Toshkent shahri va 7 ta hudud hokimiyatlari ochiq ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga zid ravishda mahalliy budjetlarning ijrosi va birinchi chorakda mablag‘larni yo‘naltirish maqsadlari to‘g‘risidagi axborotlarni joylashtirmagan. Ular Antikorrupsiya agentligi tomonidan ogohlantirildi.
Aziz Abduhakimov SHHTga a’zo mamlakatlar turizm vazirlariga o‘zaro hamkorlikni jadallashtirish maqsadida doimiy muvofiqlashtiruvchi guruh tuzishni taklif qildi. Guruhga turizm vazirlari o‘rinbosarlari rahbarlik qiladi va davlatlar o‘rtasida eng ommabop turistik yo‘nalishlar xaritasini tuzib chiqadi, transchegaraviy sayyohlik almashinuvi imkoniyatlarini o‘rganadi. Qolaversa, vazir qo‘shma turistik yo‘nalishlarni yaratish, elektron tijorat mahsulotlari va xizmatlarini joriy qilish zarurligini ta’kidladi.
Navoiy viloyati XTB sport anjomlarini haqiqiy bahosidan 787,8 mln so‘mga, viloyatning sobiq turizm va sport bosh boshqarmasi mansabdorlari esa 598,9 mln so‘mga qimmatroq sotib olgani aniqlandi. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
O‘zbekistonda joriy etilayotgan gaz va elektr energiya uchun «ijtimoiy norma», OTMga qabul uchun davlat buyurtmasini kamaytirish taklif etilayotgani, oylik maoshi oshiriladigan tibbiyot xodimlari, Isroildagi Al-Aqso masjidi kutubxonasidan olib kelingan o‘zbek allomalari qo‘lyozmalari nusxalari va boshqalar — «Gazeta.uz»ning 18 maydagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Namangan viloyatida Lacetti hamda Cobalt o‘quv mashinasi to‘qnashdi. Lacetti haydovchisi hodisa joyida halok bo‘ldi, Cobalt haydovchisi esa kasalxonaga yotqizildi.
Jizzaxda moliyaviy piramida tashkilotchilari Telegram orqali mablag‘ jalb qilib, uning bir qismi avvalroq guruhga qo‘shilganlarga to‘lab kelgani aniqlandi. Jami 692,3 mln so‘m qo‘lga kiritilgan.
Yaqin kunlarda energetika sohasini isloh qilish bo‘yicha hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi, deyiladi Iqtisodiy taraqqiyot, Moliya va Energetika vazirliklari qo‘shma bayonotida. 2021 yilni O‘ztransgaz — 2,5 trln so‘m, Milliy elektr tarmoqlari — 2,1 trln so‘m zarar bilan yakunlagan, subsidiyalash siyosati esa yetarli samarani bermayapti. Energoresurslar bo‘yicha qo‘shimcha quvvatlarni yaratish uchun esa 25 mlrd dollar zarur. Shundan kelib chiqib, energoresurslar narxini erkinlashtirish hamda «ijtimoiy norma» tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Al-Aqso masjidi kutubxonasida saqlanayotgan Imom al-Buxoriy va Iso at-Termiziy muallifligidagi nodir qo‘lyozmalarning elektron nusxalari hamda Isroil davlat arxivi saqlovidagi Buxoro yahudiylari uyushmasiga tegishli hujjatlar to‘plami nusxasi O‘zbekistonga olib kelindi.
O‘zbekiston avtomobil bozori hajmi aprel oyida 15,1 foizga oshdi. Ikkilamchi bozorda jadal o‘sish kuzatilmoqda. Buni ekspertlar yil boshidan avtomobillarni xarid qilish va olib kirish uchun yig‘im bekor qilingani bilan izohlamoqda. To‘rtinchi oydirki, xorijiy avtomobillarga qiziqish pasayib bormoqda.
O‘zbekiston madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Fransiyaning Studio KO arxitektura byurosi tomonidan Zamonaviy san’at markazi binosini rekonstruksiya qilish va Toshkentning tarixiy mahallalarida ikkita art-rezidensiya yaratish loyihalari taqdimoti o‘tkazildi. Loyihalarni 2023 yilgacha yakunlash rejalashtirilgan.
Jizzaxda o‘zaro yozishmalar vaqtida tortishib qolgan o‘quvchi qizlar shahardagi o‘quv markazlaridan birida uchrashib, janjallashishdi. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Urganchda tergov izolyatoridagi mahbuslar Ombudsman vakiliga ichishga yaroqsiz suv berilayotgani yuzasidan shikoyat qilishdi. Holat tasdiqlandi. Mahkumlarga kechasi elektr o‘chguniga qadar suv qaynatib olish tavsiya qilindi.
Toshkentdagi dehqon bozorlarida laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazilgan 30,6 ming tonna go‘sht va go‘sht mahsulotlarining 6,8 tonnasi iste’molga yaroqsiz deb topildi.
«O‘ztransgaz» rahbari Behzot Normatov O‘zbekiston qazib olish hajmi kamayishi va ichki talab ortishi ortidan gazni import qila boshlaganini aytdi. «Import qilishdan hech qachon qo‘rqish kerak emas. Iqtisodiyotimiz to‘xtamasligini xohlasak, biz kafolatlangan energoresurslarni zaxirasi bilan birga ta’minlab berishimiz kerak», — deya ta’kidladi u. 2021 yilda O‘zbekistonda gazni import qilish qiymat jihatidan 3 baravarga oshdi.
Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan prezident qarori loyihasiga ko‘ra, 2023-yildan boshlab davlat OTMlariga kvotalarni faqat davlat granti asosida e’lon qilish taklif etilmoqda. Shunga ko‘ra, 2023/2024-o‘quv yilidan barcha OTMlar to‘lov-kontrakt bo‘yicha kvotani mustaqil belgilashi mumkin bo‘ladi.
KXDRda koronavirus aniqlangani haqidagi ilk xabardan bir necha kun o‘tib, virus yuqtirib olganlar soni 1,7 mlndan oshgan bo‘lishi mumkin, 60 dan ortiq kishi esa kovidga xos alomatlardan vafot etgani aytilmoqda. Mamlakat Janubiy Koreyaning yordam berish haqidagi taklifiga javob bermadi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi rahbari Shaxrux Sharaxmetov UzIMEI tizimi, radar o‘rnatish nuqtalarining auksionda sotilishi va haydovchilar uchun Yagona imtihon markazi masalalari kun tartibida turgan «eng murakkab va dolzarblari» hisoblanishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘mita raqobat nuqtai nazaridan bu kabi holatlarni nazorat qila oladimi, uning vakolatiga kiradimi yoki yo‘qmi degan masala turibdi.
Tojikiston IIV Tog‘li Badaxshon avtonom viloyatining Rushon tumanida terrorga qarshi operatsiya boshladi. Bunga mahalliy aholi Badaxshon markaziga harakatlanayotgan harbiy mashinalar yo‘lini to‘sib qo‘ygani sabab qilib ko‘rsatilayapti. Rasmiy Dushanbe namoyishchilar xalqaro terroristik tashkilotlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini ta’kidlamoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari Qoraqalpog‘istonda 0,5 gektar yerni 47 ming dollarga, Toshkentda 6 sotix maydonni 14 ming dollarga hamda Buxoroda 4 sotix yerni 9 mingga sotishga uringan shaxslarni qo‘lga oldi. Gumondorlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Korxonalar va ta’minot tarmoqlarining texnologik jarayonlarini optimallashtirish tufayli UzAuto tomonidan 108 300 dan ortiq avtomobil o‘z egalariga topshirildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting