Yangibozor tumanida haydovchilik guvohnomasi yo‘q mast fuqaro Damas avtomobilini boshqarib ketayotganda piyodani urib ketdi. Oqibatda piyoda olgan jarohatlari sabab vafot etdi.
Qarshi shahrida Nexia-3 haydovchisi piyodani urib, voqea joyidan qochib ketdi. Yo‘lovchi shifoxonaga yotqizildi. YTHni Kasbi tumanida yashovchi fuqaro sodir qilgani aniqlandi.
Namanganda YPX avtomobilida tug‘uruqxonaga olib ketilayotgan ayol qiz farzand ko‘rdi. Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy yordam sabab ona-bolaning salomatligiga hech qanday ziyon yetmadi.
O‘zbekistonda 1991 yilgacha qurilgan 31 mingta ko‘p qavatli uyning fasad qismi bazalt qoplamaga o‘tkazilib, muqobil energiya manbalari hisobiga issiq suv va elektr bilan ta’minlanadi. Yangi quriladigan uylarga energiya samaradorligi yuqori qurilish materiallari va jihozlaridan foydalanish majburiy bo‘ladi.
VeoliaToshkentda sifatsiz issiqlik ta’minoti uchun to‘lovni mustaqil ravishda qayta hisoblab chiqadi. Biroq agar isitish yoki issiq suv bilan bog‘liq muammolar uy ichidagi infratuzilma bilan bog‘liq bo‘lsa, unda qayta hisoblash bo‘lmaydi, deya ogohlantirdi kompaniya.
O‘zgidromet ma’lum qilishicha, 23 yanvar ertalab Toshkentdagi hisoblagichlar havoning yuqori darajada ifloslanganini (jahon AQI reytingida 1-o‘rin) ko‘rsatdi. Zararli ifloslantiruvchi moddalarning mavjudligi ruxsat etilgan chegaralardan oshmadi, deyiladi xabarda.
Buxoro ixtisoslashtirilgan «Jayron» pitomnigidagi 31 bosh turkman quloni «Sudoche-Akpetki» davlat buyurtma qo‘riqxonasiga qo‘yib yuborildi.
O‘zbekiston bo‘ylab ariq, daryo, ko‘l, hattoki sharsharalar muzlashi kuzatildi. FVV muz qoplamalari qalin bo‘lmagani uchun yorilish ehtimoli yuqori ekanini bildirib, fuqarolarni ko‘l ustidagi muzlarda uchmaslikka chaqirdi.
Ichki ishlar organlari xodimlari, kasb madaniyati bo‘yicha yangi kodeksga muvofiq, xushmuomala, e’tiborli, ehtiyotkor, fuqarolar va hamkasblariga nisbatan bag‘rikeng bo‘lishi lozim. Ular fuqarolarga qo‘pol muomalada bo‘lmasligi, sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak.
Rossiyaning «Azimut» aviakompaniyasi Mineralniye Vodi va Samarqand o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘ydi. Muntazam qatnovlar haftada bir marta — dushanba kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Respublika bo‘ylab sinf xonalarida havo haroratini me’yor darajasida saqlash imkoniyati bo‘lmagan 717 maktabda III chorak masofaviy shaklda boshlandi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ularni bosqichma-bosqich an’anaviy shaklga o‘tkazish choralari ko‘rilishini ma’lum qildi.
O‘zbekiston bo‘ylab sovuq havo massasining ta’siri ish haftasining oxirigacha saqlanib turadi. Yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat 25 yanvarda mamlakatning tog‘ oldi va tog‘li hududlarining ba’zi joylarda biroz qor yog‘adi.
Hukumat Toshkent shahrining 11 ta tumanidagi issiqlik tarmoqlari so‘nggi qismlarida joylashgan uylarni issiqlik va elektr bilan ta’minlashni yaxshilash bo‘yicha qaror qabul qildi. Buning uchun zudlik bilan kogeneratsiya uskunalari sotib olinadi.
O‘zbekistonda 23 yanvardan vanihoyat maktablarda uchinchi chorak boshlanadi. Biroq isitish bilan bog‘liq muammolar bo‘lgan maktablar hozircha darslarni onlayn shaklda davom ettiradi. Xususan, Toshkent shahrida 57 ta, Namangandagi 17 ta maktabda o‘quvchilar darslarni masofadan boshlaydi (ro‘yxat).
27 yanvardan boshlab elektr energiyasidan qarzi bor iste’molchilar yana avtomatik tarzda tarmoqdan uziladi. Avvalroq o‘chirishlar anomal sovuq ob-havo sabab to‘xtatilgandi.
22 yanvarga o‘tar kechasi Mirzo Ulug‘bek tumanida tezlikni oshirib harakatlangan Tracker yo‘l chetidagi avtobusga urildi. Oqibatda Tracker`ning old qismida yong‘in chiqdi, undagi yo‘lovchilar turli darajadagi jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizildi.
IIOning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘linmalari huzurida «To‘maris izdoshlari» jamoaviy guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ular qizlarning huquq va manfaatlari buzilishi bilan bog‘liq masalalarni aniqlashda ko‘maklashadi. Guruh a’zolariga test sinovlarisiz kvota asosida o‘qishga kirish huquqi beriladi.
Zangiota tumanida 3 ta issiqxona 5000 ta xonadonning bir kunlik iste’moliga teng tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotgani aniqlandi. Oqibatda davlatga 87 mln so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.
Qo‘qon shahrida viloyat YPX otryadi komandir o‘rinbosari Tracker avtomashinasini piyodalar o‘tish joyida qoldirdi. Viloyat IIB buning uchun xodim 600 ming so‘m jarimaga tortilganini ma’lum qildi.
Andijon tumanidagi choyxonada yong‘in kelib chiqdi. Oqibatda 70 kvadrat metr maydonda tom, shift va jihozlar yonib zararlandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting