“Xotin-qizlar va jurnalistlarga nisbatan sudlov mexanizmi tezkor va shiddatli bo‘lib, bor kuchi bilan ishlayotganini ko‘rish men uchun og‘ir. Erkaklar va amaldorlarga kelganda bu tizim ko‘pincha to‘xtab qoladi”, — dedi Saida Mirziyoyeva. U o‘g‘il farzandli bo‘lgani va ismi Shavkatjon ekanini ma’lum qildi.
11 sentyabrdan Qozog‘iston bilan muntazam aviaqatnovlar rasman tiklandi. Air Astana aviakompaniyasining Olmaota — Toshkent — Olmaota reysi samolyoti Islom Karimov nomidagi «Toshkent» xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi.
Bosh prokuratura mashhur xonandaning voyaga yetmagan qizni zo‘rlab, nomusiga tekkani haqidagi xabar bo‘yicha bayonot berdi. Kattaqo‘rg‘on tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limining jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi qarori bekor qilinib, qo‘shimcha tekshiruv harakatlarini olib borish belgilandi.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda 700 mingdan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxslar istiqomat qilmoqda. Ularning 100 mingdan ortig‘i 16 yoshgacha bo‘lgan bolalardir. Senat ma’qullagan qonunga ko‘ra, endilikda nogironligi bo‘lgan shaxslar ta’lim olish, davolanish va boshqa masalalarda qator imtiyozlarga ega bo‘ladi.
Dam olish kunlari O‘zbekistonda ob-havo yog‘ingarchiliklarsiz bo‘lishi kutilmoqda. Faqat tog‘oldi va tog‘li hududlarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Kunduzi harorat 27−32 daraja atrofida bo‘ladi.
Sentyabr oyining boshidan beri Qashqadaryodagi Talimarjon suv ombori hududida har kuni 2000 dan ortiq torg‘oq qushlarini kuzatish mumkin. Ular — butunlay yo‘q bo‘lib ketish arafasida turgan dunyodagi eng noyob qushlardandir. O‘zbekiston Qushlarni muhofaza qilish jamiyati mavsumiy qushlar qo‘riqxonasini yaratish zarurligini ta’kidlamoqda.
Hukumat komissiyasi yaponiyalik arxitektor Tadao Ando tomonidan ishlab chiqilgan San’at muzeyi binosini rekonstruksiya qilish loyihasi konsepsiyasini tasdiqladi. Muzeyga ajratilgan qo‘shimcha hududda yangi ko‘rgazma galereyasi quriladi. Mavjud binoning tomida esa yangi va eski binolarni ulash uchun xizmat qiluvchi oraliq joy — yashil terrasa barpo etiladi.
Bolalar ta’lim tashkilotlarini ochish jarayoni 14 sentyabrdan boshlanadi. Birinchi navbatda katta va tayyorlov guruhlari, oktyabrda — o‘rta, noyabrda — kichik guruhlar ochiladi.
Eri tomonidan ayovsiz kaltaklanib, «pampers» yedirilgan samarqandlik ayolga viloyat hokimligi tomonidan ikki xonali uy ajratiladi. Shuningdek, ayol salomatligini tiklab olganidan so‘ng ishga joylashtiriladi.
Toshkent viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva 250 mln so‘mdan ziyod mablag‘larni talon-toroj qilish hamda mansabga sovuqqonlik bilan qarash ayblari bilan qamoqqa olindi. U Chirchiqdagi go‘zallik salonida qo‘lga olindi. Avgustda u shifoxona uchun uskunalar hamda tibbiy xodimlar uchun mukofot pullari berilmayotgani haqida ma’lum qilgan edi.
«Jinoyat qilgan odamning dinga bo‘lgan munosabati har qanday holatda ham oldingi sahnaga olib chiqilmaslik kerak» — Musulmonlar idorasi Qur’oni karim ichiga giyohvand modda yashirgan shaxsning Diniy idora tizimida ishlamasligi haqida ma’lum qildi. Bu haqdagi xabarlarda tilga olingan «imom-xatib», «mulla» so‘zlari «shaxs», deb qayta tahrir qilindi.
Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov va Ukrainaning O‘zbekistondagi elchisi Nikolay Doroshenko uchrashuvida Samarqand va Lvov o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi.
Namangan viloyatida ikki erkakni do‘pposlagan qiz o‘z sha’nini himoya qilganini aytmoqda. Qizning ma’lum qilishicha, erkaklar uni masxaralab, onasini so‘kkan.
Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani hududidan o‘tgan M-39 avtomobil yo‘lida uchta avtomashina ishtirokidagi YTH oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi, uch nafari esa tibbiyot muassasasiga yotqizildi.
Bojxonachilar mobil qurilmalarni UZIMEI tizimidan noqonuniy ro‘yxatdan o‘tkazish bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruhni fosh etishdi. Guruh a’zolaridan biri qo‘shni respublikada fuqarolarning pasportlarini telefon yordamida rasmga tushirib, har bir pasport uchun 5 dollardan haq olgan.
19 yil ichida birinchi marta Toshkentda to‘qqizta yangi metro bekati foydalanishga topshirildi. Ular shahar bilan qay darajada bog‘liq, o‘tish yo‘laklarida qanday qilib adashmaslik mumkin, nima uchun yerosti metrosi liftlar bilan ta’minlangan bo‘lishiga qaramay harakatlanish imkoniyati cheklangan odamlar uchun noqulayligicha qoldi va yangi bekatlar nimalar bilan xursand qiladi — «Gazeta.uz» fototahlilida.
Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida «Gaz-53» rusumli yuk avtomobili 6 yashar qizni urib yubordi. Qiz tan jarohati olib shifoxonada vafot etdi.
14 sentyabrdan boshlab Toshkent suv ta’minoti tarmoqlarida ta’mirlash-profilaktika ishlari olib borilishi sabab sovuq suv o‘chirilishi va suv quvurlari tizimida bosimning kamayishi kuzatiladi.
Ayrim tumanlarda qo‘lda terilgan har bir kilogramm paxta uchun 200 so‘mdan ustama haq to‘lanadi. Avvalroq qo‘lda terilgan 1 kg paxta uchun birinchi terimda — 1000 so‘mdan, ikkinchi terimda — 1400 so‘mdan mehnat haqi to‘lash belgilangani xabar qilingan edi.
Iyul oyi bo‘yicha o‘lim holatlari soni so‘nggi to‘rt yilga nisbatan O‘zbekistonda 26,4%ga, Toshkentda deyarli 166%ga, Toshkent viloyatida 43,8%ga, Navoiy viloyatida 51,7%ga o‘sdi. «Gazeta.uz» so‘nggi besh yil ichida yanvar oyidan iyul oyigacha bo‘lgan o‘lim darajasi bo‘yicha ma’lumotlarni o‘rgandi va koronavirus pandemiyasi davrida raqamlar qanday o‘zgarganligini tahlil qilib chiqdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting