Afg‘oniston O‘zbekiston va Tojikistondan elektr energiyasi uchun $100 mlndan ortiq qarzi borligi ochiqlandi. Energetika va suv resurslari vazirligi qarzni to‘lashda ushbu mamlakatlarga pul o‘tkazishdagi qiyinchiliklar to‘sqinlik qilayotganini qayd etdi. O‘zbekiston Energetika vazirligi Afg‘oniston tomoni o‘tgan yil davomida elektr energiyasi uchun qarzni to‘liq to‘laganini ma’lum qildi.
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda anomal issiq kunlar soni yiliga me’yordagi 15−30 kundan 25−40 kungacha ko‘paydi. Qurg‘oqchilik davri davomiyligi ko‘p yillik o‘rtacha 30−70 kundan 50−80 kungacha ko‘tarildi, deya xabar qildi O‘zgidromet.
KXSHT qo‘shinlari Qozog‘iston misolida Tojikistonga Tog‘li Badaxshon avtonom viloyatidagi vaziyatni yumshatish maqsadida kiritilishi mumkin. Qirg‘izistonlik ekspert Artur Medetbekovning fikricha, Tojikiston rahbari vaziyat tashqi terrorchilar tomonidan izdan chiqarilayotganini isbotlasa Emomali Rahmon rejimini saqlab qolish uchun KXSHT qo‘llanilishi mumkin.
Namanganlik 22 yoshli fuqaro Telegram tarmog‘i orqali aqidaparastlik g‘oyalarini targ‘ib qilishda gumonlanadi va huquq-tartibot idoralari uning telefonini tekshirish uchun olib qo‘yadi. Bundan xavfsiragan ayblanuvchi Farg‘ona orqali Qirg‘izistonga qochib ketishga uringanida ushlandi. U voqea qanday bo‘lgani va kimdan maslahat olib turganini so‘zlab berdi. Sud unga 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
Aprel oyida muomaladagi naqd pullar hajmi rekord darajada — 5,3 trln so‘mga oshdi. Markaziy bank avvalroq mart oyining ikkinchi yarmida boshlangan naqd pulga bo‘lgan talab keskin oshgani haqida xabar bergan edi.
2022 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida jami 2606 km uzunlikda sement-beton qoplamali ichki yo‘llar quriladi. Yo‘l manzillari jamoatchilik fikri va takliflari asosida shakllantiriladi.
Germaniyaning «Ayntraxt Frankfurt» va Shotlandiyaning «Reyndjers» jamoalari o‘rtasida kechgan Yevropa ligasi final o‘yinida nemis klubi g‘alaba qozondi. Asosiy va qo‘shimcha bo‘limlarda 1:1, penaltilar seriyasida 5:4 hisobi qayd etildi.
Tojikiston IIV namoyishlar bo‘lib o‘tgan Tog‘li Badaxshonda bir kishi vafot etgani, 13 nafar harbiy jarohatlanganini ma’lum qildi. Rasmiylar voqeani «jinoiy guruhning jamoat xavfsizligini buzish va aholini qo‘rqitish maqsadida» uyushtirgan provokatsiyasi sifatida baholadi. OAV esa jurnalistlarga bosim va hujumlar haqida xabar bermoqda. Ehtimoliy tashkilotchilarga nisbatan esa jinoyat ishi ochildi.
Toshkent shahri va 7 ta hudud hokimiyatlari ochiq ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga zid ravishda mahalliy budjetlarning ijrosi va birinchi chorakda mablag‘larni yo‘naltirish maqsadlari to‘g‘risidagi axborotlarni joylashtirmagan. Ular Antikorrupsiya agentligi tomonidan ogohlantirildi.
Aziz Abduhakimov SHHTga a’zo mamlakatlar turizm vazirlariga o‘zaro hamkorlikni jadallashtirish maqsadida doimiy muvofiqlashtiruvchi guruh tuzishni taklif qildi. Guruhga turizm vazirlari o‘rinbosarlari rahbarlik qiladi va davlatlar o‘rtasida eng ommabop turistik yo‘nalishlar xaritasini tuzib chiqadi, transchegaraviy sayyohlik almashinuvi imkoniyatlarini o‘rganadi. Qolaversa, vazir qo‘shma turistik yo‘nalishlarni yaratish, elektron tijorat mahsulotlari va xizmatlarini joriy qilish zarurligini ta’kidladi.
Navoiy viloyati XTB sport anjomlarini haqiqiy bahosidan 787,8 mln so‘mga, viloyatning sobiq turizm va sport bosh boshqarmasi mansabdorlari esa 598,9 mln so‘mga qimmatroq sotib olgani aniqlandi. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
O‘zbekistonda joriy etilayotgan gaz va elektr energiya uchun «ijtimoiy norma», OTMga qabul uchun davlat buyurtmasini kamaytirish taklif etilayotgani, oylik maoshi oshiriladigan tibbiyot xodimlari, Isroildagi Al-Aqso masjidi kutubxonasidan olib kelingan o‘zbek allomalari qo‘lyozmalari nusxalari va boshqalar — «Gazeta.uz»ning 18 maydagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Namangan viloyatida Lacetti hamda Cobalt o‘quv mashinasi to‘qnashdi. Lacetti haydovchisi hodisa joyida halok bo‘ldi, Cobalt haydovchisi esa kasalxonaga yotqizildi.
Jizzaxda moliyaviy piramida tashkilotchilari Telegram orqali mablag‘ jalb qilib, uning bir qismi avvalroq guruhga qo‘shilganlarga to‘lab kelgani aniqlandi. Jami 692,3 mln so‘m qo‘lga kiritilgan.
Yaqin kunlarda energetika sohasini isloh qilish bo‘yicha hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi, deyiladi Iqtisodiy taraqqiyot, Moliya va Energetika vazirliklari qo‘shma bayonotida. 2021 yilni O‘ztransgaz — 2,5 trln so‘m, Milliy elektr tarmoqlari — 2,1 trln so‘m zarar bilan yakunlagan, subsidiyalash siyosati esa yetarli samarani bermayapti. Energoresurslar bo‘yicha qo‘shimcha quvvatlarni yaratish uchun esa 25 mlrd dollar zarur. Shundan kelib chiqib, energoresurslar narxini erkinlashtirish hamda «ijtimoiy norma» tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Al-Aqso masjidi kutubxonasida saqlanayotgan Imom al-Buxoriy va Iso at-Termiziy muallifligidagi nodir qo‘lyozmalarning elektron nusxalari hamda Isroil davlat arxivi saqlovidagi Buxoro yahudiylari uyushmasiga tegishli hujjatlar to‘plami nusxasi O‘zbekistonga olib kelindi.
O‘zbekiston avtomobil bozori hajmi aprel oyida 15,1 foizga oshdi. Ikkilamchi bozorda jadal o‘sish kuzatilmoqda. Buni ekspertlar yil boshidan avtomobillarni xarid qilish va olib kirish uchun yig‘im bekor qilingani bilan izohlamoqda. To‘rtinchi oydirki, xorijiy avtomobillarga qiziqish pasayib bormoqda.
O‘zbekiston madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Fransiyaning Studio KO arxitektura byurosi tomonidan Zamonaviy san’at markazi binosini rekonstruksiya qilish va Toshkentning tarixiy mahallalarida ikkita art-rezidensiya yaratish loyihalari taqdimoti o‘tkazildi. Loyihalarni 2023 yilgacha yakunlash rejalashtirilgan.
Jizzaxda o‘zaro yozishmalar vaqtida tortishib qolgan o‘quvchi qizlar shahardagi o‘quv markazlaridan birida uchrashib, janjallashishdi. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Urganchda tergov izolyatoridagi mahbuslar Ombudsman vakiliga ichishga yaroqsiz suv berilayotgani yuzasidan shikoyat qilishdi. Holat tasdiqlandi. Mahkumlarga kechasi elektr o‘chguniga qadar suv qaynatib olish tavsiya qilindi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting