Dehqonobod tumanida “KamAZ”ning tirkamasi harakat vaqtida asosdan chiqib ketdi. Boshqaruvsiz qolgan tirkama 3 ta transportga urildi. Hodisada haydovchilardan biri jarohatlandi.
Sentabr oxiridan poytaxtdagi daraxtlarning reyestrini shakllantirish boshlanadi. Ekologiya vaziriga ko‘ra, jarayon 2,5 yil davom etadi. “Bunga 100 nafar volontyor jalb etilib, har biriga planshet beriladi. Elektron bazaga daraxtlarning turi, holati va boshqa jihatlari kiritiladi”, — dedi Aziz Abduhakimov.
Inbazar kiyim do‘koni xodimi boshqa bir xodimni kaltaklagach, voqea jamoatchilik e’tiboriga tushdi. Shundan so‘ng do‘kon asoschisining xodimlariga xatosi uchun kuch ishlatgani aks etgan videolari ham tarqaldi. Rahbarga nisbatan tergovga qadar tekshiruv ketmoqda. Voqealar rivoji.
Toshkentda 3 erkak fuqarolarning ko‘chmas mulkini aldov yo‘li bilan egallab, uni o‘ziga garov sifatida rasmiylashtirganlikda ayblanmoqda. Garov qarz miqdoridan 3−4 baravar ko‘p bo‘lgan va qarz oluvchilarga kelishilganidan kamroq mablag‘lar berilgan. Ular qamoqqa olingan.
O‘zbekistonda ilmiy va innovatsion faoliyat yurituvchi yuridik shaxslarning reyestri joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda. Ular har yillik faoliyati natijalari bo‘yicha baholab boriladi. Ilmiy tanlovlarda va buyurtmalarni shakllantirishda ularning reyting baholash natijalari ko‘rsatkichlari e’tiborga olinadi.
Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” konida vodorod sulfid sizib chiqqan quduqda so‘ndirish jarayoni yakunlandi. Jarayonga Rossiya va AQShdan mutaxassislar jalb qilindi. Eriell oqibatlarni bartaraf etish davomida jamoatchilikka hech qanday xavf bo‘lmaganini ta’kidladi.
Yakkasaroy tumanidagi Pushkin haykali o‘rnatilgan xiyobonda zamonaviy suvtushar bog‘ barpo etiladi. 2,5 gektardan iborat mazkur hududdagi haykal, favvora va barcha daraxtlar saqlab qolinadi. Shuningdek, Shota Rustaveli ko‘chasining 1,8 km qismi 24/7 rejimidagi gastronomik ko‘chaga aylantirilmoqda.
Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli shoira Bibisora Turobova 72 yoshida vafot etdi. Marhumaning 10 ga yaqin she’riy kitoblari nashr etilgan. Ayniqsa, 2011-yilda yozilgan “O‘lsam, janozamni bulbul o‘qisin” she’ri mashhur.
O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi Janubiy Koreyada o‘tkazilgan Xalqaro ilmiy-jangovar tayyorgarlik musobaqasida ikkinchi bor g‘olib bo‘ldi. Foto, video.
Chery brendining O‘zbekistondagi rasmiy ishlab chiqaruvchisi va distribyutori ADM Global 12-sentabr kuni yangi Tiggo 8 Pro Max, Tiggo 7 Pro va Arrizo 6 Pro avtomobillari taqdimotini tashkil qildi.
Hamkorbank bankning transformatsiyasi va uning zamonaviy moliyaviy yechimlarga intilishini aks ettiruvchi yangi logotipni taqdim etdi.
DXX chegara qo‘shinlari xizmatchilari Rossiya, Tojikiston va Qirg‘iziston mamlakatlaridan O‘zbekistonga olib kelingan giyohvand moddalarni to‘xtatib qoldi. Mazkur holatlarda qo‘lga olingan gumondorlarga jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi vaqtincha saqlash hibsxonasida mahbuslarga yetarli sharoitlar yaratilmagan, deya ombudsman monitoring natijalarini e’lon qildi. Kameralarda qator jihozlar yetishmaydi, choyshab va yostiq jildlari ham monitoring kuni almashtirilgan, yuvinish xonalari gigiyenaga javob bermaydi.
Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahridagi gaz quyish shoxobchasida Isuzu avtobusining dvigatel qismida yong‘in sodir bo‘ldi. Holat o‘t o‘chiruvchilar tomonidan bartaraf etildi, jarohatlanganlar yo‘q.
UzAuto Motors’ga nisbatan ish ochgan Raqobat qo‘mitasi, qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazgan O‘zbekiston va Qozog‘iston havo mudofaa kuchlari, ikki baravar oshgan propan narxlari, maymunchechakka qarshi ilk vaksina va boshqalar — “Gazeta.uz"ning kunlik dayjestida.
Samarqand viloyatidagi “Omonqo‘ton” milliy tabiat bog‘iga ekskavator va buldozerlar bilan noqonuniy kirib, jami 64 ta daraxt va butaga zarar yetkazgan hamda Qizil kitobga kiritilgan o‘simliklarni payhon qilgan shaxslar tabiatga 1 mlrd 115 mln so‘m zarar yetkazgani aniqlandi.
Toshkent hokimi Shavkat Umurzoqov iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari va ko‘p kvartirali uylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlashga doir farmoyishni imzoladi. Gaz, elektr, suv va issiqlik tarmoqlari, uylar, qozonxonalarni ta’mirlash rejalashtirilmoqda. Bu maqsadlar uchun 732,6 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston HHK havo hududini himoya qilish bo‘yicha qo‘shma mashg‘ulotlar doirasida havo mudofaasi vositalaridan birgalikda foydalanish, shuningdek, jangovar ekipajlarning qo‘shni Qirg‘iziston va Tojikiston qo‘mondonlik va boshqaruv punktlari bilan o‘zaro hamkorligi tartibini ishlab chiqdi.
Yunusobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida tashqi reklama konstruksiyalari orqali bukmekerlik tovar belgisi ko‘rsatilgani aniqlandi. Raqobat qo‘mitasi reklamani joylashtirgan agentlikka nisbatan moliyaviy jarima qo‘lladi.
Futzal bo‘yicha FIFA-2024 jahon chempionati o‘tkazilishi munosabati bilan Humo Arena yonidagi ko‘chalarda transport harakati vaqti-vaqti bilan cheklanadi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting