Pastdarg‘om tumanida Damas piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan 11 yoshli qizni urib yubordi. Qiz tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizildi.
To‘raqo‘rg‘on tumanida KamAZ haydovchisi 6 yoshli bolani urib yubordi. Oqibatda bola shifoxonada vafot etdi. “Kenja farzandim edi, bog‘chada ham juda dono edi. Hech kimning boshiga bu tashvish tushmasin”, — deydi marhumning otasi.
Yakkasaroy tumanida Matiz (taksi), Lacetti, Spark va Isuzu to‘qnashdi. Oqibatda Matiz ag‘darilib ketdi, 2 kishi jarohat oldi.
Chilonzor tumanida BYD Han avtomashinasini guvohnomasiz boshqargan 22 yoshli haydovchi YPX inspektorini qasddan urib yubordi. Xodim ikkala son suyagi sinishi tashxisi bilan kasalxonaga yotqizildi.
Sherobod tumanida Tracker haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetidagi yuk mashinasiga urildi. Oqibatda 59 yoshli haydovchi va 4 nafar yo‘lovchi ayol voqea joyida vafot etdi. Tarmoqlarda YTHga yo‘ldagi chuqurlik sabab bo‘lgani aytilmoqda.
Mirzo Ulug‘bek tumanida 20 yoshli yigit boshqaruvidagi Malibu 45 yoshli piyodani urib yubordi. Erkak hodisa joyida vafot etdi.
Sergeli tumanidagi avtotyuning ustaxonasi qarshisida yuqori tezlikda harakatlangan Kia haydovchisi 27 yoshli piyodani urib yubordi. Fuqaro shifoxonada vafot etdi. Tarmoqlarda piyoda ikki mashina o‘rtasida uyushtirilgan poyga yo‘lagiga tushib qolganini ko‘rish mumkin.
Samarqand shahrida Сobalt yo‘lning belgilanmagan qismidan o‘tayotgan 15 yoshli o‘quvchini urib yubordi. YTH oqibatida qiz shifoxonaga yotqizildi.
Yangi Namangan tumanida 17 yoshli o‘quvchi boshqaruvida bo‘lgan Lacetti yo‘l chetidagi 4 nafar talabani urib yubordi. YTH oqibatida ulardan biri jarohat oldi, biri shifoxonada vafot etdi. “Bolamning berkitib mashina minib kelishidan xabarim yo‘q edi”, — dedi o‘quvchining onasi.
Boysunda tik balandlik paytida to‘xtash tizimida nosozlik yuzaga kelgan Damas yo‘l chetidagi molxonaga urildi. Oqibatda mashina salonidagi 3 nafar yosh bola va 3 nafar ayol halok bo‘ldi. Haydovchi mashinani 8 nafar yo‘lovchi bilan boshqargan, deyiladi tuman YHXB xabarida.
Shahrisabz shahrida piyodalar o‘tish yo‘lagidan o‘tayotgan 1-sinf o‘quvchisini yuqori tezlikda kelayotgan Damas urib yubordi. Oqibatda bola shifoxonada vafot etdi, haydovchi qamoqqa olindi.
Farg‘onaning Marg‘ilon shahrida qarama-qarshi yo‘lakka chiqib ketgan Spark Volkswagen bilan to‘qnashdi. Oqibatda haydovchilardan biri halok bo‘ldi.
G‘allaorol tumanida yuqori tezlikda harakatlangan Gentra haydovchisi yo‘l chetidagi ikki o‘quvchini urib yubordi. YTH oqibatida bolalar vafot etdi, shuningdek, mashina urib ketgan qoramol ham nobud bo‘ldi. Surishtiruv davomida haydovchi 4 oyda 11 marotaba qoida buzgani aniqlandi.
16-aprel yarim tunda Toshkentning Shayhontoxur tumanida 5 ta mashina ishtirokida to‘qnashuv yuz berdi. Jarohat olganlar yo‘q. YHXB surishtiruv ishlarini boshladi.
Sharof Rashidov tumanida yo‘lovchi tashuvchi avtobus ariqqa tushib ketdi. Avtobusda yo‘lovchilar bo‘lmagan, haydovchiga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Toshkentning Yangi O‘zbekiston ko‘chasida Activist loyihasi muallifi Hojiakbar Nosirov boshqaruvidagi BYD YTHga uchradi. Uning mashinasiga orqadan yuqori tezlikda kelgan Monza urilgan. YHXB hodisada jami 3 mashina ishtirok etgani, hech kimga jarohat yetmaganini ma’lum qildi.
Jizzaxda Yutong avtobusi Howo yuk mashinasi bilan to‘qnashdi. Oqibatda ikki kishi voqea joyida halok bo‘ldi, to‘rt kishi, jumladan, Fransiya fuqarosi jarohatlandi.
Yunusobod tumanida haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan 19 yoshli haydovchi 49 yoshli piyodani urib yubordi. Oqibatda yo‘lovchi voqea joyida halok bo‘ldi.
Yangihayot tumanida Bestune, Cobalt va Damas avtomashinalari to‘qnashdi. Oqibatda uchala haydovchi ham olgan jarohati sababli shifoxonaga olib ketildi.
Rossiyaning Samara viloyatida ichida 66 kishi bo‘lgan avtobus ag‘darilib ketdi. Oqibatda 2 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi, 20 ga yaqin kishi jarohat oldi. Mamlakatning Rossiyadagi elchixonasi “vaziyat alohida nazorat ostida” ekanini bildirdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting