi.
Buxoro shahar prokurori Jasur Fozilov Shavkat Mirziyoyev va prezident administratsiyasi rahbariga videomurojaat bilan chiqib, bosh prokurorga aloqadar jinoyatlarni fosh etmoqchiligi, uning Mega Bukhara savdo majmuasi qurilishiga bevosita aloqadorligini ta’kidladi. Shuningdek, mazkur ob’ekt qurilishiga ketgan harajat 1 trln so‘mga yetishi va xalqning yonidan qoplanayotganini aytdi. Bosh prokuratura holat bo‘yicha bayonot bilan chiqdi.
Rossiyada qolib ketgan O‘zbekiston fuqarolarini mamlakatga olib kelish maqsadida 14, 21 va 28 dekabr kunlari Moskvadan Toshkentga maxsus poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
Zira.uz dan oldindan tayyorlab, muzlatib qo‘ysa bo‘ladigan yeguliklar jamlanmasi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tadbirkorning Yoshlar ittifoqi uchun Jizzaxda 14 mlrd so‘mdan ko‘proqqa bino qurgani va shu pulning 9 mlrd so‘mini olmagani haqidagi xabarlar tarqaldi. U shuningdek, 15 dekabr kuni ittifoq markaziy kengashi binosi oldida ochlik e’lon qilishini aytdi. Yoshlar ittifoqi ushbu holat yuzasidan munosabat bildirib, qarzdorlik 5,6 mlrd so‘m ekanini qayd etdi.
16 yoshga to‘lgan fuqarolarga ID-karta berish ularni soliq to‘lovchilar ro‘yxatiga kiritish hamda jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobga qo‘yish bilan bir vaqtning o‘zida amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.
Navoiy viloyatida ov mavsumida mumkin bo‘lgan kvotadan tashqari 13 ming boshdan ortiq yovvoyi hayvonlar noqonuniy ovlanishiga imkoniyat yaratilgani aniqlandi. O‘tgan yili 1 707 holatda noqonuniy ov amalga oshirilib, vaqtida choralar ko‘rilmaganligi ham ma’lum bo‘ldi.
Yil boshidan beri is gazidan zaxarlanib 61 nafar fuqaro, gaz chaqnashi oqibatida esa 19 nafar fuqaro vafot etganligi qayd etildi.
Dam olish kunlari yuqori siklonli bulutli massiv asta-sekin O‘zbekistonning qolgan hududlariga siljiydi. Shu kunlarda havo harorati deyarli o‘zgarmaydi, kechalari 2−7 daraja sovuq, kunduz kunlari 0−5 darada iliq atrofida, ba’zi joylarda 2 daraja sovuqqacha bo‘ladi.
O‘zbekistonda internet xizmatidan foydalanuvchilar soni — 22,1 milliondan oshdi. Shundan mobil internet foydalanuvchilari soni — 19 millionni tashkil etmoqda. Mamlakat bo‘yicha aholi punktlarining mobil aloqa bilan qamrab olinishi darajasi 97 foizni, mobil internet qamrovi esa 87 foizni tashkil etdi. Dekabr oyi boshida maktablarning 70% va sog‘liqni saqlash muassasalarining 78% internetga ulangan.
2021 yil 1 apreldan davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari, mahalliy hokimiyatlar tomonidan sudlanganlik, manzil-ma’lumot axboroti, fuqaroning nomida shaxsiy uy-joy borligi yoki yo‘qligi, soliq qarzi bor yoki yo‘qligi, nikoh yoki ajrashganlik va boshqa faktlarni tasdiqlovchi ma’lumotnomalarni so‘rashni bekor qilish taklif qilinmoqda.
Surxondaryo viloyatidagi «Kampirtepa» qal’asi devori qulaganidan so‘ng, akademik E.V.Rtveladze bunday buzilishlar o‘tgan yili ham bo‘lganligi va bu ataylab qilinganligini ta’kidladi. Ushbu holat yuzasidan Bosh prokuratura tekshiruv o‘tkazishi rejalashtirilmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting