24 noyabr kuni O‘zbekistonda 95 kishi (bir kun oldin 98 kishi) koronavirusga chalingani ma’lum bo‘ldi. Eng ko‘p kasallik Toshkent shahrida aniqlandi.
Juma kuni O‘zbekiston bo‘ylab yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati +15…+17 darajagacha, janubda esa +20 daraja atrofida bo‘ladi. Dam olish kunlari Qozog‘istondagi sovuq antitsiklon massalari ta’siri havo harorati kunduzi +8…+13 daraja, kechasi +3…+8 darajagacha pasayishi kutilmoqda.
Prezident qarori bilan tadbirkorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida birja tizimida ham akkreditatsiya qilish tartibi joriy etiladi. Shuningdek, 1 dekabrdan boshlab 13 oy muddatga monopol va davlat ishtirokidagi tashkilotlar ishlab chiqargan tovarlarni ichki bozorda faqat birja orqali sotish belgilandi.
Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida er-xotin is gazidan zaharlanib vafot etdi. Ular 3 kunlik yosh kelin-kuyov bo‘lgani va er o‘zi yasagan pechkalardan birini uyga o‘rnatgani aytilmoqda. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlandi.
22 noyabr kuni Farg‘ona tumanida ayol uyidan chiqib ketib, bedarak yo‘qoldi. Oradan ikki kun o‘tib, uning murdasi Qirg‘izistonning Batken viloyatidagi ariqdan topildi. Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Uzbekistan Airways Konstitutsiya kuni munosabati bilan barcha aviaqatnovlar uchun 8% chegirma e’lon qildi. Chegirma 25 noyabrdan 8 dekabrgacha bo‘lgan sotuv davrida amal qiladi.
Nozima Davletova Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashiga rahbar bo‘ldi. Bungacha u jamg‘arma direktori bo‘lgan. Mazkur lavozimda avvalroq Komil Allamjonov ishlagan edi.
«Gazeta.uz» 25 noyabr — «Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni» munosabati bilan turkum materiallarni e’lon qiladi. Birinchisi — himoya orderi haqida. Unda orderni qayerdan va qanday olish, jabrlanuvchi qay tartibda himoya qilinishi va zo‘ravonga ko‘riladigan choralar haqida bilib olasiz.
Dekabrda Qirg‘izistonga boradigan Shavkat Mirziyoyev, Toshkentda ayolni majburan mashinaga solib, uyiga olib ketgan ota-o‘g‘il, yana ortgan kovid statistikasi, IIV rahbari iste’fosini talab qilib, piket uyushtirgan bloger, AQShda olinayotgan Abdulla Oripov haqida film va boshqalar — «Gazeta.uz»ning kun dayjestida.
Toshkent xalqaro aeroportining jo‘nash terminali oldida O‘zbekistonda birinchi to‘liq avtomatlashtirilgan avtoturargoh ish boshladi. To‘lovni parkomat orqali naqd pulda yoki QR-kod bilan to‘lash mumkin. Parkomat qaytim ham qaytara oladi. Yaqin kunlarda kelish terminali oldida ham xuddi shunday avtoturargoh ochiladi.
«O‘zbekiston vohalari xazinalari. Karvon yo‘llari chorrahasida» Luvrdagi Markaziy Osiyo tarixiga oid birinchi ko‘rgazma bo‘ldi. Tashkilotchilar uning tashrif buyuruvchilarda mamlakatga qiziqish uyg‘otishiga ishonch bildirmoqda. «Gazeta.uz» muxbiri ko‘rgazmani birinchi bo‘lib tomosha qilgan jurnalistlardan biri bo‘ldi.
Social Progress kompaniyasi yo‘l harakati qoidalarini nazorat qilish tizimlari, shuningdek, qoidabuzish holatlarini foto va video qayd etish vositalarini ishlab chiqadi hamda joriy qiladi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi agentlik «Onlayn mahalla» platformasini ishlab chiqish uchun 8,4 mlrd so‘m (755 ming dollar) sarfladi. U hokim yordamchilarining samarali faoliyat yuritishi va boshqa maqsadlarda foydalanish uchun mo‘ljallangan.
Toshkentga otasi bilan kelgan erkak o‘z ayolini majburan mashinaga solib olib ketdi. IIBB bunga oilaviy kelishmovchilik sabab bo‘lganini aytdi. Aniqlanishicha, ayol farzandini otasida qoldirib, Qashqadaryodan Toshkentga ketib qolgan. Ular ayolni Uchtepa tumanidan topgan va uyga olib ketgan.
Xonobod shahridan o‘tuvchi «Xonobod-Turkobod» avtomobil yo‘lining 7 km qismidagi asfaltbetonni me’yordan kam yotqizilganiga ijobiy xulosa bergan pudratchi tashkilot davlatga qariyb $87 minglik zarar yetkazgani aniqlandi. Hozirda boshqarma hodimlariga nisbatan jinoyat ishi ochildi.
Prezident qaroriga ko‘ra, 1 dekabrdan haydovchilar qoidabuzarligi uchun jarima ballarni hisoblash boshlanadi. Haydovchi tezlikni oshirsa 1 ball, qizil chiroqda o‘tsa 3 ball jarima yoziladi. Bir yilda qoidabuzarliklari 12 balldan oshgan haydovchi ma’lum muddatga avtomobil boshqarish huquqidan mahrum bo‘ladi.
Surxondaryoning Denov tumanida yashovchi fermer xo‘jaligi raisi tasarrufida bo‘lgan 1 gektar yerni boshqa fuqaroga 100 ming dollar evaziga sotishga kelishib, oldindan 20 ming dollar olganda qo‘lga olindi. Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Fuqarolar bilan muloqot chog‘ida haqoratli so‘zlar ishlatib, tadbirkorga so‘kingani uchun Angren hokimi Alisher Raimovga «hayfsan» intizomiy jazosi berildi. Viloyat hokimligi mansabdorning davlat xizmatchisi kasb etikasini buzgani va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilganini tan oldi.
O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov haqidagi badiiy filmning O‘zbekistondagi tasvirga olish ishlari yakunlanib, shoir umrining so‘nggi oylarini o‘tkazgan AQSh shaharlarida davom etyapti. Film uning qizi Mavluda Oripova xonadonida va u sayr qilishni juda yaxshi ko‘rgan Tinch okeani sohillarida suratga olinyapti.
Qo‘rg‘ontepa tumani tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limida yotgan erkak chiroq o‘chib qolishi sabab vafot etgani haqida xabar berildi. Energetika vazirligi buni rad etib, holatga izoh berdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting