24 yanvar kuni prezidentning parlamentga yo‘llagan murojaatnomasiga bag‘ishlangan tadbirni Xalqaro kongress markazida tashkillashtirish uchun 1,76 mlrd so‘m sarflangan. Xarajatlarning katta qismi — deyarli 1,5 mlrd so‘mi mehmonlarni ovqatlantirishga to‘g‘ri kelmoqda.
Yangi qurilayotgan Sergeli yer usti metro yo‘nalishida test rejimida poyezd harakati amalga oshirildi. Metroning yil oxirigacha to‘liq foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.
Chinoz tumanidagi «Paxta Neftbazasi»da 5 ming tonna sig‘imli yoqilg‘i sisternasi yonib ketdi. Yong‘in sodir bo‘lgan joyga Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining yong‘in-qutqaruv ekipaji yetib borgan. Jabrlanganlar yo‘q.
Baxtiyor Ahmedov Navoiy viloyati prokurori lavozimiga tayinlandi. U bundan avval Sirdaryo viloyati prokurori o‘rinbosari vazifasida faoliyat yuritgan.
Rossiya Farg‘ona viloyatida yetishtirilgan pomidor va qalampirlarda tobamovirus aniqlangani uchun sabzavotlarni o‘z hududiga kiritilishiga taqiq qo‘ydi. Ushbu virusni yuqtirgan sabzavot boshqa o‘simliklarning nobud bo‘lishiga olib kelishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.
Yaqin kunlarda havo harorati pasayib, yomg‘ir va qor yog‘ishi, tungi sovuqlar va shamol kuchayishi kutilmoqda. Havoning o‘rtacha kunlik harorati me’yordan 10−12 daraja past bo‘ladi.
2020 yilning 10 oyi davomida avtoraqamlarni sotib olish 2,6 barobarga ko‘paygan bo‘lib, avtoraqam.uzex.uz onlayn-auksioni orqali jami 218,8 mlrd so‘m qiymatda 80,5 mingdan ziyod «chiroyli» raqamlar xarid qilingan.
Toshkentning ikkita tumanida hokim o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Xo‘jaakbar Fayzullaxo‘jayev va Azizbek Yunusov Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i o‘rinbosarlari etib tayinlandi.
Energetika vaziri Alisher Sultonov gaz va elektr ta’minoti ortidan jamoasi bilan iste’foga chiqish masalasida fikr bildirdi. «To‘g‘ri, kamchiliklar juda ham ko‘p. Lekin hozir hamma iste’foga chiqib ketadigan bo‘lsa, ishni kim qiladi? Mutaxassislar o‘zi qolmayapti. Siz o‘ylamang, hech kim o‘zini joyini ushlab olgani yo‘q, lekin qanday qiyin bo‘lmasin, hamma o‘zini ishini qilishi kerak», — dedi vazir.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi «Gazeta.uz»ni COVID-kasalxonalari bemorlari statistikasi va SSVning koronavirus bemorlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqqoslangan yangilikni e’lon qilgani uchun «jiddiy huquqiy oqibatlar» haqida ogohlantirdi. Biz ogohlantirish xatiga tahririyatni «noqulay» savollar berishdan to‘xtashga majbur qilishga urinishni eslatadigan keskin javob deb qaraymiz.
Shu kungacha «Yagona umumrespublika protsessing markazi» MCHJ (UzCard) direktorining birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritib kelayotgan Farrux Ziyayev jamiyat bosh direktori lavozimiga tayinlandi.
Andijon viloyati Baliqchi tumanidagi maktablarning 73,4 sotix yer maydonlari asossiz ravishda tadbirkorlik sub’ektlariga berib yuborilayotgani aniqlandi. Tuman prokuraturasi tuman hokimining qaroriga protest kiritdi.
Sirdaryo tumani hokimi ishdan olinib, o‘rniga Sayxunobod tumani hokimi lavozimida faoliyat ko‘rsatgan Botirjon Mirzaqulov tayinlandi. Sayxunobodga esa viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosari bo‘lgan Farrux O‘ktamjonov hokim bo‘ldi. Shahrisabz hokimi ham o‘zgardi.
Kozimjon Hasanov Toshkent shahar Xalq ta’limi bosh boshqarmasi boshlig‘i — poytaxt hokimining ta’lim va tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi. Tayinlovdan avval u Artel Technical School xususiy maktabi direktori sifatida faoliyat yuritgan.
Biologik materiallar yordamida odamning shaxsini aniqlash, tanib olinmagan murdani identifikatsiya qilish yoki biologik qarindoshlikni aniqlash kabi faoliyatlarni tartibga soluvchi qonun prezident tomonidan imzolandi.
Rossiyada qiyin ahvolga tushib qolgan 17 nafar o‘zbekistonlik olib kelindi. Ular, asosan, kasalmand, homilador va boquvchisini yo‘qotgan fuqarolar toifasiga kiradi.
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi 7-sonli maktab direktori B.S. maktab balansida bo‘lgan yaroqsiz qozonxona binosini firibgarlik yo‘li bilan 6000 dollarga sotmoqchi bo‘lganida ashyoviy dalil bilan qo‘lga olindi.
«SOS O‘zbekiston bolalar mahallalari» bolalar mahallalari, yoshlar uylari va ijtimoiy markazlari etib qayta nomlanadi.
11 oyda poytaxtda daraxtlarni kesish bilan bog‘liq 307 ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Shundan 297 tasi ma’muriy huquqbuzarlik, 9 tasi esa jinoiy javobgarlik bilan bog‘liq. «Bundan keyin daraxtlarni kesishga ekologiya inspektorlari ishtirokisiz yo‘l qo‘yilmaydi», — dedi Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi boshlig‘i Nodir Yunusov.
Toshkent viloyatida iste’molchilarni asossiz ravishda elektr ta’minotidan uzib qo‘ygan Toshkent, Zangiota, Qibray tumani elektr tarmoqlari korxonalari rahbarlariga nisbatan choralar ko‘rilmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting