Payshanba kungi videoselektorda prezident viloyat hokimlariga vatanga qaytgan mehnat migrantlarini qurilish ishlariga jalb qilish bo‘yicha topshiriq berdi. Ularga asbob-uskunalar xarid qilish uchun subsidiya ham ajratiladi. Qolaversa, Sirdaryo viloyati hokimi o‘z hududida qariyb 2 ming, Namangan viloyati hokimi esa 17 ming migrant qaytib kelganini ma’lum qildi.
Urganchda chorrahaga o‘rnatilgan reklama monitorida pornografik mazmundagi videolavha namoyish qilindi. Dastlabki tezkor-surishtiruv ishlarida uni monitorga egalik qiluvchi xususiy firma ishchisi «ehtiyotsizlik oqibatida» monitor xotirasiga yuklagani ma’lum bo‘ldi.
Bektemir tumanida taqiqda bo‘lgan 2 gektar yerni 800 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxs oldindan 80 ming dollarni olgan vaqtida ushlandi. Uning taqiqni tegishli organlar orqali yechishi va qurilish uchun hujjatlarni rasmiylashtirib berishiga ishontirgani aytilmoqda. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
YeTTB Ukrainadagi urush Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatishini prognoz qilmoqda. Bankning mintaqa mamlakatlari bo‘yicha qayta ko‘rib chiqilgan prognozlariga ko‘ra, 2022 yilda O‘zbekiston YAIM 6 foizga emas, 4 foizga o‘sishi kutilmoqda. Rossiya iqtisodiyotida yuzaga keladigan turg‘unlikning mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotiga ta’siri 2023 yilda ham saqlanib qoladi.
O‘zbekiston iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash va tashqi xatarlarni yumshatish choralari, YPX xodimini suratga olishga qarshiligini aytgan Svetlana Artikova, Ramazon oyining boshlanishi, Urganchda quriladigan Al-Xorazmiy shaharchasi, valyuta bozorida keskin tebranishlarning oldini olish uchun zaxiralar yetarli ekanini ta’kidlagan Shavkat Mirziyoyev, tibbiyot xodimlarining hijob kiyishi bo‘yicha taqiq olib tashlangani va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 31 martdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi ma’lumotiga ko‘ra, Ramazon oyining boshlanishi 2 aprel kuniga to‘g‘ri keladi. Prezident muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.
O‘zgidromet tomonidan Kogon tumanida kuchli shamol va yog‘ingarchilikni prognoz qilishda ko‘maklashuvchi meteolokator o‘rnatildi. U 200 km radiusda mavjud va kutilayotgan ob-havo xodisalari to‘g‘risida, jumladan bulutlar oqimi, shamol tezligi va yo‘nalishi, yog‘inlar miqdori va turi, uning davomiyligi haqida ma’lumot beradi.
Toshkentda iliq kunlar boshlangani munosabati bilan 1 apreldan issiqlik ta’minoti o‘chiriladi.
Prezident budjet xarajatlarini 10 trln so‘mga qisqartirish zarurligini ta’kidladi. Shunga ko‘ra, yil yakuniga qadar barcha hokimlik, vazirlik va idoralarga bino ta’mirlash, avtomobil, mebel, ofis anjomlari xarid qilish taqiqlandi. Qolaversa, ular moliyaviy manbasi aniq bo‘lmagan qurilishlarni boshlamasligi kerak.
Prezident jahondagi nobarqaror vaziyatda O‘zbekiston iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash va tashqi xatarlarni yumshatish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Jumladan, ayrim oziq-ovqat mahsulotlari importiga aksiz solig‘i va bojxona bojlari qayta ko‘rib chiqiladi, tadbirkorlarga 10 trln so‘m «revolver» kreditlar beriladi. Yil yakunigacha Rossiya, Ukraina va Belarus bilan ishlayotganlarning debitor qarzdorligi uchun jarima va penya qo‘llanilmaydi.
Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki O‘zbekiston bilan «Buxoro — Miskin — Urganch — Xiva» temir yo‘l liniyasini elektrlashtirishga qaratilgan 108 mln dollarlik kredit shartnomasini imzoladi.
Shavkat Mirziyoyev Jizzax, Samarqand hamda Toshkent shahrida zaxiralar o‘z vaqtida tarqatilmagani sababli, shakar narxi keskin oshganini tanqid qildi. «Ushbu hududlarning hokimlari va prokurorlari qayoqqa qaragan?», — dedi u. Ta’kidlanishicha, Ramazon oyida narxlarning barqarorligini ta’minlash uchun tadbirkorlarga amaliy yordam ko‘rsatiladi.
Prezident videoselektor yig‘ilishida valyuta bozori barqarorlashgani, birjada rubl va yuan bo‘yicha savdolar boshlanganini aytdi. «Valyuta bozorida keskin tebranishlarning oldini olish uchun zaxiralarimiz yetarli», — dedi Shavkat Mirziyoyev. Ta’kidlanishicha, ekspertlar jahondagi hozirgi murakkab vaziyat uzoq davom etishini prognoz qilmoqda. Shundan kelib chiqib, bosh vazir boshchiligida Respublika shtabi tuziladi.
“Guliston neft bazasi"da 24,7 mlrd so‘mlik debitor qarzdorlikning 9 mlrd so‘mi “umidsiz” qarzdorlikka aylangani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, jamiyatda 3,2 mlrd so‘mlik kamomad hamda 2,7 mlrd so‘mlik manfaatlar to‘qnashuvi holatlari ham aniqlandi.
2020 yildan beri Professional futbol ligasi bosh direktori vazifasini bajaruvchi bo‘lib ishlab kelayotgan Diyor Imomxo‘jayev 4 yil muddatga tashkilotga bosh direktor etib saylandi.
Mehnat vaziri Nozim Xusanov mamlakat yutug‘ining 50 foizi bolalar va majburiy mehnatga chek qo‘yishga erishilganida bo‘lsa, qolgan 50 foizi uni saqlab qolishga bog‘liqligini aytdi. Senat raisi Tanzila Narbayeva esa “odamlar yaratilgan sharoitlar, mehnatga haq to‘lash, ijtimoiy himoya tizimidan qoniqishi kerakligini” ta’kidladi. Bunga erishish uchun O‘zbekiston xalqaro Better Work dasturidan foydalanishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, ayrim sohalar bosqichma-bosqich 5 kunlik ish haftasiga o‘tkazilishi ham mumkin.
Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Artikova ham yo‘lovchi, ham «pogonli shaxs» sifatida YPX xodimlarini xizmat vaqtida tasvirga olishga qarshi ekanini ma’lum qildi.
Milliy olimpiya qo‘mitasi tarkibida sportchilar manfaatlarini himoya qilish maqsadida Atletlar komissiyasi tuzildi. Unga 7 nafar sportchi kirdi. Dmitriy Shokin komissiyaga rahbar etib tasdiqlandi, Oksana Chusovitina va Bekzod Abdurahmonov esa uning o‘rinbosarlari bo‘ldi.
Sog‘liqni saqlash vaziri buyrug‘i bilan tibbiyot xodimlariga hijob va boshqa diniy kiyim-boshlarda yurishga taqiq olib tashlandi.
Korrupsion sxemalarning davlat, jamiyat va tadbirkorlikka yetkazadigan zarari mamlakat rivojlanishiga to‘siq bo‘ladi. TDYUU «Biznes huquqi» kafedrasi mudiri Xusain Radjapov davlat xaridlarida uchrashi mumkin bo‘lgan korrupsion sxemalarni tahlil qildi va ushbu qoidabuzarliklarga qarshi kurash samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar bildirdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting