Hukumat qarori bilan ko‘chmas mulk buzilishga tushgan yoki tushmaganligi holati to‘g‘risida ma’lumotnoma 3 ish kunida DXM yoki YAIDXP orqali beriladi. Bundan tashqari, bino va inshootlar tashqi ko‘rinishini o‘zgartirish, loyiha-smeta hujjatlarni kelishish, qurilishni boshlash uchun obyektni ro‘yxatdan o‘tkazish zarurligi belgilanmoqda.
20 aprel kuni Samarqand va Jizzax viloyatlarida 1,5 soatda bir oylik miqdorda yomg‘ir yog‘ishi oqibatida sel oqimlari va toshqin suvlari yuzaga keldi. Natijada har ikki viloyatda jami 364 ta uy-joy, 6 ta maktab va 2 ta MTMning yerto‘la va hovlilarigaga suv kirgan. 26 ta xo‘jalik turli darajada talofat ko‘rdi. 6 kishi qutqarildi, 100 dan ziyod aholi evakuatsiya qilindi.
1-avgustdan boshlab davlat xizmatlaridan foydalanishda shaxsni aniqlash uchun Mobil-ID tizimi joriy etiladi. Bunda fuqarolar tizim orqali elektron raqamli imzoni qo‘llamagan holda barcha davlat xizmatlaridan foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda harbiy texnikalar temir yo‘l vagonlarida tashilayotgani aks etgan videolavha tarqaldi. O‘zbekiston Mudofaa vazirligi bu holat qo‘shinlarda rejaviy almashtirish ishlari ekanini ma’lum qildi.
ISHID raketalari O‘zbekistongacha yetib bormaganini aytgan «Tolibon», O‘zbekistonga «yashil» iqtisodiyotni rivojlantirish uchun 150 mln yevro ajratadigan Fransiya taraqqiyot agentligi, mahkumlar ishlagan muddatni ish stajiga qo‘shish taklif etilayotgani, Jizzaxdagi kuchli sel tufayli vafot etgan 4 kishi, Buxoroda ushlangan soxta aviachipta tayyorlovchilar va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 20 apreldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Prezident qarori bilan yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘ini hisoblash tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi. Bundan buyon soliq bazasini aniqlashda so‘nggi ikki yil davomida baholovchi tashkilotni jalb qilgan holda o‘tkazilgan mol-mulkni baholash natijalari asos bo‘ladi.
O‘zbekiston fuqarolarining Rossiyada ro‘yxatdan o‘tmagan holda bo‘lish muddatini 7 kundan 15 kunga uzaytirish rejalashtirilmoqda. O‘zbekistondagi rossiyaliklar uchun ham xuddi shunday rejim joriy etiladi.
Joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekiston bojxona xizmati organlari tomonidan 503,6 kg giyohvandlik vositalari ushlab qolindi. Shuningdek, 1 mln dollarga teng naqd xorijiy valyuta to‘xtatib qolingan, 5,2 mlrd so‘mlik zargarlik buyumlarining aylanishining oldi olingan.
Jizzaxning Baxmal, G‘allaorol, Forish tumanlarida kuchli yog‘ingarchilik oqibatida sel kelishi va toshqinlar kuzatildi. Maktab va bog‘cha zarar ko‘rdi. Hodisa tufayli 4 kishi halok bo‘ldi. O‘zgidromet yetakchi mutaxassisi Erkin Abdulaxatovning aytishicha, ikki soat ichida G‘allaorol meteorologiya stansiyasi yillik yog‘ingarchilikning deyarli 10 foizini qayd etgan.
«Tolibon» matbuot kotibi o‘rinbosari Inomulla Samangoniy ISHIDning Xuroson bo‘limi jangchilari Afg‘oniston hududidan O‘zbekistonga raketalar uchirishga uringani, biroq snaryadlar o‘zbek chegarasigacha yetib bormaganini tasdiqladi. U Afg‘oniston hech kimga o‘z hududidan qo‘shni davlatlar xavfsizligiga tahdid qilishga yo‘l qo‘ymasligini bildirdi. Shunga qaramasdan, mamlakat muvaqqat hukumati TIV o‘qqa tutish holatini rad etdi.
2021 yilda Ombudsman nomiga mahkumlar, ularning yaqin qarindoshlari hamda advokatlari tomonidan 6104 ta murojaat kelib tushgan. Mahkumlarning shikoyatlari asosida 4 ta holatda ichki ishlar xodimlarining 7 nafar xodimiga intizomiy ta’sir choralari qo‘llanildi. 59 nafar mahkumga tayinlangan jazolar yengilroqlariga almashtirildi.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 22,43 so‘mga ko‘tarilib, 11 281,80 so‘mni tashkil qildi. Yevro kursi ham ko‘tarildi, rubl kursi esa pasaydi.
O‘zbekiston Moliya vazirligi va Fransiya taraqqiyot agentligi o‘rtasida mamlakatning «yashil» iqtisodiyotga o‘tishini osonlashtirishga qaratilgan bitim imzolandi. Birinchi kredit shartnomasi qiymati 150 mln yevroni tashkil qiladi.
«Bekobodsement» aksiyadorlik jamiyatining yangi turdagi sementlari yo‘l qurilishi uchun mo‘ljallangan. Mahsulotlar muvofiqlik sertifikatlariga ega.
General Motors avtokonserni Rossiyadan butunlay chiqib ketadi va ushbu davlatdagi ofisi xodimlarini ishdan bo‘shatadi. Shuningdek, dilerlarga avtomobillar va ehtiyot qismlar yetkazib berish to‘xtatilgani haqida xabar yuborilgan. GM 28-fevralda Rossiyadagi faoliyatini to‘xtatib turishga qaror qilgan edi.
Senatning 25-yalpi majlisini 28-aprel kuni chaqiriladi. Unda 9 ta qonun, shu jumladan, pochta aloqasi, ichimlik suvi ta’minoti, qo‘riqlash faoliyati, xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risidagi qonunlar muhokama qilinadi. Qolaversa, Vazirlar Mahkmasi, Hisob palatasi, Markaziy bank, bosh prokuror va adliya vazirining hisobotlari tinglanadi.
Giyohvand moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi rahbari Olim Narzullayevning aytishicha, Afg‘onistondan «Shimoliy yo‘nalish» orqali narkotik moddalarni olib o‘tish holatlari ko‘paygan. Bunda ko‘p kuzatilgan narkotik moddalarni olib o‘tishga urinish O‘zbekiston transport infratuzilmasi orqali bajarilgan.
Dislokatsiya ko‘chirmasi bilan tanishish murakkablashganiga qaramay, YPX inspektorlari «nazoratsiz qolmaydi», — dedi YHXX boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov. Lekin u nima sababdan xaydovchilar dislokatsiya ko‘chirmasi bilan joyida tanishish huquqidan mahrum qilinganiga izoh bermadi.
Jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tash davrida bajarilgan har qanday ish, agar ushbu ish uchun ijtimoiy soliq to‘langan bo‘lsa, ish stajiga qo‘shib hisoblanishi mumkin. Shuningdek, jazoni o‘tab bo‘lgan shaxslarga «Dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi» berish taklif qilinmoqda. Shuningdek, ozodlikka chiqqan shaxslarni aholining ehtiyojmand toifasiga kiritish rejalashtirilmoqda.
Poytaxtda avtoturargohlar sonini qisqartirish va jamoat transporti rivojlanishi uchun ko‘proq sharoit yaratish rejalashtirilayapti, deb ma’lum qildi Transport vazirligi vakili Murod Obidov. Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentda avtoturargohlarni kengaytirish uchun yer yo‘q, ularda avtomobillarni ertalabdan kechgacha saqlab turish esa yer resurslaridan foydalanishning eng samarasiz usuli hisoblanadi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting