Toshkentda ochilgan Botir Zokirov haykali, 23-maydan boshlanadigan Haj mavsumi, yomg‘irdan so‘ng suv bosgan Toshkent ko‘chalari, sobiq bosh prokuror o‘g‘lining Dubaydagi ofislari va boshqalar — “Gazeta.uz"ning kunlik dayjestida.
Toshkent aholisining shikoyatlari sabab hokimiyat yaqin 2 oyda barcha LED ekranlardagi reklamalarning yorug‘lik darajasini tekshirib chiqmoqchi. Dastlabki o‘rganishlarda ularning 90 foizidan ko‘pi me’yordan ortiq yorug‘lik tarqatishi aniqlangan. Endi ushbu tartibni buzgan ekran egalari elektr tarmog‘idan uzib qo‘yiladi.
2024-yilning 14-may kuni Yerevanda bo‘lib o‘tgan YeTTB boshqaruvchilar kengashining 33-yillik yig‘ilishida “Asakabank” O‘zbekistonda savdoni moliyalashtirish bo‘yicha “Eng faol emitent bank” sifatida e’tirof etildi.
19-may kuni “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida “Xavfsiz hayot uchun birlashaylik” shiori ostida keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy, vatanparvarlik va sport tadbirlari bo‘lib o‘tadi. Bosh sovrin — 10 mln so‘m.
Fuqarolar ko‘chmas mulk xaridi uchun shartnoma tuzayotganda noqulay sharoitga tushishi yoki firibgarga aldanib qolishi mumkin. “CaEX Bizning uylar 2024” ko‘rgazmasida ekspertlar shartnomada nimaga e’tibor berish kerakligi, boshqa davlatlarda xaridor va davlat budjeti qanday sug‘urta qilinishini tushuntirdi.
Maydan sentabr oyiga qadar Toshkentning qator chorraha va ko‘chalarida rekonstruksiya ishlari olib boriladi. Jarayon soat 22:00 dan 06:00 gacha bajarilishi reja qilinmoqda. Hokimlik “ish jarayonida noqulayliklar tug‘ilishi muqarrar ekani”, biroq barcha imkoniyatlarni ishga solishini bildirdi.
Toshkent metropoliteni xodimasi firibgarlikda gumonlanib ushlandi. U fuqaroni 2 mln so‘m evaziga ishga joylab qo‘yishni va’da qilgani aytilmoqda.
Xalqaro jurnalistlar Dubaydagi mulk egalari haqida ma’lumot beruvchi Dubai Unlocked surishtiruvini e’lon qildi. Unda O‘zbekiston sobiq bosh prokurori Rashitjon Qodirovning o‘g‘li — qidiruvga berilgan Alisherbek Qodirovning umumiy qiymati deyarli 8 mln dollar bo‘lgan 4 ta ofisga egalik qilishi aytilgan.
Telegram kanallarida Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlarida bola o‘g‘rilari paydo bo‘lgani bilan izohlangan videolar tarqaldi. Ikki viloyat IIBlari ushbu xabarlar asossiz ekani, videolarda esa boshqa holatlar tasvirlanganini ma’lum qildi.
O‘zbekistonda 2024-yilgi Haj mavsumi 23-maydan boshlanadi. Saudiya Arabistonining Madina shahriga O‘zbekistonning 10 ta shahridan 7-iyunga qadar har kuni aviaqatnovlar amalga oshiriladi.
IT Park University`da kirish imtihonlarini topshirishda MacBook Pro aksiyasida ishtirok etish imkoniyati mavjud.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 19 ta holatda 8,1 mlrd so‘mlik davlat xaridlarining qonunchilikka zid amalga oshirilishi oldi olinganini ma’lum qildi. Eng ko‘p qonun buzilishi holatlari ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida aniqlangan.
Kunning birinchi yarmida Toshkent shahrida yog‘ib o‘tgan qisqa va shiddatli yomg‘ir ko‘chalarni suvga to‘ldirdi. Tarqalgan videolarda mahallalar, avtomobil yo‘llari va bozorlarni suv bosganini ko‘rish mumkin. Video.
Uzum Market Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birgalikda reabilitatsiya vositalarini yetkazib berish loyihasini ishga tushirdi.
Paxtaobod tumanida 21 yoshli Lacetti haydovchisi svetoforning yashil chirog‘ida piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan fuqaroni urib yubordi. YTH oqibatida 41 yoshli piyoda oyoq sinishi bilan bog‘liq jarohat oldi.
Xotin-qizlar ko‘proq ruhiy, shuningdek, jismoniy va iqtisodiy zo‘ravonlikka uchramoqda, dedi IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Umida Abdullayeva. Uning aytishicha, 86−87 foiz zo‘ravonlik oilalarda kuzatilyapti. 2024-yilning uch oyida ayollarga 10 mingdan ziyod himoya orderi berilgan.
Yakkasaroy tumanidagi Bobur ko‘chasining ayrim qismlarida yo‘l bir tomonlama noma’lum muddatga yopildi. U yerda 15-may kuni soat 22:00 dan boshlab ta’mirlash ishlari boshlandi. Haydovchilardan yondosh ko‘chalardan harakatlanish so‘ralgan.
Pastdarg‘om tumanida qulab tushgan uy egasi IIBga murojaat qilib, unga 300 ming dollar miqdorida moddiy zarar yetkazilganini bildirdi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Qurilish vazirligi uning qo‘shnisi loyiha hujjatlariga amal qilmasdan yer qazish ishlarini olib borganini ma’lum qildi.
Rehina Mariya Kastijio BMT Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari bo‘ldi. Bungacha u fondning Xorvatiya va Paragvaydagi vakolatxonalarini boshqargan.
Toshkent shahri Yashnobod tumanida MAN va Yutong avtobuslari to‘qnashdi. YTHda jarohat olganlar yo‘q, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting