«O‘ztransgaz» rahbari Behzot Normatov O‘zbekiston qazib olish hajmi kamayishi va ichki talab ortishi ortidan gazni import qila boshlaganini aytdi. «Import qilishdan hech qachon qo‘rqish kerak emas. Iqtisodiyotimiz to‘xtamasligini xohlasak, biz kafolatlangan energoresurslarni zaxirasi bilan birga ta’minlab berishimiz kerak», — deya ta’kidladi u. 2021 yilda O‘zbekistonda gazni import qilish qiymat jihatidan 3 baravarga oshdi.
Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan prezident qarori loyihasiga ko‘ra, 2023-yildan boshlab davlat OTMlariga kvotalarni faqat davlat granti asosida e’lon qilish taklif etilmoqda. Shunga ko‘ra, 2023/2024-o‘quv yilidan barcha OTMlar to‘lov-kontrakt bo‘yicha kvotani mustaqil belgilashi mumkin bo‘ladi.
KXDRda koronavirus aniqlangani haqidagi ilk xabardan bir necha kun o‘tib, virus yuqtirib olganlar soni 1,7 mlndan oshgan bo‘lishi mumkin, 60 dan ortiq kishi esa kovidga xos alomatlardan vafot etgani aytilmoqda. Mamlakat Janubiy Koreyaning yordam berish haqidagi taklifiga javob bermadi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi rahbari Shaxrux Sharaxmetov UzIMEI tizimi, radar o‘rnatish nuqtalarining auksionda sotilishi va haydovchilar uchun Yagona imtihon markazi masalalari kun tartibida turgan «eng murakkab va dolzarblari» hisoblanishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘mita raqobat nuqtai nazaridan bu kabi holatlarni nazorat qila oladimi, uning vakolatiga kiradimi yoki yo‘qmi degan masala turibdi.
Tojikiston IIV Tog‘li Badaxshon avtonom viloyatining Rushon tumanida terrorga qarshi operatsiya boshladi. Bunga mahalliy aholi Badaxshon markaziga harakatlanayotgan harbiy mashinalar yo‘lini to‘sib qo‘ygani sabab qilib ko‘rsatilayapti. Rasmiy Dushanbe namoyishchilar xalqaro terroristik tashkilotlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini ta’kidlamoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari Qoraqalpog‘istonda 0,5 gektar yerni 47 ming dollarga, Toshkentda 6 sotix maydonni 14 ming dollarga hamda Buxoroda 4 sotix yerni 9 mingga sotishga uringan shaxslarni qo‘lga oldi. Gumondorlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Korxonalar va ta’minot tarmoqlarining texnologik jarayonlarini optimallashtirish tufayli UzAuto tomonidan 108 300 dan ortiq avtomobil o‘z egalariga topshirildi.
Nukusda 34 yoshli shaxs 2 kgdan ziyod geroinni 90 ming dollarga sotayotganda ushlandi. Shuningdek, Toshkent shahri, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida ham giyohvandlik va psixotrop moddalar bilan bog‘liq holatlar aniqlandi.
O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev bilan birga vertolyotda o‘zbek-qirg‘iz chegarasining belgilanmagan qismini ko‘zdan kechirdi (foto).
2022/2023 o‘quv yili uchun OTMlarga qabul kvotalarini belgilashga oid prezident qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Unga ko‘ra, davlat buyurtmasi sonini kamaytirish taklif etilmoqda. Xususan, bakalavrlarni tayyorlash uchun 110 278 nafar (2021 yilda — 157 755), magistrlarni tayyorlash uchun 11 082 nafar (2021 yilda — 12 900) talabaga o‘rin ajratish ko‘zda tutilmoqda. Moliyaviy mustaqillik berilgan 35 ta OTM esa to‘lov-kontrakt asosidagi kvotani o‘zi belgilaydi.
5 iyun kuni Qozog‘istonda mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tadi. Tuzatishlarda prezidentning yaqin qarindoshlariga siyosiy davlat xizmatchisi lavozimlarini egallashni taqiqlash, Qozog‘istonning birinchi prezidenti belgilagan tamoyillarning o‘zgarmasligi haqidagi qoidalarni istisno qilish va boshqalar taklif qilingan.
Prezident farmoni bilan 1 iyundan boshlab davlat tibbiyot muassasalaridagi tibbiyot, farmatsevtika va boshqa xodimlarining oylik lavozim maoshlari oshiriladi. Bir qancha ustamalar ham joriy etiladi. 1 sentabrdan boshlab tibbiy-profilaktika muassasalari xodimlari ilmiy daraja uchun maoshining 30 foizidan 60 foizigacha qo‘shimcha oylik oladi.
O‘zbekistonning barcha hududlarida mast holatda bo‘lgan shaxslarga kamida 10 o‘rinli tibbiy yordam ko‘rsatish punktlari tashkil etiladi. Shuningdek, ichki ishlar organlariga narkologik kasalliklarga chalinganlarni majburiy davolashga yuborish huquqi berilmoqda. Qolaversa, yil oxirigacha narkologiya dispanserlarida qo‘shimcha 430 ta o‘rin yaratiladi.
Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumani «Mo‘ynoq qo‘ltig‘i»dagi qamishzorlarda yong‘in yuz berdi. Qoraqalpog‘iston Ekologiya qo‘mitasi yong‘inni o‘chirish imkoni yo‘qligini, chunki qamishzorlar bo‘yi suv va botqoqlikdan iboratligini aytmoqda. Yong‘indan jarohatlangan va halok bo‘lganlar yo‘q.
«Gazeta.uz» O‘zbekistonning turli hududlaridagi IT sohasini o‘rganayotgan o‘smir qizlar bilan suhbatlar uyushtirdi. Birinchi suhbatdoshimiz, Toshkentdagi al-Xorazmiy maktabining 9-sinf o‘quvchisi Maftuna Mahkamova nega IT sohasi kelajakni boshqarishi, ayrim maktablarda o‘quvchilarning kompyuter xonalariga ham olib kirilmasligi va qiziqishi bo‘lmagan odamni IT sohasiga majburlamaslik kerakligi haqida so‘zladi.
Birja nimaligini bilmaydigan tuman hokimlari ham borligini tanqid qilgan Shavkat Mirziyoyev, 700 dan ortiq Nest One quruvchisiga maosh vaqtida to‘lanmagani, O‘zbekistonda boshlangan mahalla raislari saylovi, Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishini 2 barobarga tezlashtirgan Orol fojiasi va boshqalar — «Gazeta.uz»ning 17 maydagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Toshkent shahar Davlat mehnat inspeksiyasi Nest One binosini qurayotgan «Ozguvn mimarlik inshaat» va «Ozguven tasarim mimarlik insaat sanayi ve ticar» kompaniyalari jami 739 nafar ishchiga maoshini o‘z vaqtida bermaganini aniqladi. Avvalroq quruvchilar namoyish o‘tkazib, avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygandi. Seshanba kuni 2,3 mlrd so‘mdan ortiq ish haqi to‘lab berilishiga erishildi va inspeksiya har ikkala kompaniya rahbari Guven Mehmetraga yozma ko‘rsatma kiritdi.
Birja savdolarni ko‘paytirish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat rahbari Jomboy va Uychi tumanlarida birja orqali g‘isht hamda beton qorishmasini sotgan korxonalarni e’tirof etib, hokimlar tomonidan bu tajriba yaxshi yo‘lga qo‘yilmaganini tanqid qildi. «Ochiq aytish kerak, hali aksariyat hokimlar masalaning ichiga kirmagan, birja nimaligini bilmaydigan tuman hokimlari ham bor», — dedi u. Prezident yil oxirigacha o‘z mahsulotlarini birjalarga olib chiqadigan tadbirkorlar sonini 2 baravarga, mahsulotlar turini esa 5 baravarga oshirishni topshirdi.
16 may kuni Iroq poytaxti Bag‘dod va bir qator viloyatlarni so‘nggi bir oydagi sakkizinchi chang-qum bo‘roni qopladi. Rasmiylar maktablar, aeroportlar va davlat idoralarini yopib qo‘ydi, minglab kishilar nafas qisishi shikoyati bilan kasalxonalarga murojaat qilishdi.
Samarqandlik fuqaro Qashqadaryoning Qamashi tumanida ijaradagi uyida 50 tup kannabis yetishtirayotgani aniqlandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting