Toshkentning Yashnobod tumanida haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan o‘smir (2005 y.t.) Spark mashinasida tezlikni oshirishi tufayli boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetidagi temir panjaraga urilgan. Buning oqibatida esa avtomobil haydovchisi va yo‘lovchisi voqea joyida vafot etgan.
Toshkentda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan tantanali harbiy yurish bo‘lib o‘tdi. Harbiy xizmatchilardan iborat bo‘linmalar «Turkiston» san’at saroyidan — harbiy texnikalar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tayotgan Xalqlar do‘stligi maydoniga qadar harakatlandi.
Toshkentdagi radar va kameralar o‘rnatish mumkin bo‘lgan 69 ta obyekt onlayn auksionda sotildi. Boshlang‘ich bahosi 306,45 mln so‘m bo‘lgan obyektlarning umumiy narxi 68,5 barobarga oshib, 20,99 mlrd so‘mga yetgan. Eng qimmat hudud 750,06 mln so‘m — boshlang‘ich qiymatidan 277,8 barobar qimmatga sotildi.
Poytaxtda Yangi yilni nishonlash vaqtida noma’lum shaxslar o‘t o‘chirish moslamasini yoqib yuborishdi. Natijada u portlab ketgan va buni tasvirga tushirayotgan 3 kishi jiddiy tan jarohatlarini olgan.
Transport vazirligi Toshkentda yo‘l-transport infratuzilmasini 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasini ishlab chiqdi. Konsepsiya birinchi o‘rinda piyodalar, keyingi o‘rinlarda velotransport, shahar jamoat transporti va shaxsiy avtotransport uchun qulay infratuzilmani yaratishni ko‘zda tutadi.
Poytaxtning Mirobod tumanida 4940 yevro miqdoridagi 2470 dona 2 yevrolik tanga bank orqali almashtirilgani, bank xodimlari esa ularni tekshirmasdan qabul qilib olgani aniqlandi. Qashqadaryoda esa 2 bosh qo‘y evaziga berilgan pullarning 20 donasi soxta 100 minglik kupyura ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Uchtepa tumanida 125 yo‘nalishda harakatlanayotgan «Mercedes-Benz» avtobusi yonib ketdi. FVV yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga 6 daqiqada yetib borgani va olov 4 daqiqada o‘chirilganini ma’lum qildi.
Prognozlarga ko‘ra, 2025 yilda Toshkent maktablarida 550 ming o‘quvchi tahsil oladi. Besh yil ichida shaharda 30 ta maktab qurish rejalashtirilmoqda, biroq bu sinflarda joy yetishmasligi muammosini hal uchun yetarli emas. Hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev davlat har yili 20−30 tadan maktab qura oladigan darajaga yetgunicha vaqtinchalik yechim sifatida bo‘sh binolarni ishbilarmonlardan ijaraga olish ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi.
«Toshkent-Andijon-Toshkent» yo‘nalishida har payshanba kunlari qo‘shimcha poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Qatnov Toshkent markaziy hamda Andijon temir yo‘l vokzallaridan amalga oshiriladi.
COVID-19`dan vafot etgan tibbiyot xodimlari xotirasiga G‘alaba bog‘ida xiyobon tashkil etiladi. Birinchi bosqichda jami 61 ta chinor, qayrag‘och va akatsiya daraxtlari ekiladi.
Poytaxtni suv bilan ta’minlovchi «Qodiriya» suv inshootining yuqori kuchlanishli elektr ta’minotida nosozlik yuzaga kelib, nasos agregatlari o‘chib qolgan. Buning oqibatida shaharning ayrim tumanlarida ichimlik suvi ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda.
The Economist jurnali reytingida Toshkent Damashq va Tripoli bilan dunyoning eng arzon shaharlari uchligidan joy oldi. Reytingni tuzishda 200 ta tovar va xizmatlar narxi Nyu-York bilan solishtirilgan.
Poytaxtdagi jamoat transportlarida tegajog‘lik va jinsiy zo‘ravonlikka qarshi kampaniya boshlandi. Avtobus salonlarida bannerlar va favqulodda to‘xtatish tugmalari joriy qilindi. «Gazeta.uz» xarassment qurbonlari qanday harakat qilishi lozimligi, qolaversa, haydovchi va chiptachi ushbu holatga qay tarzda munosabat bildirishi kerakligi hamda xorijda zo‘ravonlikka qarshi qanday kurash olib borilayotganini o‘rgandi. O‘zbekiston qonunchiligida tegajog‘liq uchun javobgarlik mavjud emas. Huquqbuzarni «haqorat qilish» moddasi bilan javobgarlikka tortish rejalashtirilgan.
Hukumat qarori bilan Toshkentda Italiyaning X asrlik tarixga Piza universitetining filiali tashkil etildi. Filialda ta’lim 2022/2023 o‘quv yilidan kunduzgi shaklda kontrakt asosida amalga oshiriladi. Bitiruvchilarga esa universitet diplomi beriladi.
Qirg‘izistonda kuzatilgan zilzila O‘zbekiston hudularida ham sezildi. Jumladan, Xonobodda 3−4 ball, Qo‘rg‘ontepada 3 ball, Jalaquduqda 3 ball, Paxtaobodda 3 ball, Asakada, Norin, Marhamat va boshqa tumanlarda 2 ballik silkinishlar qayd etildi.
Chorshanba kuni erta tongda poytaxtda iflos qor yog‘di. O‘zgidromet bunga 4 noyabrda Qozog‘iston janubida va 16 noyabrda Buxoro viloyatida kuzatilgan qum bo‘ronlari sabab bo‘lganini ma’lum qildi. Shuningdek, bu inson salomatligiga ziyon yetkazmasligi aytilmoqda.
Toshkentda noyabr-dekabr oylarida «Toshkent yoshlarni sevadi» shiori ostida Yoshlar oyligi o‘tkaziladi. Tadbir doirasida sport festivallari, intellektual loyihalar, madaniyat va san’at, moda va dizayn ko‘rgazmalari, Poytaxt party konsert dasturlari va boshqalar bo‘lib o‘tadi. Toshkent shahar hokimi Jaxongir Ortiqxo‘jayev «ko‘plab syurprizlar» borligini ma’lum qildi.
Toshkentda 15 yoshli maktab o‘quvchisi bilan jinsiy yaqinlik qilgan jismoniy tarbiya o‘qituvchisi va uning ikki nafar sherigi ushbu jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Sud o‘qituvchini 4 yilga, uning sheriklarini esa 2 yilga ozodlikdan mahrum etdi.
8 noyabr soat 11:00 holatiga ko‘ra, Toshkent shahrida havoning chang bilan ifloslanishi ruxsat etilgan maksimal qiymatdan oshmadi, deb xabar berdi «O‘zgidromet».
Toshkent shahrida davlat ehtiyoji uchun 13 yil oldin buzilgan uylar o‘rniga uy-joy yoki kompensatsiya pullari bugungi kunga qadar to‘lab berilmagan. Deputat Rasul Kusherbayevning ta’kidlashicha, «bu harakat davlatning o‘z fuqarosi oldida xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash majburiyatini bajarmayotganini ko‘rsatmoqda».
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting