O‘zbekiston Rossiyaning BMT Inson huquqlari kengashidagi a’zoligini to‘xtatib turish bo‘yicha rezolyutsiyaga qarshi ovoz berdi. Mamlakatning BMTdagi doimiy vakili Baxtiyor Ibragimov bunday qarorlar «gumonlanayotgan inson huquqlari buzilishining puxta tergovi natijasiga» asoslangan bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Qozog‘iston va Qirg‘iziston delegatsiyalari vakillari ham shunga o‘xshash bayonotlar bilan chiqishdi. CNN Rossiya tashkilot a’zo-davlatlariga rezolyutsiyaga ovoz berish «oqibatlari» haqida ogohlantirib, nota jo‘natganligini ta’kidladi.
Ukrainaning Kramatorsk temir yo‘l vokzaliga tinch aholi vakillari evakuatsiya qilinishini kutayotgan vaqtda raketa hujumi uyushtirildi. 30 kishi halok bo‘ldi, 100 ga yaqin odam yaralandi. DXR zarbani Ukraina xavfsizlik kuchlari amalga oshirganini aytmoqda.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlari telefon orqali muloqot qildi. Sadir Japarov Shavkat Mirziyoyevning javob tashrifi bilan Qirg‘izistonga borishi strategik sheriklikni yanada mustahkamlashini ta’kidladi. Bundan tashqari, O‘zbekistonga ikkita maktab qurilishi va Bobur nomidagi O‘sh akademik teatri rekonstruksiyasi uchun minnatdorchilik bildirildi.
O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev qo‘shni mamlakatning muvaqqat hukumati tomonidan ko‘knori yetishtirishni taqiqlanishini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. U «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida bu qarorni Afg‘onistondagi giyohvandlik moddalari muammosini ildizi bilan yo‘q qilishdagi muhim qaror deb atadi. Bu esa mamlakat xalqaro terrorchilar panohiga aylanmasligiga aniq signal ekanligi ta’kidlandi.
24 fevral kuni Rossiyaning Ukraina hududida harbiy operatsiya boshlashi ortidan Rossiya va Belarus internet foydalanuvchilari orasida O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqish keskin ortib ketdi. Google`da 1000 rubl o‘zbek so‘mida qancha bo‘lishi, Moskvadan O‘zbekistongacha bo‘lgan biletlar, O‘zbekistonga kirish qoidalari va boshqa so‘rovlar keskin ortgan.
Dam olish kunlari havo harorati +35 darajagacha ko‘tariladi. Turkmanistondan zich bulut qatlamlari kirib kelishi evaziga ayrim hududlarda momaqaldiroq bo‘lishi va yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda.
Termizdagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazida gumanitar, pedagogika va muhandislik sohalari bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Unda 345 nafar afg‘onistonlik bepul tahsil olishi mumkin bo‘ladi. Yevropa Ittifoqi mazkur tashabbus uchun 1 mln yevro ajratdi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi o‘qishini chet eldan ko‘chirish istagida bo‘lgan talabalarning imtihonlarga tayyorlanishga yetarlicha vaqti bo‘lishi uchun davlat OTMlarga o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha o‘tish ballarini 4 oy oldin e’lon qildi. Joriy yilda 100 ming talabaning o‘qishini chet eldan ko‘chirishi kutilmoqda.
1 maydan boshlab pensiya va nafaqa pullarini bank kartalariga oladiganlar uchun 1% qo‘shimcha to‘lov to‘lab beriladi. Naqd pulda pensiya, nafaqa va moddiy yordam pullarini yetkazib berish xizmatlari uchun esa «Xalq banki»ga 1 foiz xizmat haqqi to‘lab beriladi. Bu mablag‘lar pensiya va nafaqa oluvchilar hisobidan emas, Pensiya jamg‘armasi va budjet pullaridan qoplanadi.
Shavkat Mirziyoyev «Yashil makon» dasturi ijrosi ahvoli qoniqtirmasligini aytib, «ayrim hududlarda ishlar nomigagina tashkil etilayotgani, ko‘zbo‘yamachilik davom etayotganidan» xabari borligini ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, ekilmagan 5 mln tup ko‘chatni hisobotda qo‘shib yozish holatlari ham uchrayapti. Qolaversa, terakning allergiya chaqirmaydigan navlarini ekishga ham ko‘rsatma berildi.
Tadbirkordan savdo nuqtasi uchun noqonuniy pul talab qilgan “Farhod dehqon bozori” direktori va uning xavfsizlik bo‘yicha o‘rinbosariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ular ushbu bozorga xizmat ko‘rsatuvchi bank kassiri orqali 3,4 mln so‘m olmoqchi bo‘lgan.
Qoraqalpog‘istondagi Sudoche ko‘lida yashovchi suv qushlari va yirtqich qushlar bahorgi o‘rganishlar chog‘ida ekologlar kamerasiga muhrlandi. Ekologiya davlat qo‘mitasi tomonidan «Sudoche-Akpetki» davlat qo‘riqxonasida yashovchi qushlar suratlari chop etildi.
Prezident qarori bilan «Ochiq budjet» portalida tashabbuskor budjet doirasidagi 139 ta loyihani moliyalashtirish uchun qo‘shimcha 85,4 mlrd so‘m yo‘naltirildi. Gap har biri 2000 dan ortiq ovoz olgan (jami 480 mingdan ortiq ovoz), lekin ovoz berish jarayonida g‘olib deb topilmagan loyihalar haqida bormoqda.
BMT Bosh Assambleyasi favqulodda maxsus sessiyasida Rossiyaning BMT Inson huquqlari kengashidagi a’zoligini to‘xtatdi. Ukraina va 50 dan ortiq boshqa davlatlar taklif qilgan rezolyutsiyani 93 davlat qo‘llab-quvvatladi. 58 davlat betaraf qoldi, 24 delegatsiya, jumladan O‘zbekiston qarshi chiqdi.
Orol dengizining koinotdan ko‘rinishi, Uzmetronom asoschisi ustidan arz qilgan Komil Allamjonov, salomatligi tufayli ishdan bo‘shatilgan energetika vaziri, Andijonda bojxona posti boshlig‘i va ikki xodimi hibsga olingani, yangi qurilayotgan sement-beton qoplamali yo‘llar sifatini nazorat qiladigan Bosh prokuratura va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 7 apreldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
1-iyuldan 38 turdagi davlat xizmatini tasdiqlash elektron imzo o‘rniga mobil telefon yordamida amalga oshiriladi. Shuningdek, 6 turdagi litsenziya olish uchun talablar, qolaversa, kommunal tashkilotlarning 32 turdagi hujjat va ma’lumotnomalarini talab qilish bekor qilinadi.
Toshkent hokimiyati ma’muriyati tashkil etilganiga 15 kun bo‘lgan «Profi event» kompaniyasiga Navro‘z saylini o‘tkazish uchun 1 milliard so‘mlik ishlarni tendersiz topshirdi. Unda kompaniya 3 kun davomida «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida bir qator xizmatlarni ko‘rsatishi belgilangan. Kelishuvga muvofiq, asosiy konstruksiyalar qurilishi aynan shartnoma imzolangan sanada tugatilishi kerak bo‘lgan.
Toshkentda Kosmonavtlar maydonini rekonstruksiya qilish ishlari deyarli yakunlanib qoldi. Bu yerdagi granit plitalar almashtirildi va yangi o‘simliklar ekildi. Biroq, san’at va arxitektura tarixchisi Boris Chuxovich «rekonstruktorlar mualliflarning asl badiiy g‘oyalariga yetarlicha e’tibor bermagan va yodgorlikning yaxlitligini buzgan», deb hisoblaydi. U shu kabi ishlarni qilishdan avval aholi va mutaxassislar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish zarurligini ta’kidladi.
Prezident joriy yilda viloyatlarda jami 2300 km, poytaxtda 250 km sement-beton qoplamali ichki yo‘llar barpo etilishini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, sement ishlab chiqarish hajmi shu yili 18 mln tonnaga yetkaziladi. Bosh prokuratura mazkur yo‘llar sifati ustidan qat’iy nazorat o‘rnatadi. Import qilinadigan sement-beton qoplamali yo‘l qurish texnikalari bojxona boji va utilizatsiya yig‘imidan ozod etiladi.
2019 yildan beri energetika vaziri sifatida ishlab kelayotgan Alisher Sultanov salomatligi tufayli boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting