Seshanba kuni O‘zbekistonda 138 kishining koronavirusga topshirgan PZR-testi musbat natijani qayd etdi. Bu 5 yanvardan beri kuzatilgan eng past ko‘rsatkich.
OTB O‘zbekistonda avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish va yangilash uchun 273,8 mln dollar kredit ajratishni ma’qulladi. Mablag‘lar Surxondaryodagi Darband — Denov yo‘lining 106 kmni yangilash, SARES-2 koridoriga kiruvchi G‘uzor — Buxoro — Nukus — Beyneu yo‘lining 87 kmni rekonstruksiya qilishga sarflanadi. Qolaversa, bank tadbirkor ayollar uchun 150 ming dollarlik grant ham beradi.
Tojikistonning Xo‘jand shahridan Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahriga avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Xo‘janddan avtobus ertalab soat 8:00 da yo‘lga chiqadi, soat 17:00 da esa Qo‘qondan harakatlanadi. Qatnov dushanbadan tashqari har kuni amalga oshiriladi.
«O‘zavtosanoat» AJ kompaniyasi boshqaruv raisi Shavkat Umurzoqov endi O‘zbekiston gimnastika federatsiyasiga ham rahbarlik qiladi. U federatsiya yig‘ilishida o‘zbek gimnastikasi eski an’analarini qayta tiklashini ma’lum qildi.
Rossiya DXR va LXR mustaqilligini tan oldi. Jahon hamjamiyatining bunga munosabati hamda DXR va LXRning tan olinishi ortidan Rossiyaga qarshi qo‘llanilayotgan sanksiyalar — «Gazeta.uz»ning jahon yangiliklari dayjestida.
Davlatga 1,7 mlrd so‘m zarar yetkazganlikda ayblanayotgan Andijon shahri hokimi Bahrom Haydarov, Qozog‘istondagi mitinglar sabab hibsga olingan 14 nafar o‘zbekistonlik, Qozog‘istonga nota yuborgan O‘zbekiston, martda Pokistonga borishi kutilayotgan Shavkat Mirziyoyev, vakolatxonasi ochilgan Global yashil o‘sish instituti va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 22 fevraldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
O‘zbekistonning Nur-Sultondagi elchixonasi yanvar oyidagi tartibsizliklardan keyin O‘zbekiston fuqarolarining hibsga olinishi munosabati bilan Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligiga nota yubordi.
Yanvar oyida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi hajmi 3,49 mlrd dollarni (import — 2,09 mlrd, eksport — 1,399 mlrd dollar) tashkil etdi. Bunda oltin eksporti asosiy rolni o‘ynadi va 586,6 mln dollar hajmida sotildi. 2021 yilning yanvarida oltin eksport qilinmagan edi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev mart oyida Pokistonga tashrif buyurishi kutilmoqda. Pokiston bosh vazirining maslahatchisi Abdul Razoq Dovudning so‘zlariga ko‘ra, tashrif chog‘ida ikki davlat o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi kelishuv imzolanadi. Qolaversa, martdan Lahordan Toshkentga muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish reja qilingan.
Qonunchilik palatasi tomonidan migrantlarga oid yangi qonun ma’qullandi. Unda tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilangan. Qonunda shuningdek, mehnat migrantlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda xorijdan qaytganlarning reintegratsiyasi ko‘zda tutilgan.
Alisher Usmonovning singlisi Saodat Narziyevaning Shveysariyaning Credit Suisse bankidagi hisobraqamlarida 2004 yildan beri 5,8 mlrd dollardan ko‘proq mablag‘lar bo‘lganligi to‘g‘risida tarqatilgan xabarlar haqiqatga mos kelmaydi, deb xabar bermoqda tadbirkorning matbuot xizmati.
23−25 fevral kunlari Qashqadaryo, Jizzax, Surxondaryo va Samarqand viloyatlarining ayrim xududlarida sel kelishi xavfi e’lon qilindi. O‘zgidromet fuqarolardan ehtiyot choralarini ko‘rishni so‘ramoqda.
Qozog‘istonda ro‘y bergan ommaviy tartibsizliklar sabab hibsga olinganlarning 18 nafarini xorij fuqarolari, shu jumladan 14 nafarini o‘zbekistonlik tashkil etmoqda, deb xabar berdi Qozog‘iston ombudsmani.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 18,27 so‘mga pasayib, 10 869,80 so‘mni tashkil qildi. Shuningdek, yevro va rubl kurslari ham pasaydi.
Aviareys yo‘lovchilarini chalg‘itish bilan bog‘liq yana bir holat Qarshida sodir bo‘ldi. Moskvaga uchish uchun aeroportga 150 ga yaqin odam yetib keldi, biroq, uchib ketish joyi Navoiy bo‘lib chiqdi. Yo‘lovchilar jo‘nab ketish joyigacha taksida o‘z hisobidan borishiga to‘g‘ri keldi. Chiptalar onlayn xarid qilingandi.
O‘zbekistonda Global yashil o‘sish institutining vakolatxonasi ochildi. Institut Davlat ekologiya qo‘mitasi bilan birgalikda umumiy qiymati 5,65 mln dollarlik Orolbo‘yi mintaqasining yashil tiklanishini moliyalashtirishga qaratilgan loyihani amalga oshirishni boshlab yubordi.
Qozog‘iston prezidenti «harbiy-siyosiy va sanksiya qarama-qarshiligi natijasida xalqaro vaziyatning muqarrar yomonlashuvining salbiy oqibatlari»ga tezkorlik bilan ta’sir choralarini ko‘rish uchun inqirozga qarshi rejani ishlab chiqishni topshirdi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning o‘zini o‘zi respublika deb e’lon qilgan DXR va LXRlarni tan olish haqidagi farmoni ortidan jahon bozorlari «quladi». Moskva birjasi 2008 yilning noyabridan beri eng shiddatli pastlashni boshdan kechirdi.
Prezident qarori bilan Bosh prokuratura tarkibida Yer resurslari talon-toroj qilinishining oldini olish boshqarmasi, IIV Tezkor-qidiruv departamentida esa Yer resurslari talon-toroj qilinishiga qarshi kurashish bo‘limi tashkil etildi. Yer ajratish to‘g‘risidagi barcha qarorlar xatlovdan o‘tkaziladi.
Yanvar oyida respublika bo‘yicha 69 198 nafar chaqaloq tug‘ildi, bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb 7 mingtaga ko‘p. Chaqaloqlarning yarmidan ko‘pini o‘g‘il bolalar tashkil etmoqda. Eng ko‘p tug‘ilishlar soni bo‘yicha Samarqand viloyati yetakchilik qilmoqda, eng kam tug‘ilish esa Sirdaryo viloyatida qayd etilgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting