2021-yil avgustida Afg‘onistondan O‘zbekistonga noqonuniy olib o‘tilgan 22 ta harbiy samolyot va 24 ta vertolyot taqdiri hamon AQSh va O‘zbekiston rasmiylari tomonidan muhokama qilinmoqda, deya AQShning Toshkentdagi elchisi Jonatan Xenik “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi. Harbiy aviatexnikalar Surxondaryoda qolmoqda.
YeI va BMT Taraqqiyot dasturi amalga oshirgan O‘zbekistonda vaqtincha yashayotgan Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish va kasbga tayyorlash bo‘yicha loyihaning birinchi bosqichida 330 dan ortiq kishi ishtirok etdi. Termizda loyihaning 400 nafar Afg‘oniston fuqarosini qamrab olgan ikkinchi bosqichi boshlandi.
Afg‘onistonda uzunligi 280 km, eni 100 metr bo‘lishi kutilayotgan Qo‘shtepa kanali qurilishining 2-bosqichiga start berildi. “Tolibon” vakillari kanal qurilishi bo‘yicha O‘zbekistondan tashvishlanmaslikni so‘radi.
7-oktabrdagi kuchli zilzilalardan jabr ko‘rgan Afg‘onistonga O‘zbekistondan qariyb 100 tonna insonparvarlik yordami yetkazildi. Jo‘natma tarkibida oziq-ovqat va birlamchi tibbiy yordam vositalari bor.
Shanba kuni Afg‘onistonning g‘arbiy hududlarida sodir bo‘lgan 6,3 magnitudali zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni ikki mingdan oshdi. O‘zbekiston TIV zilzila qurbonlarining oila a’zolariga hamdardlik bildirdi.
Xalqaro xavfsizlik Afg‘onistondagi jarayonlar bilan bevosita bog‘liq. Uni o‘z muammolari bilan yana yolg‘iz qoldirish katta xato bo‘ladi, dedi Mirziyoyev BMT Bosh assambleyasida. U insonparvarlik yordamini davom ettirish, Afg‘onistonning muzlatilgan aktivlarini ijtimoiy muammolarni hal etishga yo‘naltirishga chaqirdi.
BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi “moliyalashtirishdagi ulkan taqchillik” tufayli millionlab afg‘onlarga yordamni qisqartirishga majbur bo‘lmoqda. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatning 90 foizgacha aholisida oziq-ovqat taqchilligi kuzatilmoqda.
O‘zbekiston Afg‘onistonga 1 mln dollarlik protein va vitaminlar yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishdi. 25 kungacha bo‘lgan muddatda dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning o‘zaro soddalashtirilgan tizimini joriy etish bo‘yicha kelishuv loyihasi ham ishlab chiqilmoqda.
O‘zbekiston delegatsiyasi Kobulga tashrifi davomida Afg‘onistonga sarmoya kiritishni ko‘paytirish, bu mamlakat hududi orqali tranzitga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilish va yuklarni Pokistonga olib o‘tishda tranzit to‘lovlarini kamaytirish, bojxona xizmatlari faoliyatini uzluksiz rejimga o‘tkazishni muhokama qildi.
BMTning Afg‘onistonga yordam missiyasi “Tolibon” hokimiyatga kelganidan beri ag‘darilgan afg‘on hukumati amaldorlari va askarlarining kamida 218 ta holatda sudsiz qatl etilganini qayd etdi.
Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan muloqotda Afg‘oniston orqali o‘tadigan temiryo‘l Janubiy Osiyoga chiqadigan “eng ma’qul, arzon va xavfsiz yo‘l” ekanini aytdi. “Mana shu ikkita katta temiryo‘l bo‘lsa, biz ham tarif orqali manfaat ko‘radigan davlatga aylanamiz, birovga qaram bo‘lmaymiz”, — dedi prezident.
BMTning global ta’lim bo‘yicha maxsus elchisi Gordon Braun Gaagadagi Xalqaro jinoiy sudni Afg‘onistonda ayollar va qizlarga nisbatan diskriminatsiya uchun “Tolibon”ni javobgarlikka tortishga chaqirdi.
O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi Afg‘oniston masalasi bo‘yicha maslahatlashuvlarni davom ettirishdan o‘zaro manfaatdor ekanini bildirdi.
Afg‘oniston standart agentligi O‘zbekistondan import qilingan 67 ta vagon neftni sifatsiz deb qaytarilganini ma’lum qildi. “O‘zbekneftgaz” esa neftni O‘zbekiston emas, xaridor o‘zi Afg‘onistonga olib kirgani, neft uchun pul 100% to‘langanini qayd etdi.
O‘zbekiston, Pokiston va Afg‘oniston Transafg‘on temiryo‘l liniyasini qurish bo‘yicha muzokaralarning yakuniy bosqichini boshladi. Loyiha qiymati 4,6 mlrd dollardan 8,2 mlrd dollargacha baholanmoqda va 2027-yilgacha yakunlanishi rejalashtirilgan. Afg‘oniston tomoni O‘zbekiston ishlarni bahorda boshlashini ma’lum qildi.
Qozog‘iston O‘zbekistonga ko‘mir tashish tariflarini oshirishni rejalashtirmoqda, biroq ayni paytda O‘zbekistondan Afg‘onistonga un mahsulotlari tranziti uchun tariflarni kamaytirishni so‘ramoqda. Mamlakatlar bosh vazirlari o‘rinbosarlari Qarag‘andada maishiy texnika ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni ham muhokama qildi.
“Tolibon” harakati Afg‘onistondagi ayollar go‘zallik salonlarini yopishga buyruq berdi. Avvalroq mamlakatda ayollarga o‘qish taqiqlangan, hijob o‘rash esa shart etib belgilangandi.
Afg‘oniston Qo‘shtepa kanali orqali 600 ming gektar yerni sug‘ormoqchi ekani haqidagi gaplar asossiz. O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayevning aytishicha, “Tolibon” taxminan 300 ming gektarni sug‘ormoqchi, bunga 4−5 mlrd kub metr suv yetadi. O‘zbekiston mana shu miqdor saqlanib qolishiga intiladi.
BMT hisobotida aytilishicha, “Tolibon” bir qator terroristik guruhlar bilan aloqada va terrorizm tahdidi Afg‘onistonda ham, mintaqada ham kuchaymoqda. “Tolibon” rahbariyati ichida ham kelishmovchiliklar bor. “Tolibon” bu hisobotni “asossiz va noxolis” deb atadi.
Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo — YeI” yetakchilari sammitida O‘zbekistonda YeI talablari bo‘yicha standartlashtirish laboratoriyalari hali yaratilmagan bo‘lsa-da, GSP+ tartibini uzaytirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi. Shuningdek, u Transkaspiy yo‘lagini rivojlantirish uchun qulayroq tariflar zarurligini aytdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting