Tirigi emas, o‘ligi tanilgan 12 yoshli qiz voqeasi, Toshkentda ochilgan gaz «zapravka»lar ro‘yxati, Nukus voqealari bo‘yicha navbatdagi sud, YeOII mamlakatlari bilan tashuvlarni soddalashtirishga intilayotgan O‘zbekiston, diniy qo‘shiq tarqatib 5 yilga qamalgan yigit va boshqalar — «Gazeta.uz»ning kun dayjestida.
Qoraqalpog‘iston voqealarining yana 39 nafar ishtirokchisi ustidan sud jarayoni 6 fevralda boshlanadi. Ayblanuvchilar JKning «talonchilik», «ommaviy tartibsizliklar», «noqonuniy o‘qotar qurol saqlash» va boshqa moddalarida ayblanmoqda. Ba’zi ayblanuvchilarning qayerdaligi bir necha oy davomida noma’lum edi.
Toshkentda bedarak yo‘qolgan 12 yoshli qizning murdasi 1 fevralga o‘tar kechasi o‘zi yashagan uy oldidan topilgandi. Qizni qidirish ishlarida uni o‘ldirishda gumon qilinayotgan qo‘shni yigitning o‘zi ham qatnashgan. Qizning onasi prezidentga murojaat qilib, aybdorga «eng oliy jazo» tayinlanishini so‘radi.
Yanvar oyida O‘zbekistonda 33 mingdan ortiq xonadonning bir oylik iste’moliga teng bo‘lgan 5,6 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish bo‘yicha 511 ta holat aniqlandi, deb xabar berdi Energetika vazirligi.
Jizzaxda 4 kishi is gazidan zaharlanib vafot etdi. Ulardan ikki nafari talaba bo‘lgan. Hodisaga isitish tizimining tabiiy gazdan foydalanish va yong‘in xavfsizligi qoidalariga zid ekani sabab bo‘lgani aytilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi Anhor kanali bo‘yida obyekt qurilishi davom etayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Jamoatchilik bunga qarshilik bildirdi. Qurilish vazirligining ma’lum qilishicha, kompaniya bir necha ogohlantirishga qaramay jarayonni davom ettirgan. Hozirda qurilish ishlari to‘xtatildi.
Baliqchi tumani tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo‘limida 5 yoshli qiz vafot etgani aytilmoqda. Holat bo‘yicha birlashma shifokorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
3 fevral holatiga ko‘ra, Toshkent shahrida 35 ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSH) faoliyati qayta tiklandi.
Yoshlar ishlari agentligining Qoraqalpog‘iston boshqarmasi fuqarolarning foydalanilmayotgan buyumlarini ehtiyojmandlarga tarqatish bo‘yicha aksiyani boshladi. Boshqarmaning Nukusdagi binosi oldiga «saxovat konteyneri» o‘rnatildi. Odamlar keltirgan buyumlar shu yerda to‘planib, ehtiyojmandlarga yetkazib berilmoqda.
Texnika universiteti 4-kurs talabasi diniy qo‘shiqlarni tanishlari orasida tarqatgani uchun besh yilga ozodlikdan mahrum etildi. Diniy qo‘mita xulosasiga ko‘ra, aqidaparastlik g‘oyasiga asoslangan ushbu nashidani O‘zbekiston hududiga olib kirish va tarqatish taqiqlanadi.
Mobile Retail (Elmakon brendi)ning «ikkinchi xotin» uchun texnika reklama qilingan bannerlari demontaj qilindi, deb xabar berdi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi. Davlat idorasi buni reklama to‘g‘risidagi qonunga zid deb baholadi.
O‘zbekistonga Kaspiy dengizi hududlaridan nam havo massalari kirib kelishi boshlanadi. Dam olish kunlari havo harorati kechalari 0…+5 daraja, kunduzi +5…+10 daraja atrofida bo‘ladi. Hududlarda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi.
Xorazmda fermer xo‘jaligi rahbari 7,3 gektar sug‘oriladigan yerda noqonuniy sun’iy ko‘l tashkil qilganlikda gumonlanmoqda. Buning ortidan u nobudgarchilikka yo‘l qo‘yib, davlatga 1,8 mlrd so‘m zarar yetkazgan. Unga nisbatan jinoyat ishi ochildi.
O‘zbekiston 2022 yilda 34 ta davlatdan yengil avtomobil import qildi. Statistika agentligiga ko‘ra, eng ko‘p mashina Xitoydan (11 159 dona) olib kelingan. Keyingi o‘rinlarda Koreya, Qozog‘iston va Rossiya qayd etilgan.
Prezident farmoni bilan O‘zbekiston Qurolli kuchlarini qurollantirish bo‘yicha davlat komissiyasi tashkil etildi. U maxsus organlarni qurol-yarog‘, harbiy va maxsus texnika bilan ta’minlash bo‘yicha yaqin, o‘rta va uzoq muddatli istiqbollarni belgilaydi, dasturlarni ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi.
O‘zbekistonda 45 mingdan ortiq shaxs OIV kasalligi bilan yashab kelmoqda. O‘tgan yilda infeksiyaga tekshiruvlar soni 700 mingdan 3,5 millionga yoki 5 barobarga ortgan.
To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Axsikent shahri xarobalaridan noyob tanga, Qoraxoniylar davriga oid devoriy suratlar va ming yillik Damashq qilichlari topildi. Restavratorlar buyumlarni ta’mirlamoqda.
Jasadi topilgan 12 yoshli qiz voqeasiga jamoatchilikning munosabati, yerosti gaz saqlash inshooti qayta ishga tushishini aytgan prezident, O‘zbekistonning demokratiya reytingidagi o‘rni, saqoqushni o‘ldirgan shaxs ushlangani, o‘zbekistonlikka qarshi sanksiya qiritgan AQSh va boshqalar — «Gazeta.uz»ning kun dayjestida.
O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan pushti saqoqushni o‘ldirgan erkakning shaxsi aniqlandi. U butun O‘zbekiston xalqidan kechirim so‘rab, bu holat boshqa qaytarilmasligini aytdi.
Kallixanovaning shartli hukmini zal olqishladi, Tajimuratov uning yelkasiga qoqib qo‘ydi. Tajimuratov hukmi oxirgi bo‘lib e’lon qilindi. U hukmni tinglayotganda hayron emasligini ko‘rsatib, boshini qimirlatdi va bir necha marta mushtini ko‘tardi. Hukm qanday chiqarilgani — «Gazeta.uz» reportajida.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting