O‘zbekistonda umumiy ovqatlanish joylari va ko‘ngilochar obyektlar ish vaqtiga nisbatan cheklovlar hamda umumiy ovqatlanish joylari va jamoat transporti harakatlanuvchi tarkibi umumiy sig‘imidagi o‘rinlarni 50 foizgacha qisqartirish talabi bekor qilindi. Bosh vazir Abdulla Aripov mazkur cheklovlarning bekor qilinishini “odatiy hayot tarziga qaytishning dastlabki qadamlaridan biri” deb atadi.
Qoraqalpog‘istonga 3 kunga ketgan prezident, 1 martdan O‘zbekistonda niqob taqish majburiyati bekor qilinishi, Toshkentdan Qoraqalpog‘istonga borib ishlagani uchun shifokorlar maoshiga to‘lanadigan 100% ustama, O‘zbekistonda avtomobil yo‘llarini ta’mirlash uchun $273,8 mln ajratgan OTB, Toshkentda Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qilgan MO va YeI maxsus vakillari va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 23 fevraldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Maxsus komissiya ish beruvchilar koronavirusga qarshi vaksina va buster doza olgan ishchilari qamrovini kamida 90 foizga yetkazishi kerakligini belgiladi. Vaksina va buster doza olmagan xodimlar vaqtinchalik ishdan chetlashtiriladi.
Madina aeroportida Umra ziyoratiga kelgan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi mamlakatga kiritilmadi. Ularning 2019 yilda Qirg‘iziston qalbaki pasporti bilan Umra safariga borib kelgani aniqlangan. Hozirda fuqarolarni O‘zbekistonga qaytarish choralari ko‘rilmoqda.
DXX Surxondaryo, Qashqadaryo, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida 6,4 kg giyohvandlik vositalari, shuningdek, 2160 flakonda «Tropikamid» dorisi aylanmasini to‘xtatib qoldi. Surxondaryodagi holatda fuqaro Tojikistondan O‘zbekistonga 5,5 kg «opiy» moddasini chegarani noqonuniy kesib, olib o‘tganida ushlangani aytilmoqda. Holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
Samarqand viloyatida «Hizb ut-Tahrir» terroristik tashkiloti g‘oyalari aks etgan materiallarni tarqatganlikda gumonlangan 9 nafar fuqaro ushlandi. Ular O‘zbekistonning konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilishda ayblanmoqda.
Shavkat Mirziyoyevning Mo‘ynoq faollari bilan suhbati davomida Qoraqalpog‘istondagi maktablarning 142 ming nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga bepul ovqat berilayotgani ma’lum qilindi. «Buni endi boshqa viloyatlarda yo‘lga qo‘yamiz. Hali yuqori sinf o‘quvchilariga joriy etamiz», — dedi u. Qolaversa, davlat rahbari bolalarni bog‘chalarga 2 yoshdan qabul qilishni yo‘lga qo‘yish niyati borligini, buning uchun esa mamlakat iqtisodiyoti yanada mustahkamlanishi kerakligini aytdi.
Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida o‘zaro janjallashayotgan ayollardan biri Spark mashinasiga o‘tirib, ikkinchisini bosib ketdi. Tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
SSV Navoiydagi savdo majmuasida 5 va 4 qavat oralig‘idagi eskalatordan bobosi bilan qulab tushgan 3 yoshli bolaning umumiy holati yaxshilanib borayotganini ma’lum qildi. Standart bo‘yicha muolajalar davom ettirilyapti. U yaqin kunlarda reanimatsiyadan bolalar bo‘limiga o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Toshkent metropoliteni bekatlarida ilk marotaba ona va bola xonasi hamda jamoat hojatxonasi foydalanishga topshiriladi. Birinchi ana shunday hojatxona 23 fevral kuni 15:00 da ochiladi.
Shavkat Mirziyoyev 30 yildan so‘ng faoliyati tiklangan Mo‘ynoq aeroportiga qo‘ndi. Faollar bilan suhbatda prezident haftada ikki marta Toshkent-Mo‘ynoq-Nukus yo‘nalishida parvozlar yo‘lga qo‘yilishini aytdi. Qolaversa, Toshkentdan Qoraqalpog‘istonga borib ishlagan shifokorlar maoshiga 100 foiz ustama to‘lanishini ma’lum qilindi.
Nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish, turizm, xususiy bandlik agentliklari, dori vositalari va tibbiy buyumlar chakana savdosi kabi xizmatlarni ko‘rsatish uchun 28 ta faoliyat turini litsenziyalash uchun «Litsenziya» axborot tizimi ishga tushirildi. Ushbu tizim dam olish kunlarisiz, har kuni 24 soat ishlaydi. Litsenziya berishni rad etish asoslari ham ma’lum qilindi.
Farg‘ona viloyatida to‘rt nafar shaxs Qirg‘izistonda tahsil olayotgan 30 nafar talabaga o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirib berishga va’da bergan. Ular o‘z xizmati uchun 67 ming dollar olayotganida DXX va prokuratura xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
O‘zbek olimlari mahalliy iqlim sharoitini hisobga olgan holda energiya saqlash tizimiga ega quyosh fotoelektr tizimini yaratish ustida ish olib bormoqda. Ushbu tizim elektromobillarni yuqori tezlikda quvvatlash qurilmasini ishlab chiqishni ham o‘z ichiga oladi.
Seshanba kuni O‘zbekistonda 138 kishining koronavirusga topshirgan PZR-testi musbat natijani qayd etdi. Bu 5 yanvardan beri kuzatilgan eng past ko‘rsatkich.
OTB O‘zbekistonda avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish va yangilash uchun 273,8 mln dollar kredit ajratishni ma’qulladi. Mablag‘lar Surxondaryodagi Darband — Denov yo‘lining 106 kmni yangilash, SARES-2 koridoriga kiruvchi G‘uzor — Buxoro — Nukus — Beyneu yo‘lining 87 kmni rekonstruksiya qilishga sarflanadi. Qolaversa, bank tadbirkor ayollar uchun 150 ming dollarlik grant ham beradi.
Tojikistonning Xo‘jand shahridan Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahriga avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Xo‘janddan avtobus ertalab soat 8:00 da yo‘lga chiqadi, soat 17:00 da esa Qo‘qondan harakatlanadi. Qatnov dushanbadan tashqari har kuni amalga oshiriladi.
Davlatga 1,7 mlrd so‘m zarar yetkazganlikda ayblanayotgan Andijon shahri hokimi Bahrom Haydarov, Qozog‘istondagi mitinglar sabab hibsga olingan 14 nafar o‘zbekistonlik, Qozog‘istonga nota yuborgan O‘zbekiston, martda Pokistonga borishi kutilayotgan Shavkat Mirziyoyev, vakolatxonasi ochilgan Global yashil o‘sish instituti va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 22 fevraldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Qonunchilik palatasi tomonidan migrantlarga oid yangi qonun ma’qullandi. Unda tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilangan. Qonunda shuningdek, mehnat migrantlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda xorijdan qaytganlarning reintegratsiyasi ko‘zda tutilgan.
Alisher Usmonovning singlisi Saodat Narziyevaning Shveysariyaning Credit Suisse bankidagi hisobraqamlarida 2004 yildan beri 5,8 mlrd dollardan ko‘proq mablag‘lar bo‘lganligi to‘g‘risida tarqatilgan xabarlar haqiqatga mos kelmaydi, deb xabar bermoqda tadbirkorning matbuot xizmati.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting