O‘zbekiston xalq artisti, «Vatandoshlar» jamoat fondining Vasiylik Kengashi raisi Sherali Jo‘rayev «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlandi. Prezident tegishli farmonni imzoladi.
Nyu-York metrosida noma’lum shaxs tomonidan sodir etilgan otishma oqibatida eng kamida 13 kishi yaralandi. Hozirda u politsiya tomonidan qidirilmoqda.
Insonning koinotga birinchi parvozi bundan 61 yil avval amalga oshirilgan. Kosmonavtika kuni munosabati bilan «Gazeta.uz»ning O‘zbekistonning koinotni o‘rganishga qo‘shgan hissasi haqidagi maqolasini eslaymiz. Yutuqlar qatoridan «TAPOiCh»da kosmonavtlarni sinovdan o‘tkazish uchun samolyotlar ishlab chiqarilgani, Toshkent muhandislik byurosida Oy tuprog‘ini Yerga olib tushgan qurilmaning yaratilgani, Oyni tadqiq qilish uchun Toshkentda ishlab chiqilgan asbob-uskunalar Nevich posyolkasida sinovdan o‘tkazilgani kabilar o‘rin olgan.
O‘zbekistonda tashqi omillar hisobiga 150 turdagi aholi uchun zarur dori vositalarida uzilish bo‘lishi xavfi mavjud, qalbaki va kontrafakt dorilar sotilishiga haligacha barham berilgani yo‘q, amaliyotda 15 foizlik narx preferensiyasi ishlamaydi. Shu va boshqa 50 ga yaqin muammoga yechim topilmagani prezident ishtirokidagi yig‘ilishda tanqid qilindi.
«Anjir» jonli musiqa va shahar madaniyati festivali poytaxtning Do‘stlik bog‘ida bo‘lib o‘tadi. Dasturdan — open air (ochiq osmon) formatida o‘tadigan jonli ijrodagi konsertlar va raqs jamoalarining sahna chiqishlari, she’riyat tadbirlari, yoga bo‘yicha master-klasslar, ko‘rgazmalar o‘rin olgan.
Toshkentda do‘stiga G‘afur G‘ulom nomidagi bog‘da yangi attratsionlar sotib olish va o‘rnatish loyihasiga sarmoya kiritishni taklif qilgan shaxs berilgan 60 ming dollarni o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan. Holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Namangan viloyati Chust tumani hokimining chegara masalalari bo‘yicha yordamchisi va yana bir qancha shaxslar fuqaroga 5,3 gektar yerni ajratib berish evaziga 15 ming dollar talab qilganlikda gumonlanmoqda. Ular ushbu puldan 1500 dollar va 5,6 mln so‘mini olganida qo‘lga tushgan.
«O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi korxonasi «Hayraton — Mozori-Sharif» temir yo‘l liniyasini boshqarish huquqidan mahrum bo‘lishi mumkin. Afg‘onistonda operatsion shartnomalarni qayta ko‘rib chiqish hamda boshqaruvni hukumat xizmatlari ancha arzon bo‘lishini kutayotgan mahalliy kompaniyalarga topshirish rejalashtirilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev Toshkent aeroporti, Urganch aeroporti va Farg‘ona vodiysi viloyatlari uchun yagona aeroport fasadining konseptual ko‘rinishi bilan tanishdi.
Prezidentga Buxoro ayeroportida DXSH asosida yangi xalqaro yo‘lovchi terminalini qurish loyihasi taqdim etildi. Investitsiya hajmi 136 mln dollarni tashkil qilishi kutilmoqda. Loyihani 2022−2024 yillarda amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Qanday qilib o‘zbekistonliklar ongiga o‘nlab kanallari bor va 500 mlrd so‘mdan ko‘proq budjetga ega Milliy teleradiokompaniya emas, xorijiy mamlakat telekanallari ta’sir ko‘rsatadigan bo‘ldi? Komil Jalilov maqolasi.
O‘tgan yili Nukusda shifokorlar yangi tug‘ilgan chaqaloqni xato tufayli o‘lgan deb qayd etib, patologiya byurosiga berib yuborishgan. Patologo-anatomik chaqaloqning ko‘krak qafasini ochganida uni hali tirik ekanligini aniqlagan, biroq, unga birinchi yordamni ko‘rsatmasdan, shifokorlarga qaytarib bergan. Chaqaloq vafot etdi, uch kishiga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi sudga oshirildi.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi mutaxassisligi bo‘yicha 5 yillik mehnat tajribasiga ega ayollarni OTMlarga imtihonsiz, kontrakt asosida qabul qilish taklifini bildirdi. Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan hukumat qarori loyihasida tavsiyanoma 3 yilga berilishi, ularga alohida kvota ajratilishi va bunday abituriyentlar o‘rtasida alohida test sinovlari o‘tkazilishi belgilanmoqda.
Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq, ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibi belgilandi. Unga ko‘ra, undiruv qarzdorning mol-mulkiga emas, balki uning bankdagi hisobraqamiga qaratiladi. Qolaversa, 822 ming so‘mgacha bo‘lgan qarzdorlik ish haqi, stipendiya, pensiya yoki boshqa daromaddan undirilishi mumkin.
Qonunchilikka sud hujjatlarining majburiy ijrosiga aralashganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik kiritildi. MIB ishiga aralashish holati ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin ham sodir etilsa, 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Prezident farmoni bilan xususiy tibbiyot muassasalarining litsenziya olish tartibi soddalashtiriladi. Qolaversa, xorijlik shifokorlarga O‘zbekistonda faoliyatini amalga oshirish tasdiqnomasi uchun yig‘im 6 baravarga kamaytiriladi, 1 oyga kelgan shifokorlardan esa tasdiqnoma talab etilmaydi. Qolaversa, davolanish maqsadida kelgan xorijliklar turistik yig‘imdan ozod etiladi.
12 apreldan boshlab Toshkentdan Qozog‘iston shaharlariga avtobus qatnovlari tiklanadi. Transport vazirligi beshta shaharga reyslar jadvali va chiptalar narxlarini e’lon qildi.
Farg‘ona viloyati Olimpiya zaxiralari kolleji bosh hisobchisi 3 yil davomida 4,3 mlrd so‘mlik mablag‘larni asossiz ravishda o‘zlashtirganlikda gumon qilinmoqda. U o‘zlashtirilgan mablag‘larni internet orqali qimor o‘yinlariga tikib, sarflab yuborgan. Bosh hisobchiga nisbatan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Toshkentning Yunusobod tumani Markaz-5 dahasi aholisi quruvchi bilan kurashda yangi bino qurilishi ko‘zda tutilgan joydagi bolalar maydonchasi va yashil hududni himoya qilishga muvaffaq bo‘ldi. Mojaro vaqtida ayrim aholi vakillari va faollar jarohatlandi. Hodisa poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev aralashuvi bilan hal etildi.
O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida bir qator pulli yo‘llar, shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurish rejalashtirilmoqda. Xususiy kompaniyalar Toshkent va boshqa shaharlarning xalqaro aeroportlari va infratuzilmasini modernizatsiya qilishga ham jalb etiladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting