Senat davlat mulkini ijaraga berish tartibini buzganlik uchun javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi qonunni ma’qulladi. Mansabdorlar davlat mulkini shartnoma tuzmasdan ijaraga bergan, ijarachining mulkni qabul qilib olishiga asossiz to‘sqinlik qilgan va boshqa hollarda jarimaga tortiladi.
Senat O‘zbekiston va AQSh Mudofaa vazirliklari o‘rtasidagi maxfiy harbiy ma’lumotlarni himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish haqidagi qonunni ma’qulladi. Hujjat axborot almashinuvi, harbiy-texnik yordam olish va boshqa masalalarni qamrab oladi.
Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha litsenziyalanadigan faoliyat turi joriy etilmoqda. Litsenziyani olish uchun BHMning 10 baravarida boj belgilanmoqda. Shuningdek, endilikda Umra tadbirlarini litsenziyasiz amalga oshirish yoki litsenziyani qalbakilashtirish BHMning 200 baravarida jarimaga sabab bo‘ladi.
Sport musobaqalari ishtirokchilari va tashkilotchilarining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki ularni pora evaziga og‘dirib olish uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. Senat tegishli qonunni ma’qulladi.
Senatorlar Soliq kodeksining 227−1-moddasini o‘zgartirish bo‘yicha qonunni ma’qulladi. Bu modda yuzasidan jarima chorakdagi sof daromadning 100 foizidan 2 foizigacha kamayadi. Ma’lum bo‘lishicha, modda bo‘yicha 1,5 mingdan ortiq tadbirkor jarimaga tortilgan va 735 mlrd so‘m jarima solingan.
Senatning ellik ikkinchi yalpi majlisi 18-may kuni o‘tkaziladi. Unda Soliq kodeksining 227−1-moddasiga o‘zgartirish kiritish, davlat mulkini ijaraga berishda ma’muriy javobgarlikni kuchaytirish va boshqa qonunlarga o‘zgartirishlar kiritish muhokama qilinadi. Markaziy bankining 2023-yildagi hisoboti eshitiladi.
Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva O‘zbekistonda bo‘lib turgan Devid Kemeronni qabul qildi. Ular O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi turli sohalardagi hamkorlik munosabatlarini muhokama qildi.
O‘zbekiston Senati huquq-tartibot idoralari xodimlari faoliyatiga oid tasvirlarni “obro‘sizlantirish maqsadida” tarqatganlik uchun jazoni nazarda tutuvchi o‘zgartirishni hali ko‘rib chiqqani yo‘q. Konstitutsiyaga ko‘ra, Senat qonunni ko‘rib chiqishi, aks holda hujjat to‘g‘ridan-to‘g‘ri prezidentga yuborilishi kerak edi.
O‘zbekistonda sudyalarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi unga nafaqat o‘ta og‘ir, balki og‘ir jinoyat aybi qo‘yilganda ham qo‘llanishi mumkinligi belgilanmoqda. Senat tegishli o‘zgartirishni nazarda tutuvchi qonunni ma’qulladi. Normadan maqsad korrupsiyaga qarshi kurashish ekani aytildi.
Senatorlar “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida"gi qonunning yangi tahririni qabul qildi. Hujjatda bino va inshootlar qurilishida zamonaviy telekommunikatsiya infratuzilmasi majburiy bo‘lishi, xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlar binoda mavjud infratuzilmadan beg‘araz foydalanishi mumkinligi belgilanmoqda.
Prezident parlament palatalari vakolatlarini yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtiruvchi o‘zgartishlarni tasdiqladi. O‘zgarishlar orasida har ikki palataning o‘zini o‘zi tarqatib yuborish vakolati, bosh vazirni tayinlashning yangi tartibi, qonunlarni tasdiqlash muddatini o‘zgartirish va boshqalar bor.
Senatorlar Markaziy saylov komissiyasining 21 nafar a’zosidan 14 nafarini o‘z arizalariga ko‘ra vakolatini tugatish va 2 nafar yangi a’zo saylash bo‘yicha qaror qabul qildi. Buning ortidan MSK a’zolari soni 9 nafargacha tushdi.
Senat pensiyaning minimal miqdori eng kam iste’mol xarajatlari darajasidan oz bo‘lmasligini belgilovchi qonunni ma’qulladi. Hujjat bilan pensiyalar miqdorini yil davomida iste’mol narxlari indeksi darajasining o‘sish sur’atlarini inobatga olib oshirib borish tartibi ham belgilanmoqda.
Davlat yong‘in nazorati organlariga tadbirkorlarga tegishli obyektlarda o‘tkazilgan tekshirishlar natijasida aniqlangan huquqbuzarliklar yuzasidan ma’muriy jazolarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llash vakolati berilmoqda. Senat qonunni maqulladi.
Qonunchilik palatasi deputatlari Markaziy saylov komissiyasining 14 nafar a’zosi vakolatlarini tugatish va 2 nafar yangi a’zoni saylash bo‘yicha qarorlar qabul qilib, Senatga yubordi. Amaldagi qonunchilikda MSK parlament palatalari tomonidan 9 nafar a’zodan iborat tarkibda tuzilishi belgilangan.
Senat Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yong‘inlar profilaktikasi samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonunni ko‘rib chiqib, ma’qulladi. 2023-yilda mamlakatda 10 ming 204 ta yong‘in yuz berib, unda 251 fuqaro jabrlangan, shundan 79 nafari vafot etgan.
Senat ma’qullagan qonunga ko‘ra, Bolalar ombudsmaniga rahbarlar va boshqa mansabdor shaxslar tomonidan darhol qabul qilinish huquqi berilmoqda. Shuningdek, bolalarga taalluqli masalalarga doir qonunchilik hujjatlari loyihalari Bola huquqlari bo‘yicha vakil bilan kelishilishi majburiy bo‘ladi.
Senat tadbirkorlarga tashkil etgan yangi ish o‘rinlariga qarab ayrim soliq imtiyozlari berilishini ko‘zda tutuvchi qonunni ma’qulladi. Bunda “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturiga kiritilgan tadbirkorlar soliqlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lashi mumkin.
Senat mikroqarzning maksimal miqdorini 50 mln so‘mdan 100 mln so‘mgacha oshirishni nazarda tutuvchi qonunni ma’qulladi. Shuningdek, hujjat bilan qarzdorda majburiyatlarini to‘lash uchun mablag‘ yetarli bo‘lmaganda asosiy qarzni to‘lashga ustuvorlik berilishi nazarda tutilmoqda.
Senatorlar atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatuvchi korxonalar faoliyatini cheklash va to‘xtatib turish shartlarini aniqlashtiruvchi o‘zgartishlarni ma’qulladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting