Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi maktablardan birining direktori va o‘qituvchilari ta’lim sifati hamda bitiruvchilarning OTMlarga kirish darajasi pastligi uchun ota-onalardan kechirim so‘rashga majbur qilindi. Bu ish hokim yordamchisi va tuman XTB rahbarining tashabbusi ekani aytilmoqda. XTV holatni keskin qoraladi. Jamoatchilik faollari hodisa uchun viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov javob berishi kerakligini aytishmoqda. Tuman va viloyat hokimligi ham munosabat bildirdi.
8 fevral kuni soat 03:00 larda Nukus shahrining Gone qala hududida ko‘chaga yangi tug‘ilgan chaqaloq tashlab ketilgani aniqlandi. Buni ko‘rgan fuqaro zudlik bilan tez yordamga murojaat qilgan. Uning aytishicha, tez yordam feldsheri Ikram Jumaniyazov sovuqdan himoya qilish maqsadida chaqaloqni ust kiyimiga o‘ragan va birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatgan. U hozirda reanimatsiyada, og‘ir ahvolda. Chaqaloqning onasi aniqlanib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Lukashenkoning O‘zbekiston haqidagi fantaziyalarini munosabat bildirgan siyosatchilar va jamoatchilik faollari, prezidentni haqorat qilgani uchun 3 yilga qamalgan bloger, so‘m ramzini yaratish bo‘yicha tanlov e’lon qilgan Markaziy bank, Respublika maxsus komissiyasi faoliyati yuzasidan izoh bergan Ruslanbek Davletov, «shakar zavodlari bizga kerakmi?» degan savolni o‘rtaga tashlagan Mirkomil Xolboyev va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 8 fevraldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
2021-yilda Inson huquqlari bo‘yicha vakil aralashuvi bilan 53 nafar mahkum ozodlikka chiqarildi. Jumladan, 48 nafar mahkumga tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi ahloq tuzatish ishlariga, 3 nafar mahkumni jazosi esa shartli ravishda ozod etishga va 2 nafar mahkumniki uy qamog‘iga almashtirilgan.
Andijon shahar xalq ta’limi bo‘limi rahbarlari 57 mlrd so‘m miqdoridagi moliyaviy qonunbuzarliklar, kamomad va o‘zlashtirishda gumon qilinmoqda. Hozirda prokuratura mazkur ishni o‘rganmoqda.
Buxoro viloyatida XVI-XX asrlarda bunyod etilgan Chor-Bakr yodgorlik majmuasining muhofaza tegralaridagi yer uchastkalari ijara va mulk huquqi asosida auksionga qo‘yilgani aniqlandi. Ushbu majmua YUNESKOning Umumjahon merosi obyektlari ro‘yxatiga kiritish uchun nomzod sifatida ko‘rsatilgan.
2021-yilda 2700 dan ortiq fuqaro bank kartalaridan pul o‘g‘irlanganligi bo‘yicha ichki ishlar organlariga murojaat qilgan. So‘nggi paytlarda bank kartalaridan pul o‘g‘irlash holatlari ko‘payib bormoqda. IIV fuqarolardan bank kartalari ma’lumotlarini va tasdiqlash kodlarini hech kimga bermaslikni so‘radi.
«Toshkentshahargaz» korxonasining sobiq xodimi oilaviy korxonani gaz tarmog‘iga ulash uchun hujjatlarni tayyorlab berish evaziga 16,5 million so‘m olayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Jaloliddin Usmonov Xalqaro press-klubning yangi raisi etib saylandi. Bungacha press klub raisi bo‘lgan Sherzodxon Qudratxo‘ja esa Firdavs Abduholiqovning o‘rniga O‘zEOAVMA boshqaruv raisi etib tayinlangandi.
Antimonopoliya qo‘mitasi samarqandlik tadbirkor 100 tonna chigit mahsulotini Qashqadaryodan olib chiqib keta olmagan holatni o‘rganib, o‘z munosabatini bildirdi. Ta’kidlanishicha, Qashqadaryo viloyati hokimligi va viloyat IIB tomonidan «Raqobat to‘g‘risida» gi qonunning 12-moddasi talablari buzilgan. Qo‘mita tadbirkor zarar ko‘rgan holatda viloyat hokimligi va IIB ustidan sudga murojaat qilishi mumkinligini eslatib o‘tdi.
UNICEF va Kiberxavfsizlik markazi Xavfsiz internet milliy markazini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Ushbu onlayn-platformada internetdagi zo‘ravonlikdan himoyalanish haqida ma’lumotlar e’lon qilinadi, bolalar va ota-onalarga maslahat yoki ko‘mak bera oladigan operator faoliyat yuritadi.
O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov hamda amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyevni haqorat qilishda ayblangan bloger, Sobirjon Boboniyozov 3 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. U Telegram`dagi guruhlardan birida davlat rahbarlarini haqoratlovchi video e’lon qilganligi aytildi. Bloger ushbu harakatlarini mast holatda takroran sodir etgan.
Adliya vaziri Ruslanbek Davletov Respublika maxsus komissiyasining faoliyati qonun bilan tartibga solinganini aytdi. Qolaversa, uning qarorlari nima sababdan e’lon qilinmasligiga izoh berdi. «Komissiya qarorlarida yozilgan hamma narsani berib bo‘lmasdi. Eng asosiysi komissiyadagi qoidalar vaqtida yetkazib turildi», — dedi u. Bloger Otabek Bakirov esa «maxsus komissiya tugatilishi va qonunchilikka qaytilishi» kerakligini aytmoqda.
O‘zbekistonda 12 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning jami 280 140 nafari koronavirusga qarshi to‘liq vaksina kursini olgan. Bu umumiy emlanishlarning 5 foizini tashkil qiladi.
Adliya vaziri uch marta suiqasd uyushtirilgan Yunusoboddagi daraxtlar muammosi yuzasidan fikr bildirib, moratoriyga barcha amal qilishi shartligini aytdi. «Yunusoboddagi daraxtlar kesilmaydi, tamom… Siz uni qaysi maqsadda olgan bo‘lsangiz ham tegina olmaysiz. Tegsangiz siz jinoyat qilgan bo‘lasiz», — dedi Ruslanbek Davletov. Bunga Davlat ekologiya qo‘mitasi mas’ulligi, qolaversa, prokuratura organlari ham nazorat o‘rnatishi lozimligi qo‘shimcha qilindi.
Dushanba kuni O‘zbekistonda 773 nafar kishida koronavirus aniqlandi. Bu avvalgi kunga nisbatan 59 nafarga kam. Pnevmoniyaga chalinganlar soni ham kamaymoqda. Virus qurbonlari esa kecha yana 2 nafarga ortdi.
7 fevraldan an’anaviy ta’lim bosqichma-bosqich boshlangach, hududlardan poytaxtga 36 738 nafar talaba yetib keldi. Ularning qariyb yarmi ijara uylariga, 27 foizi talabalar yotoqxonasiga, 23 foizi esa yaqin qarindoshlarinikiga joylashgan.
2021 yilda ichki ishlar organlarining 89 nafar xodimi 119 ta korrupsiyaviy jinoyat sodir etgan. Bu 2020 yilga nisbatan 2 barobarga ko‘p. Ularning aksariyati hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish va pora «oldi-berdi"si bilan bog‘liq.
Sirdaryo viloyatining Boyovut tumani va Shirin shahrida tajriba tariqasida hokimning xalq deputatlari kengashi raisi maqomi bekor qilinmoqda. «30 ta deputat ichidan kengash raisi saylanadi. U meni boshqaradida endi… Bir umrlik orzuyim shu», — dedi Boyovut hokimi Dilfuza Uralova. Uning so‘zlariga ko‘ra, doimiy ishlovchi deputat va senatorlar faoliyat yo‘lga qo‘yiladi, ularga oylik maosh to‘lanadi. Endi hokim o‘ziga emas, balki kengash oldida hisobot beradi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yuqorichirchiq tumanlararo sudi sudyasi pora olganlikda gumonlanmoqda. U sherigi bilan yer bilan bog‘liq nizoni ijobiy hal qilish uchun 3 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olingan. Sudyalar oliy kengashi uni javobgarlikka tortishga rozilik berdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting