«Xalq banki» ning Andijon viloyati Amaliyot bo‘limining 13 nafar xodimi jami 4,6 mlrd so‘mni o‘zlashtirganlikda gumon qilinmoqda. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 11 nafari hibsga olingan, 2 nafariga esa garov ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov aholining 65 foizi oliy ta’limga haliyam ishonmasligi haqida so‘rovlarni ko‘rganligini ta’kidladi. Vazir sohada korrupsiya kamaygan bo‘lsa-da, tizim atrofida firibgarlar ko‘payganligini qayd etdi. «Xalq, rahbariyat oliy ta’limning „yuvelir“ darajada toza bo‘lishini xohlaydi», — dedi u.
Chinoz tumani hokimining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari qo‘shni tumanda joylashgan fermerga qarashli sug‘oriladigan 35 gektar yerni hokimlikda ishlaydigan tanishlari orqali 90 ming dollar evaziga rasmiylashtirib bermoqchi bo‘lganligi aytilmoqda. Shundan 40 ming dollarni olgan vaqtida ushlangan. Unga nisbatan JKning 229−6-moddasi bilan ish qo‘zg‘atildi.
Qashqadaryoda tuman markaziy poliklinikasi bosh shifokori tibbiyot birlashmasiga qarashli avtoturargoh hududidan 20 sotix yer ajratish evaziga 2000 dollar so‘raganlikda gumon qilinmoqda. U shundan 500 dollar va 10 mln so‘mni o‘z xizmat xonasida olayotganda ushlangan. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
2021 yilda ichki ishlar organlarining 89 nafar xodimi 119 ta korrupsiyaviy jinoyat sodir etgan. Bu 2020 yilga nisbatan 2 barobarga ko‘p. Ularning aksariyati hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish va pora «oldi-berdi"si bilan bog‘liq.
Asaka tuman hokimligi mas’ul xodimi issiqxona qurish uchun 30 sotix yer maydoni ajratib berish evaziga fuqarodan 15 ming dollar so‘ragani aytilmoqda. U shundan 8 ming dollarni olayotgan vaqtida ushlangan. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Transparency International xalqaro tashkilotining 2021 yil uchun Korrupsiyani qabul qilish indeksida O‘zbekiston 2020 yilga nisbatan 6 pog‘onaga yuqorilab, 180 davlat ichida 140-o‘rinni egalladi. Tashkilotning yozishicha, so‘nggi o‘n yil ichida 131 mamlakat korrupsiyaga qarshi sezilarli muvaffaqiyatga erisha olmagan.
Bog‘ot tumanida ikki fuqaro tadbirkordan 10 mlrd so‘m kredit olib berish evaziga 45 ming dollar so‘ragani aytilmoqda. Ushbu pullardan 15 ming dollarini olgan vaqtida esa huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qo‘lga olingan. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Farg‘ona viloyati prokuraturasi bo‘lim katta prokurori fuqaroga tegishli bo‘lgan go‘sht do‘konining orqasida joylashgan 1,5 sotix yer maydonini rasmiylashtirib berish evaziga 1000 dollar pora olgan vaqtida qo‘lga tushgani aytilmoqda. Gumondor protsessual tartibda ushlangan.
Shavkat Mirziyoyev bosh prokuror Nig‘matulla Yo‘ldoshevdan yer munosabatlari sohasidagi qonunbuzarliklar uchun yirik amaldorlarni jinoiy javobgarlikka tortishni talab qildi. «Katta-katta hokimlarni jinoiy javobgarlikka tortsangiz, men sizni xurmat qilishni boshlayman», — dedi davlat rahbari.
Poytaxtda o‘tgan konferensiyada adliya vaziri Ruslanbek Davletov so‘nggi 5 yilda 14 mingdan ortiq mansabdor shaxs korrupsiyaviy jinoyatni sodir etganini ma’lum qildi. Shundan eng ko‘pi tuman miqyosidagi amaldorlar hisoblanadi. Vazir shuningdek, bir idorada ham tekshiruvchi, ham tekshiriluvchi bo‘lsa, o‘zaro manfaatlar to‘qnashuvi ortidan qonun buzilishini aytib o‘tdi.
Korrupsiya odamlarning rahbarlar va muassasalarga bo‘lgan ishonchini susaytiradi, tengsizlikni kuchaytiradi va barchaga zarar yetkazadi, deya ta’kidladi BMT bosh kotibi Misrda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Butunjahon konferensiyasi ishtirokchilariga murojaatida. Forumda O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.
Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari 29 ming dollar miqdorida pora olgan vaqtida ushlandi. Gumondor ushbu pullarni 2020 yili Olmaliq prokurori sifatida ishlagan vaqtidan beri tanishining tenderda yutishiga yordam berganini aytib, talab qilib kelgan.
Antikorrupsiya agentligi korrupsiyaviy jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish taklifi bilan chiqdi. Qonunchilik palatasiga kiritilgan qonun loyihasiga ko‘ra, korrupsiyaga oid jinoyatlar toifasiga 15 turdagi qonunbuzarlik kiritilmoqda. Shuningdek, poraxo‘rlik uchun 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, shu turdagi jinoyatchilarni muddatidan ilgari shartli ozod qilmaslik va jazosini yengilrog‘i bilan almashtirmaslik taklifi bildirildi.
So‘nggi bir yarim yil ichida davlat xaridlari sohasida qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan mansabdorlarga nisbatan 21 ta jinoiy va 24 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atildi. Sohalar kesimida qonunbuzarliklarning eng ko‘pi qurilish va sog‘liqni saqlashga, hududlar kesimida esa Toshkent shahri, Andijon, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlariga to‘ri kelmoqda.
Prezident tomonidan imzolangan qonunga ko‘ra, endilikda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot berayotgan shaxslarning qarindoshlari ham davlat himoyasida bo‘ladi. Ilgari faqat xabar bergan shaxslar nazarda tutilgan.
«Toshkent suv ta’minoti» Olmaliq shahar filiali boshlig‘i va yetakchi mutaxassisi tadbirkordan savdo majmuasini qurishda sarflanayotgan suv bayonnomasini bazaga kiritmaslik uchun 2000 dollar talab qilgani aytilmoqda. Yetakchi mutaxassis pullarning bir qismini olganida qo‘lga tushgan.
Dushanba kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Yangiobod tumani prokurorining o‘rinbosari 8000 dollar olgan vaqtida qo‘lga olingani aytilmoqda.
Senatorlar 2019−2020 yillar va 2021 yilning birinchi yarmida transport sohasidagi korxona va tashkilotlarning 375 nafar xodimi jinoiy javobgarlikka tortilgani, ularning 358 nafari korrupsiyada ayblangan. Ushbu jinoyatlar ortidan 24 mlrd mablag‘ talon-toroj qilingan. Qolaversa, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tizimidagi 149 nafar xodim jinoyat sodir etgan.
Sud aprel oyida 400 dollar olayotganda ushlangan Guliston tumani hokimining sobiq o‘rinbosarini firibgarlikka suiqasdda aybdor deb topdi. U 73,5 mln so‘m miqdorida jarimaga tortildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting