2024-yilda o‘zbekistonliklarga ro‘yxatdan o‘tgan cheklar uchun 1 trillion so‘mdan ortiq keshbek to‘landi. Eng ko‘p mablag‘ni Toshkent shahri (412,2 mlrd so‘m) va viloyati (107,1 mlrd so‘m) iste’molchilari olgan. Eng kam keshbek Sirdaryo viloyati (15,5 mlrd so‘m) hisobiga to‘g‘ri kelgan.
O‘zbekistonda bir sotixda 5 mln so‘mdan yuqori rasmiy daromad olayotgan dehqonlarga yer solig‘ining 90 foizi keshbek sifatida qaytarib beriladi. Aksincha, tomorqasiga ekin ekmaganlardan yer solig‘i oshirilgan miqdorda undiriladi. Shuningdek, dehqonlar va eksportchilarni bog‘laydigan marketpleys tashkil etiladi.
Shavkat Mirziyoyev yangi uy-joy oladigan fuqarolarga o‘zi to‘lagan mablag‘ining bir qismini keshbek qilib qaytarish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga topshiriq berdi. Bu orqali sohada yashirin iqtisodiyotni qisqartirish maqsad qilingan. 2025-yilda kamida 70 ming xonadon uchun ipoteka krediti berish rejalashtirilmoqda.
Guliston shahrida do‘kon sotuvchisi 12 yoshli bolaga QR-kodli chek so‘ragani uchun tarsaki tushirdi. Holat bolalar ombudsmani so‘rovi asosida ichki ishlar organlari tomonidan o‘rganilmoqda.
O‘zbekistonda 1-iyuldan to‘lovlar naqd pulda amalga oshirilganda fiskal cheklarni ro‘yxatdan o‘tkazish orqali olinadigan soliq keshbeklarini to‘lash bekor qilinishi mumkin. Naqd pulsiz to‘lovlar uchun keshbek miqdori esa hozirgi 1 foizdan 2 foizgacha oshirilishi mumkin.
Madaniyat vazirligi gaz va elektrdan qarzi yo‘q, ma’muriy javobgarlikka tortilmagan “namunali va madaniyatli insonlar”ni aniqlab, ularga ko‘ngilochar tadbirlarga bepul chiptalar sovg‘a qilmoqchi. “Loyiha hali to‘liq ishlab chiqilmagan, buning uchun biroz vaqt kerak”, — dedi vazirlik xodimi.
Endi xaridorlar bir oyda sotib olgan tovarlar (xizmatlar) qiymatining faqat BHMning 60 baravaridan oshmagan qismi uchun 1 foizli keshbek olishi mumkin bo‘ladi. Bu ayni vaqtda oyiga 204 ming so‘mdan ko‘p keshbek ololmaslikni anglatadi. Oldin bu bo‘yicha maksimal summa belgilanmagandi.
Toshkentdagi “Imom Termiziy” masjidi imom-xatibi Isoqjon Begmatovning “keshbekni o‘ylab topganlar xalq va tadbirkorlarga zulm qilmoqda”, degan fikri e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Musulmonlar idorasi bu fikr orqali jiddiy xatoga yo‘l qo‘yilgani, imom oldin ham ogohlantirishlar olgani uchun uni ishdan bo‘shatdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda ishlatilgan mablag‘ning ma’lum qismi qaytarib berilishi, ya’ni keshbek olish Islom diniga zidligi borasida video tarqalgandi. Fatvo markazi bunday xulosani rad etib, ulardan foydalanish mumkinligini bildirdi.
Endi «Soliq» mobil ilovasida keshbek olish uchun Face ID bo‘yicha identifikatsiyadan o‘tish talab qilinadi. Ilgari faqat 500 000 so‘mdan ortiq mablag‘ni olish uchun fotosurat yordamida shaxsni tasdiqlash talab qilinardi.
Turizm vazirligi DSQ bilan hamkorlikda yangi keshbek tizimini ishga tushirmoqda. Unga muvofiq, 1 sentabrdan boshlab respublika hududlari bo‘ylab ichki sayohatlarni amalga oshirgan mamlakat fuqarolariga xarajatlarining bir qismi qaytarib beriladi.
Soliq qo‘mitasi iyun oyi uchun iste’molchilarga 61,9 mlrd so‘m keshbek to‘lab berdi. Shunday qilib, 2022 yilning olti oyi davomida fuqarolarga qaytarilgan summa 248,6 mlrd so‘mga yetdi.
Soliq qo‘mitasi yil boshidan 27 iyunga qadar iste’molchilarga jami 180 mlrd so‘m keshbek to‘lab berdi. Keshbek cheklarini taqdim etish bo‘yicha Korzinka, Havas va Makro savdo do‘konlari yetakchilik qilmoqda.
O‘zbekistonda kompaniyalardan birining kassiri bir oy davomida xaridorlarning 1,6 mlrd so‘mlik 152 dona kassa cheklarini ro‘yxatdan o‘tkazib, salkam 16,5 mln so‘m miqdorida keshbek to‘plagani aniqlandi. Davlat soliq qo‘mitasi ushbu summani bekor qildi.
Hukumat qarori bilan soliq huquqbuzarliklari haqida xabar berganlarga jarimaning 20 foizi miqdorida pul mukofotini to‘lash tartibi belgilandi. Fuqarolar terminal mavjud emasligi, naqd va karta orqali to‘lovda tafovut, tovarlarni qalbaki markirovkalash va xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish kabi holatlarni aniqlasa Soliq mobil ilovasi orqali xabar berishi mumkin.
DSQ endilikda masofaviy to‘lovlar uchun ham 1 foizlik keshbek to‘lanishini ma’lum qildi. To‘lov xizmatlari orqali to‘lov amalga oshirilganda QR-kodli chek hosil bo‘ladi va bu Soliq ilovasida avtomatik tarzda aks etishi kerak.
Soliq qo‘mitasi yanvar-mart oylari uchun iste’molchilarga yana 4,2 mlrd so‘m keshbek to‘lab berdi. Yil boshidan buyon iste’molchilarga to‘langan summa 72,3 mlrd so‘mga yetdi.
O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilgan mahalliy turistlar uchun keshbek Turizm vazirligining elektron platformasi orqali to‘lab beriladi. Bunda turistlardan safar davomida avia, temir yo‘l yoki avtomobil transporti va turar joy xizmatlaridan foydalanish, qolaversa, madaniyat tashkilotlariga tashrif buyurish talab etiladi.
1 sentabrdan O‘zbekiston bo‘ylab sayohatlar uchun avia, temir yo‘l va avtobus chiptalarini xarid qilish, mehmonxona xarajatlari, muzeylar va boshqa madaniyat maskanlariga tashrif buyurish uchun keshbek tizimi joriy etiladi. Shuningdek, 1 iyuldan «Ziyorat turizmi» dasturi doirasida xorijiy aviakompaniyalarga ko‘rsatiladigan xizmatlarga 50 foizgacha chegirmalar joriy qilinadi.
Davlat soliq qo‘mitasi fevral oyida xarid chekini ro‘yxatdan o‘tkazgan 183 mingdan ortiq iste’molchiga 18,4 mlrd so‘m keshbek to‘lab berilganini ma’lum qildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting