Toshkent shahrida o‘zini metro poyezdi ostiga tashlagan erkak Sirdaryoning Sardoba tumanidan bo‘lgan. U voqea joyida vafot etgan.
Oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov o‘zining talabalik yillari, ilgari OTMga hujjat topshirishda kuzatilgan qiyinchiliklar, talabalar o‘rtasidagi mahalliychilik, pul topish uchun qora ish qilishga to‘g‘ri kelgani haqida so‘zlab berdi. Qolaversa, sessiyada fanlarni yopib yurgan yillarini esga olar ekan, 5 baho evaziga 4 «telejka» somon tashittirgan ustozini universitetga rektor bo‘lgach, ikkita shart bilan ishga olganini aytdi.
2-kursdan ishlashi kutilayotgan talabalar, evakuatsiya qilish rejasi tuzilayotgan Ukrainadagi o‘zbekistonliklar, Kiyevga uchadigan ikkita reysni bekor qilgan Uzbekistan Airways, 100 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasi qurilishiga tamal toshi qo‘ygan prezident, Ukrainada jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘qligini ma’lum qilgan TIV va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 24 fevraldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Toshkent metrosining Mirzo Ulug‘bek stansiyasida erkak kishi o‘zini poyezd ostiga tashladi. Natijada bir yo‘nalishda harakat to‘xtab qoldi.
«Gazeta.uz» Rossiya erta tongdan harbiy bosqin boshlagan Ukrainada yashovchi aholi bilan suhbatlashdi. Maqola qahramonlari — ba’zilari anonim, ba’zilari esa haqiqiy ismlari bilan — o‘z shaharlarida sodir bo‘layotgan voqealar va mahalliy hokimiyat tomonidan qanday choralar ko‘rilayotganini so‘zlab berishdi.
Uzbekistan Airways aviakompaniyasi Rostov-na-Donu va Krasnodar aeroportlari yopilgani munosabati bilan ushbu shaharlarga parvozlarni bekor qildi.
Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston fuqarolari, shu jumladan, Rossiyaning Ukrainaga yaqin hududlarida joylashgan OTMlar talabalari uchun xavotirlanishga sabab va asoslar yo‘qligini ma’lum qildi. TIV agar fuqarolarga tahdid bo‘lsa, o‘z vaqtida choralar ko‘rilishi va ular O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi va Rostov-Dondagi bosh konsulxonasiga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkinligini bildirdi.
Prezident qarori bilan harbiy xizmatga yaroqli O‘zbekiston fuqarolari mart-aprel oylarida muddatli harbiy xizmatga chaqiriladi. Mudofaa vazirligining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, mazkur qarorning Ukrainada bo‘layotgan vaziyatlar bilan hech qanday aloqasi yo‘q.
O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi Ukrainada ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik talabalarga murojaat qilib, o‘qishni O‘zbekistonda turib masofaviy shaklda davom ettirishni tavsiya qildi.
Adliya vazirligi 2021 yilda qonun buzilish holatlarini bartaraf etish bo‘yicha ta’lim muassasalariga 8,2 mingta, hokimliklarga 2,6 mingta, sog‘liqni saqlash muassasalariga 1,5 mingta taqdimnoma kiritdi. O‘rganishlar davomida Andijon viloyatida ishsizlik nafaqasi bo‘yicha jami 1,3 mlrd so‘m qarzdorlik mavjudligi aniqlangan.
Shavkat Mirziyoyev Beruniy tumanidagi yig‘ilishda hududdagi rahbarlar umuman ishlamayotganini tanqid qildi. So‘zi davomida davlat rahbari faoliyatiga mas’uliyatsizlik bilan yondoshgani uchun ishdan olingan 10 nafar samarqandlik amaldorni misol qilib ko‘rsatdi. «Ularning ko‘zlariga qaradim, hammasi mudrab o‘tiribdi, ishlamagan», — dedi u.
Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumanida 100 MVt quvvatli yangi shamol elektr stansiyasi qurilishiga tamal toshini qo‘ydi. «Tasavvur qilinglar farzandlarimiz, nevalarimiz bunday loyihadan qanday manfaat ko‘radi. Bu bir yillik emas, yillarga tatiydigan loyiha», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Qoraqalpog‘istonda tashrif bilan bo‘lib turgan Shavkat Mirziyoyev dunyo kun sayin emas, soat sayin tahlikali bo‘lib borayotganini ta’kidladi. «Biz iqtisodiyotimiz, mudofaamizni mustahkam qilib, ishonch bilan jonajon vatanimizning qudratini ko‘tarishga harakat qilishimiz kerak», — dedi u.
Uzbekistan Airways 27 fevral va 2 mart kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan ikkita mantazam HY-3731/3732 Toshkent — Kiyev — Toshkent reyslarini bekor qildi.
Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini inobatga olib, O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi o‘zbekistonliklarni evakuatsiya qilish rejasi va mamlakatni tark etmoqchi bo‘lganlar ro‘yxatini tuzib chiqmoqda.
Jizzax viloyatida fuqaroni Turkiya, Italiya yoki Meksika orqali AQShga olib o‘tish va ishga joylashtirishni va’da qilgan shaxs 20 ming dollar olganida ushlangani aytilmoqda. Farg‘ona viloyatida esa fuqaroni Koreyaga ishga jo‘natishga va’da qilganlikda gumonlangan shaxs qo‘lga olingan.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov qoraqalpog‘istonlik talabalar bilan uchrashuvda OTMlarda 2 kursdan boshlab ishlashga ruxsat beruvchi yangi tizim yaratilishini ma’lum qildi. «Ishlaganda ham o‘zining sohasida ishlasin. Men buni hurmat qilaman», — dedi u. Qolaversa, OTMlarda ta’lim jarayoni 70 foiz amaliyotga o‘tish kerakligi ta’kidlandi.
Chorshanba kuni O‘zbekistonda 140 nafar fuqaroning koronavirusga topshirgan test tahlili musbat natijani qayd etdi. Shuningdek, kun davomida 24 kishida pnevmoniya aniqlandi.
Uzbekistan Airways 24 fevral kuni Namangan — Krasnodar yo‘nalishi bo‘yicha HY-9825 reysi Rossiyaning Rostov viloyati havo maydoni yo‘lovchi samolyotlari uchun yopilgani sababli ortga majburiy qaytayotganini ma’lum qildi.
Samarqandda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan taksi haydovchilaridan «o‘lpon» undirib kelganlikda gumonlanayotgan yana bir guruh fuqarolar qo‘lga olindi. Ular sportchilar ekanligi aytilmoqda. Holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting