O‘zA rahbarining birinchi o‘rinbosari Sobir Shukurov Vazirlar Mahkamasining Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti mudiri lavozimiga tayinlandi. 2019 yilda davlat tilini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan departament rahbari lavozimi noyabrdan beri vakant edi.
Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan prezident qarori loyihasiga muvofiq, tuman va shahar aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari huzurida xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlarining Reintegratsiyasi markazlarini tashkil etish taklif etilmoqda. Markazlar migrantlarga ish topish, o‘z biznesini boshlash, subsudiya va imtiyozli kreditlar olishda ko‘maklashadi.
Deputat Rasul Kusherbayev «O‘zkomnazorat» ga Twitter bloklanishini asoslantirilgan holda tushuntirib berish va tarmoqdan cheklovni olib tashlash choralarini ko‘rish masalasida so‘rov kiritdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi cheklovlarning ijobiy tarafidan salbiy oqibatlari ko‘proq.
O‘zbekistonga olib kelinadigan futbol bo‘yicha Jahon kubogi, mahalliy budjetlar ochiqligi talablarini buzgan poytaxt va 7 ta hudud hokimiyatlari, Navoiyda 1,4 mlrd so‘mga qimmat narxda sotib olingani sport anjomlari, O‘zbekistonda quriladigan 2606 km beton qoplamali ichki yo‘llar, logistika mamlakatda zaif nuqta ekanligini aytgan Turizm va madaniy meros vaziri va boshqalar — «Gazeta.uz»ning 19 maydagi eng muhim xabarlari dayjestida.
6,5 va 7,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan blogerlar Otabek Sattoriy va Fozilxodja Arifxodjayev Navoiy viloyatidagi koloniyalarda saqlanmoqda. Otabek qurilish mollariga naqsh bosayotgan bo‘lsa, Fozilxodja usta bo‘lib ishlayapti. Bu yerda shuningdek, «Ahmadboy» nomi bilan tanilgan Ahmadjon Tursunboyev o‘z jazosini o‘tamoqda. Ombudsman va inson huquqlari himoyachilaridan iborat ishchi guruh mahkumlarni saqlash sharoitlari bilan tanishdi.
Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov O‘zbekiston yaqin vaqt ichida tez-tez borib turiladigan mamlakatlardan biriga aylanishi, biroq, hozirda «transport logistikasidek zaif nuqtasi» borligini ta’kidladi. U shuningdek, SHHTga a’zo davlatlar doirasida ichki turizmni rivojlantirish uchun «Yagona turistik brend» yaratish kerakligini aytdi. Bundan tashqari, SHHT mamlakatlari doirasida turistik kompaniyalar va sayyohlarga keshbek taqdim etish taklifi ilgari surildi.
Paxtaobod tumanida maktab o‘qituvchisining 10-sinf o‘quvchisini urishiga o‘quvchining pedagog ko‘rsatmasiga qo‘pol ravishda javob qaytargani sabab bo‘lgani aniqlandi. Holat Andijon viloyat IIB tomonidan o‘rganilmoqda.
Tashkent Opera Fest 2022 doirasida shaharning turli burchaklarida konsertlar va istalgan inson qatnashishi mumkin bo‘lgan fleshmoblar o‘tkaziladi.
Andijon viloyatida 2022 yilning dastlabki uch oyida 10 nafar maktab o‘quvchisi o‘z joniga qasd qilgan. Ulardan 5 nafarining hayoti qutqarib qolingan.
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda anomal issiq kunlar soni yiliga me’yordagi 15−30 kundan 25−40 kungacha ko‘paydi. Qurg‘oqchilik davri davomiyligi ko‘p yillik o‘rtacha 30−70 kundan 50−80 kungacha ko‘tarildi, deya xabar qildi O‘zgidromet.
Namanganlik 22 yoshli fuqaro Telegram tarmog‘i orqali aqidaparastlik g‘oyalarini targ‘ib qilishda gumonlanadi va huquq-tartibot idoralari uning telefonini tekshirish uchun olib qo‘yadi. Bundan xavfsiragan ayblanuvchi Farg‘ona orqali Qirg‘izistonga qochib ketishga uringanida ushlandi. U voqea qanday bo‘lgani va kimdan maslahat olib turganini so‘zlab berdi. Sud unga 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
2022 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida jami 2606 km uzunlikda sement-beton qoplamali ichki yo‘llar quriladi. Yo‘l manzillari jamoatchilik fikri va takliflari asosida shakllantiriladi.
Navoiy viloyati XTB sport anjomlarini haqiqiy bahosidan 787,8 mln so‘mga, viloyatning sobiq turizm va sport bosh boshqarmasi mansabdorlari esa 598,9 mln so‘mga qimmatroq sotib olgani aniqlandi. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
O‘zbekistonda joriy etilayotgan gaz va elektr energiya uchun «ijtimoiy norma», OTMga qabul uchun davlat buyurtmasini kamaytirish taklif etilayotgani, oylik maoshi oshiriladigan tibbiyot xodimlari, Isroildagi Al-Aqso masjidi kutubxonasidan olib kelingan o‘zbek allomalari qo‘lyozmalari nusxalari va boshqalar — «Gazeta.uz»ning 18 maydagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Namangan viloyatida Lacetti hamda Cobalt o‘quv mashinasi to‘qnashdi. Lacetti haydovchisi hodisa joyida halok bo‘ldi, Cobalt haydovchisi esa kasalxonaga yotqizildi.
Yaqin kunlarda energetika sohasini isloh qilish bo‘yicha hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi, deyiladi Iqtisodiy taraqqiyot, Moliya va Energetika vazirliklari qo‘shma bayonotida. 2021 yilni O‘ztransgaz — 2,5 trln so‘m, Milliy elektr tarmoqlari — 2,1 trln so‘m zarar bilan yakunlagan, subsidiyalash siyosati esa yetarli samarani bermayapti. Energoresurslar bo‘yicha qo‘shimcha quvvatlarni yaratish uchun esa 25 mlrd dollar zarur. Shundan kelib chiqib, energoresurslar narxini erkinlashtirish hamda «ijtimoiy norma» tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Al-Aqso masjidi kutubxonasida saqlanayotgan Imom al-Buxoriy va Iso at-Termiziy muallifligidagi nodir qo‘lyozmalarning elektron nusxalari hamda Isroil davlat arxivi saqlovidagi Buxoro yahudiylari uyushmasiga tegishli hujjatlar to‘plami nusxasi O‘zbekistonga olib kelindi.
O‘zbekiston madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Fransiyaning Studio KO arxitektura byurosi tomonidan Zamonaviy san’at markazi binosini rekonstruksiya qilish va Toshkentning tarixiy mahallalarida ikkita art-rezidensiya yaratish loyihalari taqdimoti o‘tkazildi. Loyihalarni 2023 yilgacha yakunlash rejalashtirilgan.
Jizzaxda o‘zaro yozishmalar vaqtida tortishib qolgan o‘quvchi qizlar shahardagi o‘quv markazlaridan birida uchrashib, janjallashishdi. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Urganchda tergov izolyatoridagi mahbuslar Ombudsman vakiliga ichishga yaroqsiz suv berilayotgani yuzasidan shikoyat qilishdi. Holat tasdiqlandi. Mahkumlarga kechasi elektr o‘chguniga qadar suv qaynatib olish tavsiya qilindi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting