Mass-mediani qo‘llab-quvvatlash fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov Uzmetronom.com sayti asoschisi Sergey Yejkov ustidan huquq-tartibot organlariga arz qildi. Bunga Komil Allamjonov himoyasi ostida O‘zbekistonga 4,2 mln dollarlik tilla va brilliant taqinchoqlar noqonuniy olib kirilgani aytilgan «Brilliant bola» nomli maqola sabab bo‘ldi. Mazkur axborotning birinchi manbasi esa Eltuz resursi hisoblanadi.
Namangan viloyatining Norin tumanida mahalliy hokimiyat Iftihor Kiyim Sanoat klasterini boshqa bir klaster — Uztex Uchkurgan bilan uch yildan buyon ishlab kelayotgan fermer xo‘jaliklariga biriktirmoqchi bo‘lmoqda. Klasterlarni o‘zgartirish bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev tomonidan imzolangan yig‘ilish yopiq bayonnomasida ko‘zda tutilgan. Uztex 2022 yil uchun fermerlar bilan tuzilgan shartnomalarning bir qismini moliyalashtirgani, biroq viloyat hokimi yon berishni istamaganini ma’lum qildi. Fermerlarning aytishicha, ular joriy klasterdan mamnun. Iftihor Kiyim Sanoat esa «bu yerlarni so‘ramaganliklarini» bildirdi.
XKS kosmonavti Oleg Artemev internet foydalanuvchilari iltimosiga ko‘ra Orol dengizi suratlarini e’lon qildi. Suratda O‘zbekistondagi G‘arbiy va Sharqiy Orolning bir-biri bilan ingichka suv yo‘li bilan tutashgani hamda Qozog‘istondagi Kichik Orolning zumrad oynadek turgani aks etgan.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Bobir Karimov lavozimidan ozod etildi. U UzAuto Motors monopoliyasiga qarshi chiqqan edi va haydovchilik guvohnomasini olish uchun Yagona imtihon markazi ishga tushgandan keyin davlat imtihon markazlari yopilgani noto‘g‘ri bo‘lganini aytgan edi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili ofisiga 2021-yilda 18,7 mingdan ko‘proq murojaat kelib tushdi, bu bir yil avvalgi ko‘rsatkichga (14,9 ming) qaraganda oshgan. Shundan 11257 tasi ko‘rib chiqish uchun ish yurituviga olingan. Murojaatlarning asosiy qismini mulkka bo‘lgan va mehnat huquqlarini ta’minlash, ijtimoiy imtiyoz va nafaqalar olish kabi masalalar tashkil etgan.
OTB prognozlariga ko‘ra, 2022 yilda O‘zbekiston YAIM o‘sishi sekinlashib, 4% ni tashkil etishi kutilmoqda. O‘sish sur’atining sekinlashishi mamlakatda xususiy iste’molning qisqarishi va natijada sanoat hamda xizmatlar sohasi kengayishining cheklanishi bilan izohlangan. Bank mamlakatga «yashil o‘sish» va xususiy sektorning rivojlanishi yordam berishi mumkinligini ta’kidlagan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining sessiyasida Kamal Tarixov Qoraqalpog‘iston sudi raisi lavozimiga saylandi. U mazkur lavozimda Gulnara Bazarbayevaning o‘rnini egalladi.
«Andijon» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti boshlig‘i va 2 nafar xodimi qo‘lga olindi, ular post orqali 5,5 mlrd so‘mlik yukni noqonuniy tarzda olib o‘tilishiga yordam bermoqchi bo‘lgan.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutaxassislari mart oyidagi noqulay ob-havo sharoitining qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga ta’sirini o‘rgandi. Sovuq havo va yog‘ingarchiliklar ayrim hududlarda mevali bog‘larning kurtak novdalariga qisman salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Uzumzorlar, ertaki ekilgan kartoshka va sabzavot ekinlari zarar ko‘rmagan.
Shavkat Mirziyoyev Yangi O‘zbekiston ko‘chasi bo‘ylab 610 gektar maydonda quriladigan binolar loyihalari bilan tanishdi. Uy-joylar, mehmonxonalar, kinoteatr, restoranlardan iborat zamonaviy majmualar to‘rt qavatli va to‘rt xil dizaynga ega bo‘ladi. Shuningdek, piyoda va velosiped yo‘laklari, yerosti va yerusti yo‘llari barpo etiladi. Bundan tashqari, prezident Olimpiya shaharchasi loyihasini tasdiqladi.
Osiyo taraqqiyot banki Surxondaryo (111 km) va Buxoro (87 km) viloyatlaridan o‘tuvchi avtomobil yo‘llarini ta’mirlash uchun 273,8 mln dollar miqdorida qarz mablag‘larini ajratmoqda.
6 aprel kuni AQSh, Buyuk Britaniya hamda «Katta yettilik» mamlakatlari Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, «Sberbank» va Alfa-bank aktivlari muzlatiladi, Rossiyaga investitsiya kiritish taqiqlanadi. Bundan tashqari, Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin, Dmitriy Medvedev, Vladimir Putinning qizlari, Sergey Lavrovning turmush o‘rtog‘i va qizi ham sanksiyaga tushgan. Batafsil «Gazeta.uz» materialida.
Prezident qarori bilan yangi tashkil etilgan bosh vazir maslahatchisi — Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi raisi lavozimiga Bobir Islamov tayinlandi. U 2017 yildan beri qo‘mita raisi sifatida ishlab kelayotgandi.
Quacquarelli Symonds xalqaro reyting agentligi 2022 yil uchun «Fan bo‘yicha reytingi» natijalarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, «Matematika» fani sohasida erishgan natijalari bilan O‘zbekiston milliy universiteti dunyoning kuchli 500 ta universiteti qatoridan joy oldi. Shuningdek, turli yo‘nalishlar bo‘yicha dunyoning Top-5 ta universiteti e’lon qilindi.
11 apreldan Qozog‘iston O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Rossiya bilan quruqlikdagi o‘tkazish punktlarida chegarani kesib o‘tish cheklovlarini bekor qiladi. Manfiy PZR testi yoki kovidga qarshi emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikatga ega bo‘lish talabi saqlanib qolmoqda.
O‘zbekiston sanksiyalar tufayli Rossiyaga avtomobil sotishni to‘xtatgani, 30 aprelgacha yopilgan «G‘alaba bog‘i», deputatlik maqomi tugatilgan Murod Nazarov, fevralda eng ko‘p oltin sotgan O‘zbekiston, ITSVga tashqi savdo operatsiyalarini tartibga solish vakolati berilgani, dorilarni markirovkalash 1 sentabrdan boshlanishi va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 6 apreldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 14,51 so‘mga pasayib, 11 370,56 so‘mni tashkil qildi. Shunindek, yevro va rubl kurslari ham pasaydi.
Toshkent viloyati Zangiota tumani hokimi yordamchisi va kadastr bo‘limining sobiq xodimi 1000 dollar pora olayotgan vaqtda qo‘lga olindi. Ular tadbirkorga turar-joy binosi qurish uchun ruxsatnoma va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berishni va’da qilishgan.
«Global Money Week-2022» doirasida Markaziy bank tomonidan 12−15 aprel kunlari yoshlar uchun moliyaviy savodxonlik bo‘yicha mahorat darslari tashkil qilinadi. Mahorat darslari har bir viloyatning «Yoshlar markaz"larida o‘tkaziladi. Darslarda qatnashuvchilarga pul bilan to‘g‘ri munosabatlar haqida bilim va ko‘nikmalar berilishi aytildi.
UzAuto Motors sanksiyalar rejimiga amal qilish doirasida Rossiyaga avtomobil sotishni to‘xtatdi, deb xabar berdi Eurasianet.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting