Toshkent tumanida 22 yanvar kuni chaqiruv asosida kelgan «Tez yordam» xodimiga xonadon egasi tomonidan jarohat yetkazilgandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Keltirilishicha, «Tez yordam» xodimi Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasiga olib borilgan. Tekshiruvlar natijasida u bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, o‘ng tomon yonoq sohasi ko‘kargan jarohati, o‘ng tomonlama yonoq sohasi va periorbital sohaning teriosti gematomasi tashxisi bilan shoshilinch neyroxirurgiya bo‘limiga yotqizilgan. Hozir bemor belgilangan standartlar asosida tibbiy muolajalarni olmoqda. Holat vazirlik nazoratida.

Eslatib o‘tamiz, 22 yanvar kuni soat taxminan 16:20 da Toshkent tumani tez tibbiy yordam bo‘limiga «Qorabo‘riq» mahallasidan chaqiriq kelib tushgan. Shundan so‘ng tez tibbiy yordam brigadasining erkak xodimlari — shifokor M.M. va feldsher U.U. belgilangan manzilga yetib borgan.

Xonadondagi muzlamada yiqilib, chap qo‘l suyagi yopiq sinishi jarohatini olgan bemor ayolga «103» brigadasi tomonidan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Shu vaqtda uning 1999 yilda tug‘ilgan o‘g‘li O‘.A. xonadonga kirib kelib, «nega ayol hamshira kelmadi», deya kurakda turmas so‘zlar bilan tez tibbiy yordam xizmati xodimlarini haqorat qilgan. Tibbiyot xodimlari esa xizmat vazifasini bajargan va bemorni shifoxonaga olib borgan.

Shu vaqtda ayolning o‘g‘li kelib, janjalni davom ettirgan va feldsher — 1993 yilda tug‘ilgan U.U.ni kaltaklab, unga jarohat yetkazgan.

Ayni paytda 24 yoshli fuqaro O‘.A. ichki ishlar organlari tomonidan protsessual tartibda ushlangan, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Bundan 2 hafta oldin ham Surxondaryoning Boysun tumanida ham tibbiyot birlashmasi shifokori 2 kishi tomonidan kaltaklangandi.

Shuningdek, turli vaqtlarda poytaxtning Mirobod, Yakkasaroy tumanlari, Sirdaryo, Namangan, Samarqand, Farg‘ona, Andijon, Jizzax, Navoiy kabi viloyatlarda shifokorlar faoliyatiga qarshilik ko‘rsatilgan yoxud kaltaklangan.