O‘zbekistondagi ilk tungi marafon 17−18 sentabr kunlari Buxoro shahrida bo‘lib o‘tdi. Ushbu marafonning boshqalaridan farqi unda bolalar ham faol ishtirok etdi, ular Kids Run 300 va Kids Run 600 masofalarini bosib o‘tishdi. «Gazeta.uz» eng qiziqarli onlar aks etgan marafondan fotoreportajni taqdim etadi.
Fuqarodan ko‘rilayotgan jinoyat ishni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali ijobiy hal qilib berish evaziga 8 ming AQSh dollari talab qilgan advokatlar qo‘lga olindi. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi.
Hukumat qarori bilan qishloq hududlarida xorijiy tillarni o‘qitish faoliyatini tashkil etish uchun tadbirkorlarga 50 mln so‘mgacha bir martalik subsidiya ajratiladi. Talabgor subsidiya olish uchun elektron tartibda murojaat yo‘llaydi. Mazkur yangilik 1 oktabrdan amalga kiritiladi.
Toshkent shahrining Olmazor tumanida fuqarolar yetti qavatli uyning tomiga qo‘shimcha qavat qurilayotgani yuzasidan norozilik bildirdi. Kompaniya mansarda qavat va tom qismiga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish kiritgan, shu bois tegishli da’vo arizasi sudga yuboriladi, deya ma’lum qildi Qurilish vazirligi.
Sirdaryo viloyatida daryo qirg‘og‘idagi 4,5 gektar yerni 240 ming dollarga sotishga uringan shaxslar kelishilgan pulning 13 ming dollarini olayotgan vaqtda ushlandi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hukumat qarori bilan xususiy tashkilot xodimlariga homiladorlik nafaqasini davlat tomonidan to‘lash tartibi belgilandi. Nafaqa farzand tug‘ilgunigacha 1 992 000 so‘mga yaqin miqdorda beriladi. Plastik karta orqali oyning 10-sanasigacha, naqd ko‘rinishda esa 27-sanasigacha taqdim etiladi.
21 sentabr kuni Samarqand xalqaro aeroportida FlyDubai aviakompaniyasining Dubay — Samarqand yo‘nalishidagi ilk havo kemasi kutib olinadi. Aviakompaniya tomonidan yangi yo‘nalishdagi parvozlar haftaning chorshanba va shanba kunlari amalga oshiriladi.
Qurilish vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan O‘ktam To‘rayev Termiz shahriga hokim etib tayinlandi.
BMT Taraqqiyot dasturi ko‘magida «Yashil Makon» tashabbusi doirasida Orolbo‘yi va Surxondaryoni o‘rmonzorlashtirish, ularning qum va chang bo‘ronlariga chidamliligini oshirish hamda O‘zbekiston shaharlarini ko‘kalamzorlashtirish bosh rejasini ishlab chiqish loyihasi boshlandi.
Onlayn maktab shahodatnomasi, Toshkent xalqaro aeroportida ishga tushgan MIB bo‘limi, tojik-qirg‘iz chegarasidagi vaziyatni ikki davlat prezidentlari bilan muhokama qilgan Shavkat Mirziyoyev, AQSh kelishuv evaziga O‘zbekistonga afg‘on samolyotlarini berishi mumkinligi va boshqalar — «Gazeta.uz»da kun dayjesti.
Toshkentdagi «Aziz ota» jome masjidi imom noibi ijtimoiy tarmoq orqali «samosud»ni yoqlab chiqish qilgani uchun ishdan olindi. Musulmonlar idorasi amaldagi qonunlarga zid ravishda zo‘ravonlikka chaqiruvchi bu kabi chiqishlarni qoraladi.
Sirdaryoda ikki shaxs fuqaroni mansabdor tanishlari orqali Irrigatsiya institutining Qarshi filialini tugatganlik to‘g‘risida diplom olib berishiga ishontirgan. Buxoroda ham turizm va madaniy meros texnikumiga o‘qishga kiritish evaziga fuqarolardan pul olgan shaxslar aniqlandi. Ularga nisbatan jinoyat ishi ochildi.
Maktab shahodatnomasini yo‘qotganlar uchun hujjat dublikatini masofadan turib olish xizmati yaratildi. Buning uchun yagona portalga (my.gov.uz) ariza yuboriladi. Dublikat elektron shaklda berilgach, maktabdan berilgan attestat o‘z kuchini yo‘qotadi.
Shifokorlar oylik ish haqiga qo‘shimcha har oylik ustama to‘lanadigan 297 ta olis va chekka hudud ro‘yxati tasdiqlandi. Ularning maoshiga 2 mln so‘m ustama belgilanadi va ipoteka asosida uy-joy sotib olishda 50 foizigacha, biroq BHMning 500 barobaridan oshmagan qismi qoplab beriladi.
24 sentabr kuni Food City savdo majmuasi ulgurji bozor ochilishiga taklif qiladi. Ushbu bozorda savdo ertalabki soatlarda amalga oshiriladi.
Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida qurilish chiqindilarini ortib ketayotgan yuk mashinasi yangi qurilgan ko‘prikning chetiga ag‘darildi. Haydovchi qo‘lidan jarohat oldi. Hozirda ushbu yo‘lning bir qismi ta’mirlash uchun yopilgan.
Sardoba suv omborini loyihalashtirish va qurilishiga mas’ul bo‘lgan yana 29 kishiga nisbatan sud hukmi e’lon qilindi. Ularning 3 nafari 5 yildan 10 yilgacha qamaldi, qolgan 26 nafari esa jarimaga tortildi. Ularga shuningdek, 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash taqiqlandi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Indoneziya ta’lim universiteti bilan qo‘shma ta’lim dasturlari uchun qabul boshlandi. Qabul 21 sentabrgacha davom etadi.
«Davlat fuqarolik xizmati sohasida monitoring o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi nizom loyihasi muhokama uchun portalga qo‘yildi. Nizom bilan davlat fuqarolik xizmati tizimida «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonunga rioya etilishini ta’minlash maqsadida monitoring o‘tkazish tartibi belgilanishi kutilmoqda.
Parkent tumanidagi xonadonlarning birida XVI-XVII asrlarga oid mis tangalar topildi. Ularning soni 939 ta ekanligi aniqlanib, o‘rganish va davlatga topshirish uchun uy egalaridan olindi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting