Hukumat Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimidan foydalanishni tubdan yaxshilash bo‘yicha yo‘l xaritasini tasdiqladi. Ko‘llardagi ekologik vaziyat monitoringini o‘tkazish, ularga tashlanayotgan kollektor-drenaj suvlar sifatini o‘rganish, qirg‘oqlarda o‘rmonzorlar barpo etish belgilandi. Dekabrda bo‘lib o‘tgan Senat yig‘ilishida ko‘llar tizimidagi suv hajmi kamayib, ekologik muammolar ortib borayotgani qayd etilgan edi.
30-mart kunidan amal qiluvchi kurslarga ko‘ra, 25-fevraldan boshlab hisoblaganda rublning eng ko‘p mustahkamlanish holati kuzatildi. Iqtisodchi Otabek Bakirov rubl kursining mustahkamlanishi sabablarini keltirib o‘tdi. Rus iqtisodchisi Dmitriy Polevoyning fikriga ko‘ra, rubl kursi oldingi 70+ [bir dollar uchun rubl] darajasiga qaytishi mumkin. “Buning uchun hech qanday texnik to‘siqlar yo‘q”, — dedi u.
Rublning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 7,51 so‘mga ko‘tarilib, 136,08 so‘mni tashkil qildi. Shuningdek, yevro kursi ham yana ko‘tarildi. Dollar kursi esa 11 400,21 so‘mgacha arzonladi.
O‘zbekistonda strategik tarmoqlarning xususiylashtiriladigan ayrim aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarishda davlat ishtirokining maxsus huquqi — «oltin aksiya» bekor qilinmoqda. Qolaversa, endi unitar korxonada kuzatuv kengashi tashkil etilishi va u korxona boshqaruv organi bo‘lishi mumkin. Kengash a’zolarining vakolat muddati esa 3 yilgacha uzaytirildi.
Prezident farmoyishi bilan Buxoro viloyat sudi raisi o‘rinbosari — jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi «odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida qonuniylikni buzgani uchun» lavozimidan ozod qilinib, sudyalik vakolatlari muddatidan ilgari tugatildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar hamda Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining sudyalarining vakolatlari muddatidan ilgari tugatildi.
Samarqand davlat universitetining kechki bo‘limida tahsil olgan qiz o‘zini yotoqxonaning 9-qavatidan tashlab yubordi. OTM prorektori talabaning universitet o‘qituvchilari va talabalari bilan hech qanday nizoli vaziyati bo‘lmaganini ma’lum qildi.
Uzcard NFC texnologiyasi bo‘yicha kontaktsiz to‘lovni qo‘llab-quvvatlovchi yangi turdagi kartani taqdim etdi. Kompaniya ma’lum qilishicha, mijoz bankka murojaat qilgan vaqtdan mazkur kartani faollashtirishga qadar bo‘lgan muddat 5 daqiqani tashkil etadi. Ushbu kartalarning raqami ham odatdagidek 8600 dan emas, balki 5614 dan boshlanadi.
DTM rahbari Majit Karimov joriy yilgi test sinovlarini o‘tkazishdagi muhim o‘zgarishlarni sanab o‘tdi. Jumladan, uning so‘zlariga ko‘ra, bu yil 2 mln nafarga yaqin talabgor test sinovidan o‘tkazilishi prognoz qilinmoqda. Ayni paytda uchta viloyatda test sinovlarini yil davomida o‘tkazishga mo‘ljallangan binolar qurilmoqda. Shuningdek, u qoidalarni buzgan abituriyentlar 5−7 yilgacha testdan chetlatilishi mumkinligini ma’lum qildi.
Buxorodagi «Sitorai Mohi Xossa» tarixiy muzey-majmuasida tovus patini yulib olgan qizning onasiga bolalarni tarbiyalash borasidagi majburiyatlarni bajarmagani uchun bayonnoma tuzildi.
DXX Boyovut tumanida xorijiy korxona va mahalliy MJCH birgalikda quyon yetishtirish niqobi ostida noqonuniy mayning ferma tashkil etganini aniqladi. Buning oqibatida fermada 2020 yilning avgustidan beri 7,7 mln dollarga teng kriptovalyuta ishlab chiqarilgani, qolaversa, katta hajmdagi elektr energiyasi uchun past narxda to‘lov qilish orqali davlat manfaatiga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilgani aytilmoqda.
2022-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatiga boradigan 32 ta terma jamoaning 27 tasi ma’lum bo‘ldi. Yevropada saralash o‘yinlari finalida Portugaliya Shimoliy Makedoniyani, Polsha Shvetsiyani 2:0 ga yengib, mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Afrikada Jazoir Kamerunga yutqazib qo‘ydi. Saloh va Mane qarama-qarshiligidan so‘ng, Misr Qatarga bormaydigan bo‘ldi.
Tergov va surishtiruv vaqtida shaxsga nisbatan har qanday qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy muomala hamda jazo turlarini qo‘llash natijasida yetkazilgan zararni davlat to‘lab beradi. Fuqarolik kodeksiga bu borada tegishli qo‘shimcha kiritildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament, DXX va IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida firibgarlik yo‘li bilan yer sotmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olindi. Jumladan, Urgutda MTP rahbari 3,6 sotix yerni 40 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lib, 30,4 mln so‘mni kombaynchisi orqali olayotganda ushlandi.
Turkiyaning Cengiz Enerji kompaniyasi Toshkent viloyatida yangi issiqlik elektr stansiyasini ishga tushirdi hamda Sirdaryo viloyatida yana bir IES qurilishini boshladi. Turkiya va O‘zbekiston prezidentlari ramziy tugmani bosib, Qibray tumanidagi IESni ishga tushirdi va Xovos tumanidagi IES qurilishini boshlab berdilar.
O‘zbekiston va Turkiya prezidentlari ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar maqomini «keng qamrovli strategik sheriklik» bosqichiga ko‘tarishga kelishib oldi. Muzokaralar yakunida 10 ta hujjat, shu jumladan, imtiyozli savdo, mudofaa sohasida hamkorlik va mahkumlarni topshirish to‘g‘risidagi bitimlar imzolandi. Shuningdek, Rejep Tayyip Erdog‘an Shavkat Mirziyoyevni Turkiyaga taklif qildi (foto).
Markaziy bank rahbari o‘rinbosari Behzod Hamrayev dunyoda ro‘y berayotgan so‘nggi voqealar O‘zbekiston iqtisodiyotiga uchta kanal: valyuta kursi, inflyatsiya va moliyaviy barqarorlik orqali salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi. U valyuta kursi va narxlarni barqarorlashtirish maqsadida regulyator qanday chora-tadbirlar ko‘rayotgani xususida ma’lumot berdi. Bundan tashqari, Markaziy bank YAIM o‘sishi, inflyatsiya va investitsiyalar oqimi bo‘yicha prognozlarini qayta ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqda.
O‘zbekiston terma jamoasi «Navruz Cup-2022» finalida Uganda terma jamoasini 4:2 hisobida yengib, musobaqa g‘olibi bo‘ldi. Eldor Shomurodov o‘yinda xet-trikka erishdi. Yana bir golga Jaloliddin Masharipov mualliflik qildi. Musobaqada 3-o‘rin Tojikiston MTJga nasib etdi.
Toshkentda mozaikalarni saqlab qolish uchun maxsus material bilan qoplanayotganini aytgan poytaxt hokimligi, xorijda davolanayotgan Abdulaziz Kamilov, qizini ayiq qafasiga tashlagan ayolning ishi sudga oshirilgani, Bosh prokuratura ishda vafot etgan xodimi uchun to‘laydigan 951 mln so‘m nafaqa puli, iqtisodiyotga davlat qarzi yuki o‘sgani, Turkiya prezidentining Toshkentga tashrifi va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 29 martdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an rafiqasi bilan birga Toshkentga keldi. Toshkent xalqaro aeroportida ularni Shavkat Mirziyoyev va uning rafiqasi kutib oldi. Turkiya yetakchisi O‘zbekiston prezidenti hamrohligida «Yangi O‘zbekiston» bog‘iga tashrif buyurdi.
Istanbulda Rossiya va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasida navbatdagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Ukraina xalqaro xavfsizlik kafolatlari masalasida o‘z takliflarini taqdim etdi. Unga ko‘ra, Rossiya Ukrainani Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishiga qarshilik qilmaydi, mamlakat xavfsizligi BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari tomonidan kafolatlanadi. Ayni vaqtda Kiyev harbiy ittifoqlarga qo‘shilishdan bosh tortishga va’da berdi. Rossiya esa Kiyev va Chernigov yo‘nalishlarida harbiy faollik keskin qisqartirilishini ma’lum qildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting