8 aprel kuni O‘zbekistondan Ukrainaga 34 tonnadan ortiq gumanitar yordam yetib kelgan. Zakarpatska viloyati rahbari Viktor Mikita ko‘rsatilgan yordam uchun O‘zbekistonga minnatdorchilik bildirgan. Ukrainaga gumanitar yordam yuborilganligi haqida hozircha O‘zbekistonning rasmiy idoralari tomonidan xabar berilmadi.
Fransiyada bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovining birinchi turida amaldagi davlat rahbari Emmanuel Makron 27,4 foiz ovoz to‘plab, g‘alaba qozondi. Ikkinchi o‘rinni esa 23,41 foiz ovoz to‘plagan o‘ta o‘ngchi «Milliy birlik» partiyasidan nomzod Marin Le Pen egalladi.
Sirdaryoda viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga Dilmurod Abduraxmanov tayinlandi. U bunga qadar Sayxunobod tumanidagi to‘qimachilik klasteriga rahbarlik qilgan.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson kutilmaganda Ukrainaga tashrif buyurdi. U prezident Vladimir Zelenskiy bilan muzokaralar o‘tkazdi, Kiyevni aylanib chiqdi va 120 ta zirhli texnika, kemaga qarshi raketa tizimlari va Jahon banki krediti kafolati sifatida 500 mln dollar berishga va’da berdi.
Moliya vazirligi tomonidan tijorat banklariga ipoteka va ta’lim krediti uchun ajratiladigan resurs mablag‘lari bo‘yicha amaldagi foiz stavkalari 2022 yil yakuniga qadar saqlanib qoladi. Bu haqda prezident qarorida ko‘zda tutilgan.
Pokiston parlamenti bosh vazir Imron Xonni ishonchsizlik votumi bilan muddatidan oldin lavozimidan chetlashtirdi. Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi e’lon qilish taklifini bildirgan muxolifat partiya uni pandemiya fonida izdan chiqqan iqtisodiyotni tiklay olmaganlikda, Pokistonni korrupsiyadan holi qilish va’dalarini bajarmaganlikda ayblagan.
Prezidentning tadbirkorlik muhitini yaxshilash to‘g‘risidagi farmoni bilan bir qator kompaniya va tashkilotlarga berilgan eksklyuziv huquqlar bekor qilinmoqda. Jumladan, aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish bo‘yicha «Hududgazta’minot», haydovchilar va haydovchilikka nomzodlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha davlat tibbiyot muassasalarining monopoliyasiga barham berilmoqda.
«Davrbank» tomonidan kafil yoki birgalikda qarz oluvchi hisoblanmagan fuqarolarning bank kartalari ularning roziligisiz jismoniy shaxslarga ajratilgan kredit qarzdorligini so‘ndirish uchun biriktirilib, mablag‘lar yechib olish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgani aniqlandi. Markaziy bank «Davrbank"ka nisbatan jarima sanksiyasi qo‘lladi.
«Bahor qaytmaydi» videofilmi bosh qahramoni Alimardon To‘rayev rolini ijro etgan O‘zbekiston xalq artisti Lutfulla Sa’dullayev 81 yoshida hayotdan ko‘z yumdi.
Raqobatga qarshi harakatlarni sodir etgan kompaniyalarga moliyaviy jarimalar qo‘llaniladi. Yangi tahrirdagi «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunda moliyaviy jarimalarning aniq miqdorlari va ularni qo‘llash tartiblari bayon etiladi. Avval taqdim etilgan imtiyoz va preferensiyalar qayta ko‘rib chiqilib, qisman bekor qilinadi.
Olimjon Nurmatov sog‘lig‘i sababli O‘rta Chirchiq tumani hokimi lavozimidan ozod etildi. Bungacha hokimning birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Ixtiyor Qosimov hokim v.b. bo‘ldi.
SpaceX kompaniyasining kosmik kemasi to‘rt nafar sayyohdan iborat to‘liq tijorat reysini XKSga yetkazdi. Ular Yer orbitasida taxminan 10 kun bo‘lishadi.
1941-yilning 16−22-iyun kunlarida Sovet Ittifoqi hukumati qarori bilan Go‘ri Amir maqbarasidagi Temuriylar sulolasi qabrlari ochiladi. Ekspeditsiya davomida Amir Temur, uning o‘g‘illari va nabiralarining jasadlari o‘rganilgan. Tadqiqot natijasida antropolog Mixail Gerasimov Amir Temur qiyofasini yaratadi.
Navoiy viloyatining Tomdi tumani hududidagi Muruntov konida 40 mln tonnadan ortiq oltinga boy ma’dan zaxirasiga ega «Balpantog‘» va «Tomdibuloq» konlari ochildi. Undan qariyb 15 yil davomida yiliga 3 mln tonnadan ortiq ruda qazib olish rejalashtirilmoqda.
Prezident 1 avgustga qadar Toshkent jamoat transportiga xususiy sektorni jalb etish yuzasidan takliflar ishlab chiqishga ko‘rsatma berdi. Shunga qaramasdan, yil oxirigacha «Toshkent shahri misolida» Nukus shahri va barcha viloyatlar markazlarida jamoat transporti infratuzilmasini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqib, joriy etish rejalashtirilmoqda.
«O‘zbekneftegaz», «Issiqlik elektr stansiyalari» va Uzbekistan airways kompaniyalarini xususiylashtirish rejalashtirilmoqda. Qolaversa, UzAuto Motors aksiyalarining bir qismini sotish, Toshkent va hududiy xalqaro aeroportlarni xususiy sektor boshqaruviga berish ko‘zda tutilgan. Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi uning tarkibidan pudrat va ishlab chiqarish korxonalarini chiqarish orqali isloh qilinadi.
Saudiya Arabistoni so‘nggi uch yil ichida birinchi marta 1 million ziyoratchiga, shu jumladan xorijlik fuqarolarga ham Haj ziyoratini ado etishga ruxsat berdi. Safarga boruvchilardan kovidga qarshi vaksina sertifikati va 72 soat ichida olingan manfiy PZR-test ma’lumotnomasi talab etiladi.
Insoniyat tarixida eng katta imperiyalardan biri (qariyb 4,4 mln kv km maydon) — Temuriylar imperiyasi asoschisi Amir Temur 9 aprel kuni 686 yoshga kirdi. «Gazeta.uz» uning hayoti va harbiy yurishlari bo‘yicha tarixiy ahamiyatga ega ma’lumotlarni to‘pladi. Maqolada uning tutingan o‘g‘li, ayollardan iborat qo‘shinlari, 40 ga yaqin ayollari, u asrab qolgan sarbador, tiriklik vaqtida hali hayot bo‘lgan 50 nafardan ortiq avlodlari haqida ham so‘z boradi.
Davlat korxonalarining kvazifiskal xarajatlari yaxshiroq nazorat qilinadi, davlat korxonalariga ularning faoliyatiga mos kelmaydigan yangi ko‘chmas mulk obyektlarini sotib olish va qurish taqiqlanadi. Prezidentning yangi farmoni bilan davlat korxonalari uchun boshqa taqiq va cheklovlar ham joriy etilmoqda.
2022−2023-o‘quv yilida Namangan va Sirdaryo viloyatlaridagi 918 ta maktabda “Ona tili va o‘qish savodxonligi” hamda “Matematika” fanlaridan boshlang‘ich sinflar uchun yangi darsliklar sinovdan o‘tkaziladi. Ular USAID va Respublika ta’lim markazi tomonidan ishlab chiqilgan. Joriy o‘quv yilida xuddi shu hududlarda ingliz tili (1−11-sinflar) va informatika (5−11-sinflar) bo‘yicha yangi darsliklar joriy etilgandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting